• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SHANXAYNING YETAKCHI ILMIY-TEXNOLOGIK VA TIBBIY MUASSASALARIGA TANISHUV TASHRIFLARI AMALGA OSHIRILDI

O‘zbekiston delegatsiyasining Shanxay shahriga tashrifi doirasida “Midea” korporatsiyasining asosiy ilmiy-texnologik va ishlab chiqarish markazlaridan biri hisoblangan Global innovatsiyalar parkiga tashrif amalga oshirildi.

Park faoliyati bilan tanishuv davomida delegatsiya a’zolariga kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ishlab chiqarish salohiyati, innovatsion ishlanmalari, shuningdek maishiy texnika, iqlim jihozlari, ventilyatsiya va konditsionerlash tizimlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ayniqsa, ishlab chiqarish jarayonlarining turli bosqichlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy avtomatlashtirilgan liniyalar, robotlashtirilgan majmualar hamda sun’iy intellekt asosidagi ilg‘or yechimlar namoyishi delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Kompaniya vakillari delegatsiyani “aqlli” ishlab chiqarish, raqamli boshqaruv va mahsulotlarning energiya samaradorligini oshirish sohalarida joriy etilayotgan innovatsion texnologiyalar bilan ham tanishtirdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi sun’iy intellekt sohasidagi yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha Xitoyning yetakchi ilmiy-texnologik platformalaridan biri hisoblangan Shanxay sun’iy intellekt ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga institutning tashkil etilish tarixi, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, institutning mamlakatda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

Institut mutaxassislari delegatsiyani sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data), mashinali o‘qitish va intellektual boshqaruv tizimlari sohasidagi ilg‘or ishlanmalar hamda texnologik yechimlar bilan tanishtirdilar. Mazkur texnologiyalarning sanoat, sog‘liqni saqlash, transport, shahar boshqaruvi, ta’lim va jamoat xavfsizligi sohalaridagi amaliy qo‘llanilishi namoyish etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari modda almashinuvi bilan bog‘liq kasalliklarni tashxislash, profilaktika qilish va davolash sohasida ilmiy-tadqiqot hamda klinik faoliyat yurituvchi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalaridan biri bo‘lgan Metabolik kasalliklar tadqiqotlari markaziga tashrif buyurdilar.

Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolariga markazning tashkil topish tarixi, rivojlanish bosqichlari hamda ilmiy va tibbiy faoliyatining zamonaviy yo‘nalishlari haqida ma’lumot taqdim etildi. Ayniqsa, qandli diabet, semirish va boshqa surunkali yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va davolashga qaratilgan kompleks yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.

Markaz mutaxassislari delegatsiyani zamonaviy tashxis va davolash usullari, shuningdek tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimiga ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish tajribasi bilan tanishtirdilar. Muassasada davolash jarayoni samaradorligini oshirish va tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida raqamli yechimlar hamda innovatsion yondashuvlardan keng foydalanilayotgani ta’kidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati