• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JANUBIY KOREYANING KAIS ASSOTSIATSIYASI BILAN HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

10-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Koreya xalqaro tadqiqotlar assotsiatsiyasi (KAIS) prezidenti Chon Han Bom boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya ekspert doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ilmiy-tadqiqot sohasidagi aloqalarni kengaytirish hamda istiqbolda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan qoʻshma tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.

Koreya xalqaro tadqiqotlar assotsiatsiyasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston strategik hamkorligi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp tomonlama aloqalarning dolzarb masalalarini oʻrganish va amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, KAIS prezidenti Chon Han Bom “Taraqqiyot strategiyasi” markazini Oʻzbekistondagi muhim va istiqbolli hamkori sifatida baholab, kelgusida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash taklifini bildirdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mehmonlarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berib, ularga Markaz faoliyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspert-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari hamda yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar hamkorlikni institutsional asosda yoʻlga qoʻyish, oʻzaro manfaatli ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, qoʻshma ilmiy nashrlar tayyorlash va xalqaro ekspertlik tadbirlarini tashkil etish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati