• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MTRK JAMOASIGA YANGILANGAN “OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI TAQDIMOT QILINDI

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 21-son Farmoni yuzasidan oʻquv-seminar oʻtkazildi.

Oʻquv-seminarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, tizimdagi barcha korxona-muassasalar direktorlari, direktor oʻrinbosarlari hamda hududiy teleradiokanallar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish jarayonini samarali yoritish, uning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda aholiga mazmun-mohiyatini keng yetkazishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur oʻquv-seminar OAV vakillarining bu boradagi bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlashga qaratildi.

Gibrid formatda oʻtkazilgan tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Jamshid Sharipov teleradiokompaniya jamoasiga yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlari boʻyicha taqdimot qildi.

Taʼkidlandiki, Strategiyadan 5 ta ustuvor yoʻnalish doirasida 100 ta maqsad va ularga erishish boʻyicha 437 ta samaradorlik koʻrsatkichi oʻrin olgan boʻlib, mazkur hujjat mamlakatimizning oʻrta muddatga moʻljallangan taraqqiyot yoʻlini belgilaydi.

Shundan kelib chiqqan holda, taqdimotda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan islohotlar mazmun-mohiyati batafsil yoritib berildi. Jumladan, taʼlim tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda davlat xizmatlari sifatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, inson kapitali rivoji, aholi farovonligini yuksaltirish va ijtimoiy sohalarda adolatli hamda samarali tizimni shakllantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ahamiyatiga toʻxtalib oʻtildi.

Oʻquv-seminar davomida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, jamiyat bilan muloqotni kuchaytirish hamda qarorlar qabul qilishda natijadorlikka eʼtibor qaratish kabi masalalar muhokama qilindi. Oʻz navbatida, islohotlarni amaliyotga samarali tatbiq etishda idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va masʼuliyatni oshirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda ishtirokchilar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyaning mazmun-mohiyati, shu bilan birga, islohotlarning ijrosini taʼminlash, ularning natijadorligini oshirish yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati