• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“YASHIL” KELAJAK SARI – “OʻZBEKISTON FUQAROLARINI TINGLAB” TADQIQOTI NATIJALARI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 30-aprel kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Jahon banki hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” (L2CU) tadqiqoti natijalari: “Yashil va energiya tejamkor kelajak sari yoʻllar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat idoralari va vazirliklar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, tahliliy markazlar, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbati avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar natijalariga toʻxtaldi.

Xususan, soʻnggi yillarda energetika sohasiga 35 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilingani, 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgani va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshgani taʼkidlandi. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 30 foizga yetkazilgani mamlakatning “yashil” transformatsiyasida muhim qadam boʻlib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, yangilangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida ham iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Jumladan, Strategiyada, iqtisodiyotni “yashil” transformatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish koʻzda tutilgan. 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami generatsiyadagi ulushini 54 foizga, ularning umumiy quvvatini esa 25 ming megavattga yetkazish maqsad qilingan.

Bu nafaqat energetika sohasini modernizatsiya qilish, balki sanoat, transport, kommunal xoʻjalik va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida yangi texnologik standartlarni joriy etishni ham anglatadi. Boshqacha aytganda, “yashil” energiya endilikda faqat atrof-muhit masalasi emas, balki iqtisodiy xavfsizlik, investitsiyaviy jozibadorlik va aholi farovonligi masalasiga aylanmoqda.

Tadbir davomida Jahon banki hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” (L2CU) tadqiqotining natijalari taqdim etildi.

Tadqiqot natijalari fuqarolar orasida energiya tejamkor texnologiyalarga oʻtishga qiziqish ortib borayotganini koʻrsatmoqda. Bu esa “yashil” iqtisodiyotga oʻtish nafaqat global trend, balki aholining real ehtiyojiga aylanayotganini anglatadi.

Davra suhbati doirasida, shuningdek:

— Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning umumiy tendensiyalari;

—havo ifloslanishiga nisbatan aholi munosabati va jamoatchilikning bu boradagi fikrlari;

— energiya samaradorligini oshirish boʻyicha davlat tashabbuslari;

— uy xoʻjaliklarining energiya tejamkorlikka tayyorgarlik darajasi kabi masalalar muhokama qilindi.

L2CU soʻrovi natijalari Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat ijobiy yoʻnalishda rivojlanayotganini koʻrsatmoqda. Fuqarolarning iqtisodiy va mehnat bozori sharoitlari haqidagi kayfiyati ijobiyligicha qolmoqda. Jumladan, respondentlarning 92 foizi mamlakatning iqtisodiy holatiga nisbatan optimistik fikr bildirgan, shuningdek, bandlik sharoitlari va biznes muhiti yuzasidan ham umumiy baholar ijobiy boʻlgan. Inflyatsiya surʼatlari pasaygan boʻlib, umumiy isteʼmol narxlari indeksi yillik hisobda 2025-yil mart oyidagi 10,3 foizdan 2026-yil mart oyida 7,1 foizga tushgan. Kambagʻal aholi orasida oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar tarixiy jihatdan past darajada saqlanmoqda, ogʻir sharoitlarga moslashishning keskin choralaridan foydalanish holatlari esa hamon kamligicha qolmoqda.

Energiya samaradorligi masalasida soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, koʻproq uy xoʻjaliklari uni kommunal toʻlovlarni kamaytirishning muhim yoʻli sifatida koʻrmoqda. Biroq moliyaviy toʻsiqlar hamon asosiy muammo boʻlib qolmoqda — uy xoʻjaliklarining 61 foizi qoʻshimcha investitsiya kiritmaslikning asosiy sababi sifatida arzon va qulay moliyalashtirish imkoniyatlari yetishmasligini koʻrsatgan.

Quvonarlisi, soʻrov natijalari maqsadli subsidiyalar hamda energiya narxlari boʻyicha innovatsion axborot va targʻibot yondashuvlari uy xoʻjaliklarining uy-joyni issiqlik izolyatsiyasi bilan taʼminlash, energiya tejamkor maishiy texnika, quyosh panellari va boshqa shu kabi yangilashlarga investitsiya kiritishga tayyorligini sezilarli darajada oshirishini koʻrsatmoqda. Bu esa davlat tomonidan ishlab chiqilgan qoʻllab-quvvatlash dasturlarining yuqori salohiyatga ega ekanini anglatadi.

Havoning ifloslanishi masalasiga kelsak, uy xoʻjaliklarining qariyb toʻrtdan uch qismi uni salomatlik uchun jiddiy xavf deb hisoblaydi. Shu bilan birga, davlat aralashuvini qoʻllab-quvvatlash darajasi yuqori: uy xoʻjaliklarining 90 foizdan ortigʻi ifloslantiruvchi texnologiyalarni modernizatsiya qilish uchun ragʻbatlantirish choralarini hamda barqaror investitsiyalardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashni qoʻllab-quvvatlaydi, 80 foizdan ortigʻi esa shaxsan amaliy harakat qilishga tayyorligini bildirgan. Ushbu natijalar maqsadli siyosiy choralar va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlariga nisbatan jamoatchilik tomonidan aniq talab mavjudligini koʻrsatadi.

Tadbirning asosiy panel muhokamasiga “Havo ifloslanishi va energiya samarasizligiga qarshi kurashish — Oʻzbekistonda hayot sifatini yaxshilash yoʻllari” mavzusiga bagʻishlandi. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, sohadagi mavjud muammolar va amaliy yechimlar yuzasidan fikr almashdilar.

Muhokamalar davomida yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonida quyidagi yoʻnalishlar muhim ekanligi taʼkidlandi:

— energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish;

— aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirish;

— jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish;

—davlat siyosatini dalillarga asoslangan tahlillar bilan qoʻllab-quvvatlash.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar mamlakatda “yashil” rivojlanishni yanada jadallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va aholi farovonligini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati