• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FARG‘ONADA “O‘ZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI DOIRASIDA TURIZM SALOHIYATI O‘RGANILDI

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan monitoring tadbirlari doirasida hududda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan turizmni rivojlantirishga oid ustuvor vazifalar ijrosi o‘rganildi.

Xususan, Strategiyada 2030-yilga qadar turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga, turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, ichki turizm safarlarini esa 25 milliontaga yetkazish, zamonaviy turizm infratuzilmasini kengaytirish va yangi turizm klasterlarini rivojlantirish vazifalari belgilangan.

Shu nuqtayi nazardan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida majmuada ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, xizmatlar sifati, milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash hamda madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

35 gektar maydonda milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan ushbu majmua tarkibida Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis obyektlari faoliyat yuritmoqda. Majmua buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini keng targ‘ib etish, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish hamda Farg‘ona vodiysining ziyorat turizmi salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Monitoring yakunida hududning turistik salohiyatini yanada oshirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilishi belgilandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati