• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

GʻALLAOROLDA MAHALLA FAOLLARI BILAN “OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI YUZASIDAN MULOQOT OʻTKAZILDI

Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida mahalla raislari va faollari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etib, yangilangan “Oʻzbekiston — 2030 strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy maqsad va ustuvor vazifalari haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuv davomida mazkur strategik hujjatning mamlakatimiz taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyati, uni yangilash zaruratini yuzaga keltirgan ichki va tashqi omillar xususida soʻz yuritildi. Xususan, jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar, raqamlashtirish va sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi, iqlim oʻzgarishi, aholi soni va ehtiyojlarining ortib borishi davlat oldiga yangi vazifalarni qoʻyayotgani taʼkidlandi.

Shu nuqtai nazardan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi zamon talablari va xalqimizning kundalik ehtiyojlaridan kelib chiqib qayta koʻrib chiqildi. Uning maqsadlari yanada aniqlashtirilib, hayotiyligi va xalqchilligi kuchaytirildi. Eng muhimi, belgilangan vazifalarning amaliy natijadorligini taʼminlash, har bir maqsad boʻyicha masʼullarni belgilash, ijroni raqamli monitoring qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etildi.

Uchrashuvda Strategiyaning inson salohiyatini roʻyobga chiqarish, sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlarni taʼminlash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash, suv resurslarini tejash, ekologik barqarorlikni taʼminlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan asosiy maqsadlari haqida maʼlumot berildi.

Alohida taʼkidlanganidek, Strategiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi faqat markaziy davlat organlarining faoliyatiga emas, balki hududlar, tumanlar va, eng avvalo, mahallalardagi tizimli ishlarga ham bevosita bogʻliq.

Chunki mahalla — aholining ehtiyojlari, muammolari va tashabbuslari eng yaqqol namoyon boʻladigan muhim ijtimoiy institutdir. Odamlarni qiynayotgan masalalarni mahallaning oʻzida aniqlash, ularning yechimini masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda taʼminlash hamda aholini islohotlarga faol jalb etishda mahalla raislari va mahalla yettiligining oʻrni beqiyosdir.

Islohotlar quyi boʻgʻindan boshlanib, yuqori darajagacha oʻzaro uygʻun va tizimli tarzda amalga oshirilgandagina kutilgan real natijaga erishish mumkin. Strategiyada belgilangan maqsadlar har bir hudud, har bir mahalla va har bir xonadon hayotida oʻzining ijobiy ifodasini topishi zarur.

Shu bois mahalla yettiligi nafaqat aholining muammolarini oʻrganuvchi, balki Strategiya maqsadlarini joylarda amalga oshiruvchi, jamoatchilik nazoratini taʼminlovchi va aholining tashabbuslarini davlat organlariga yetkazuvchi muhim boʻgʻin boʻlishi lozim.

Muloqot davomida mahalla raislari va faollari tomonidan aholi bandligi, infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq qator taklif va mulohazalar bildirildi. Ularning har biri hududlarni rivojlantirish va Strategiya maqsadlarini amalga oshirish nuqtai nazaridan muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning natijasi har bir mahalla va har bir xonadon hayotida namoyon boʻlishi lozim. Buning uchun davlat organlari, mahalla institutlari va keng jamoatchilikning hamkorligi, shuningdek, aholining islohotlardagi faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmat