• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SIRDARYO VILOYATIDA NNTLAR ISHTIROKIDA OCHIQ MULOQOT TASHKIL ETILDI

Sirdaryo viloyatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2026-yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 18–21-may kunlari tashkil etilayotgan mazkur tadbirlardan asosiy maqsad – strategiya va davlat dasturlarida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni aholiga keng tushuntirish, joylardagi ijro jarayonlarini oʻrganish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining bu boradagi ishtirokini kuchaytirishdan iborat.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 83-maqsadida erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada kengaytirish, Oʻzbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha xabga aylantirish boʻyicha vazifalar belgilangan.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan hududlarda jamoatchilik monitoringi va ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda. Xususan, 18-may kuni Sirdaryo viloyati Nodavlat notijorat tashkilotlar uyida markaz ekspertlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Sirdaryo viloyati hokimligi, viloyat adliya boshqarmasi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, nodavlat notijorat tashkilotlarining islohotlarni amalga oshirishdagi oʻrni va ahamiyati, shuningdek, ularni jamoatchilik monitoringi jarayonlariga keng jalb etish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarni davlat dasturlari ijrosi jarayonlariga faol jalb qilish orqali bu sohada ishtirok etuvchi tashkilotlar sonini bosqichma-bosqich oshirish, ularning tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligini kuchaytirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, ishtirokchilarga strategik rejalashtirish hujjatlari, NNTlarning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni, hamkorlik mexanizmlari hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish boʻyicha tushunchalar berildi. Tadbir ochiq muloqot, amaliy takliflar va fikr almashinuvlarga boy tarzda oʻtdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati