• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SHANXAYDA SUNʼIY INTELLEKT VA ELEKTRON TIJORAT ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

26-iyun kuni Xitoyning Shanxay shahrida “Ipak yoʻli elektron tijorati xalqaro tahlil markazlari alyansining 2026-yillik konferensiyasi” boʻlib oʻtdi.

“Sunʼiy intellekt va Ipak yoʻli elektron tijorati” mavzusida tashkil etilgan xalqaro anjuman Fudan universiteti huzuridagi “Bir makon, bir yoʻl va global boshqaruv instituti” mezbonligida oʻtkazildi. Tadbirda Ipak yoʻli elektron tijorati xalqaro tahlil markazlari alyansi aʼzolari, davlat idoralari, tahlil markazlari hamda yetakchi elektron tijorat kompaniyalarining 30 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlimi boshligʻi Farrux Xakimov Oʻzbekistonda raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt va elektron tijorat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilayotgan natijalarga bagʻishlangan taqdimot bilan ishtirok etdi.

Taqdimotda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, joriy yilgi Davlat dasturi hamda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar va ularning amaliy natijalari, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, bojxona omborlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, Ipak yoʻli elektron tijorati xalqaro tahlil markazlari alyansi aʼzolari ishtirokidagi muhokamalarda Xitoy Savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro savdo va iqtisodiy hamkorlik akademiyasi, Xitoy xalqaro elektron tijorat markazi, Shanxay xalqaro tadqiqotlar instituti, Fudan universiteti, Qashgʻar universiteti hamda “Hema”, “Taobao Flash Purchase”, “Meituan”, “JD.com” va “Dewu” kabi yetakchi elektron tijorat kompaniyalari vakillari sunʼiy intellektning transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirishdagi ahamiyati yuzasidan oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Muhokamalar davomida sunʼiy intellekt texnologiyalari mahsulot tanlash, koʻp tilli mijozlarga xizmat koʻrsatish, intellektual logistika, dinamik narx belgilash hamda taʼminot zanjirini boshqarish jarayonlarida samaradorlikni sezilarli darajada oshirayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar milliy maʼlumotlar boshqaruvi qoidalaridagi farqlar, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish xarajatlari hamda raqamli infratuzilmaning turlicha rivojlanganligi kabi dolzarb muammolarni muhokama qildilar. Shu munosabat bilan Alyans doirasida sunʼiy intellekt standartlari, transchegaraviy maʼlumotlar almashinuvi qoidalari va texnik standartlar boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar Ipak yoʻli elektron tijorati xalqaro tahlil markazlari alyansi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, tahliliy loyihalar hamda amaliy tashabbuslarni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati