• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASINI AMALGA OSHIRISHDA FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARINING ISHTIROKI MUHIM

Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda mahalliy Kengash deputatlari bilan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy maqsadlari va ustuvor vazifalari yuzasidan ochiq muloqot oʻtkazildi.

Uchrashuvda Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi keng jamoatchilik muhokamalari asosida shakllantirilgani, shu bois unda aholi manfaatlari va jamiyat ehtiyojlari oʻz ifodasini topganini taʼkidladi.

Jamoatchilik muhokamalari davomida bildirilgan taklif va tashabbuslarning inobatga olinishi Strategiyani faqat davlat idoralarining hujjati emas, balki xalqimizning orzu-intilishlari va ustuvor manfaatlarini ifodalovchi umummilliy dasturga aylantirdi.

Oʻz navbatida, Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi davlat organlari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy Kengash deputatlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlaridan ham yuqori faollik va masʼuliyatni talab etadi.

Taʼkidlanganidek, nodavlat notijorat tashkilotlari Strategiya ijrosini faqat kuzatuvchi sifatida emas, balki uni amalga oshirishda bevosita ishtirok etuvchi, jamoatchilik fikrini ifodalovchi va aholi bilan davlat organlari oʻrtasida amaliy muloqotni taʼminlovchi muhim hamkor sifatida qatnashishi lozim.

Uchrashuvda Strategiyaning 83-maqsadi — erkin fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, Oʻzbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy xabga aylantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu maqsad doirasida davlat dasturlari, shuningdek, birinchi va ikkinchi darajali strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etayotgan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish vazifasi belgilangani qayd etildi.

Bu maqsad nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda strategik qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik manfaatlarini yanada toʻliq ifodalashga xizmat qiladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar haqida maʼlumot berildi.

Xususan, Farmonning 19-bandi “v” kichik bandiga muvofiq, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Davlat dasturining amalga oshirilishini joylarga chiqqan holda, jamoatchilik fikrini inobatga olib, tanqidiy oʻrganib borish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur vazifaning sifatli va xolis ijrosini taʼminlash maqsadida hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari “Taraqqiyot strategiyasi” markazining tegishli ishchi guruhlari faoliyatida ishtirok etishga taklif qilindi.

Chunki hududlardagi NNTlar aholining kundalik muammolari, ehtiyojlari va kayfiyatini yaqindan biladi. Ularning tajribasi va jamoatchilik bilan bevosita aloqasi Davlat dasturi ijrosini joylarda xolis baholash, mavjud kamchiliklarni aniqlash va asosli takliflar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mahalliy Kengash deputatlarining ham mazkur jarayondagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Deputatlar oʻz saylovchilari manfaatlarini ifodalash, hududiy muammolarni koʻtarish, masʼul tashkilotlar faoliyati ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali Strategiya ijrosining natijadorligiga bevosita hissa qoʻshadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati