• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JIZZAXDA “OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI IJROSI VA JAMOATCHILIK NAZORATI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 15-18-iyun kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish, shuningdek, ularning mazmun-mohiyati va vazifalarini aholiga yetkazish maqsadida Jizzax viloyatida monitoring tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Jizzax viloyati hokimligi bilan hamkorlikda hududiy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida oʻtkazilib, unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy maqsadlari, ustuvor vazifalari va uni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan maʼlumot berdi.

Uchrashuvda Strategiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim strategik hujjat ekani, unda belgilangan har bir maqsad va vazifaning ijrosi aniq natijalarga yoʻnaltirilgani taʼkidlandi.

Alohida qayd etilganidek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini takomillashtirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining masʼuliyati hamda javobgarligini yanada aniq belgilash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratildi. Har bir maqsad boʻyicha masʼul davlat organlari, rahbarlar va ijro mexanizmlarining aniqlashtirilishi Strategiyaning amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, har bir belgilangan maqsad boʻyicha aniq natija, uning aholi hayotiga taʼsiri va hududlardagi real oʻzgarishlar asosiy mezon boʻlishi lozim.

Shu maʼnoda, rahbarlarning shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish, ijroni muntazam tahlil qilib borish, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi.

Strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish mamlakat miqyosida turli tarmoq va sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning umumiy yigʻindisi bilan belgilanadi. Biroq bu jarayonda hududlardagi islohotlarning natijadorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Chunki islohotlarning haqiqiy samarasi, avvalo, viloyat, tuman, shahar va mahalla darajasida, odamlarning kundalik hayotida namoyon boʻladi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, bandlik, tadbirkorlik, infratuzilma, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya va boshqa sohalardagi oʻzgarishlar har bir hududda birdek sezilmas ekan, umummilliy maqsadlarga toʻliq erishish qiyin boʻladi.

Shu bois hududiy tashkilotlar rahbarlari Strategiya vazifalarini faqat yuqoridan tushirilgan topshiriq sifatida emas, balki hudud taraqqiyoti va aholi farovonligi uchun shaxsiy masʼuliyat sifatida qabul qilishi zarur.

Har bir rahbar oʻz yoʻnalishidagi maqsadlarni chuqur anglashi, ularni hududning aniq ehtiyojlari bilan bogʻlashi, mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilishi va natijaga erishish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishi lozim.

Shuningdek, Strategiyaning har bir maqsadi hududiy dasturlar, tarmoq rejalari va aniq chora-tadbirlar bilan uygʻunlashtirilishi, ijro holati esa xolis va tanqidiy asosda muntazam muhokama qilib borilishi lozimligi taʼkidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati