• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Islohotlar natijasi joylarda baholanmoqda

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi o‘rganilmoqda.

Jumladan, ishchi guruhi dastlab Quva tumanida bo‘lib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, bandlik va mahallalarda olib borilayotgan ishlarning amaliy holatini tahlil qildi. Asosiy e’tibor islohotlarning aholi turmushiga ko‘rsatayotgan ta’siri, yaratilgan imkoniyatlarning amalda qay darajada ishlayotganiga qaratildi.

O’rganishlar davomida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi sharoitlar, o‘quv xonalarining jihozlanishi, tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, dori-darmon ta’minoti, jamoat transporti faoliyati, shuningdek, mahallalarda yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘zdan kechirildi.

Tahlil natijalari ayrim yo‘nalishlarda ijobiy natijalar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, ayrim maktabgacha ta’lim muassasalari hali ham toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanmaganligi, ayrim mahallalarda mahalla yettiligi faoliyatini tashkil etish va hududdagi muammolarni tizimli hal etish borasida kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qayd etildi.

Bunday o‘rganishlarning asosiy maqsadi kamchiliklarni sanab o‘tish emas, balki ularning sabablarini aniqlash va amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat. Shu bois, aniqlangan muammolar hamda ilgari surilgan takliflar umumlashtirilib, tegishli tavsiyalar berildi.

Hududlarda olib borilayotgan bu kabi monitoring tadbirlari islohotlarning haqiqiy samarasini baholash, davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini takomillashtirish va eng muhimi, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Bu kabi o‘rganishlar Farg‘ona viloyatining boshqa tuman va shaharlarida ham bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati