• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

RENESSANS TAʼLIM UNIVERSITETI TALABALARI BILAN OCHIQ MULOQOT OʻTKAZILDI

Joriy yilning 30-aprel kuni Renessans taʼlim universitetida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirokida “Yoshlarga oid davlat siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalar qatnashdi.

Muloqot avvalida Renessans taʼlim universiteti rektori Shohruh Nuraliyev mamlakatda amalga oshirilayotgan strategiya va islohotlar davlat taraqqiyotining barcha yoʻnalishlarini qamrab olayotganini taʼkidlab, ushbu jarayonlarda yoshlarning faol ishtiroki va ularning tashabbuskorligi alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Uchrashuv davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov talabalarga mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati, shuningdek taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va ularning amaliy natijalari haqida maʼlumot taqdim etdi.

Shuningdek, Markaz rahbari yangilangan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan eng muhim maqsad va samaradorlik koʻrsatkichlariga alohida toʻxtalib oʻtdi. Taʼkidlanganidek, Strategiyada yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga oʻqitish tizimini yaratish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish, shuningdek, yoshlar oʻrtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish kabi maqsadlar muhim oʻrin tutadi. Mazkur maqsadlar doirasida oʻnlab samaradorlik koʻrsatkichlari, xususan:

  • “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni bepul (onlayn) oʻrganuvchi yoshlar sonini 7 million nafarga, sunʼiy intellekt orqali zamonaviy kasblar va fanlarni oʻrganuvchi yoshlar sonini esa 3 million nafarga yetkazish;
  • har yili 500 nafargacha isteʼdodli yoshlar va iqtidorli mutaxassislarni Top-100 va Top-300 talik roʻyxatga (QS, TNE) kiradigan xorijning nufuzli oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqishini tashkil etish;
  • yoshlarning ishsizlik darajasini 8 foizgacha tushirish;
  • 400 ming nafar yoshlarning bandligini taʼminlash;
  • har yili 50 ming nafar maktab oʻquvchilarini xalqaro IT bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasblarga oʻrgatish;
  • IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan taʼminlash kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Samimiy va ochiq ruhda, qizgʻin muhokamalar hamda mazmunli savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan uchrashuv davomida talabalarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusidagi rejalar haqidagi xabardorligi yanada oshdi.

Mazkur muloqot yoshlarning fikr va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni islohotlar jarayoniga yanada faol jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati