• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON-2030” STRATEGIYASI VA MIGRATSIYA MASALALARI YUZASIDAN XORIJIY EKSPERTLAR BILAN UCHRASHUV

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Shvetsiya va Daniya migratsiya idoralari yetakchi ekspertlari – Shvetsiyaning Migratsiya agentligining katta tahlilchisi Emma Simichich hamda Daniyaning Immigratsiya xizmati katta maslahatchisi Aleks Xemmingsen bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda xorijiy ekspertlar “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan tashqi mehnat migratsiyasiga oid ustuvor yoʻnalish va maqsadlar, ushbu sohadagi mobillik va institutsional rivojlanish boʻyicha yondashuvlar yuzasidan batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Shu bilan birga, nomarkazlashtirish jarayonlari, mahalliy boshqaruv tizimini mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonning zamonaviy islohotlar kun tartibining muhim elementiga aylangan xalq bilan muloqot tamoyilini amalga oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni mustahkamlash va migratsiya kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashishni davom ettirishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati