• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Rishton va Farg‘ona shahrida Davlat dasturi ijrosi o‘rganildi

Joriy yilning 17 - iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishchi guruhi tomonidan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yili Davlat dasturi hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarning ijrosi Farg‘ona viloyatining Rishton tumani va Farg‘ona shahrida o‘rganildi.
Monitoring jarayonida Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning hududlardagi ijrosi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ijtimoiy obyektlarda yaratilgan shart-sharoitlar hamda mavjud imkoniyatlardan foydalanish samaradorligi tahlil qilindi.
Rishton tumanidagi tibbiyot muassasalarida raqamli texnologiyalar, xususan, DMЕD axborot tizimining amaliyotga joriy etilishi va uning aholi uchun yaratayotgan qulayliklari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inida aholining bandligi, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holati yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. “Luks Teks” MCHJ faoliyati bilan tanishilib, ishlab chiqarish quvvatlari, yaratilgan ish o‘rinlari hamda korxona samaradorligi bilan tanishildi.
Ta’lim muassasalaridagi monitoring doirasida 32-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar va toza ichimlik suvi ta’minoti holati baholandi. 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida esa ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi infratuzilma o‘rganilib, binodagi ayrim qismlarni ta’mirlash hamda o‘quv xonalaridagi doskalarni yangilash zarurligi qayd etildi.
Farg‘ona texnika universitetida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan infratuzilma va imkoniyatlarini o‘rganish bilan bir qatorda, ushbu sohada muayyan kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Mazkur yo‘nalishni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilandi.
Tahlil yakunlariga ko‘ra, hududlardagi ijobiy tajribalar bilan bir qatorda, yechim talab etadigan masalalar ham aniqlandi. Barcha taklif va muammolar umumlashtirilib, tegishli davlat organlariga amaliy choralar belgilash uchun tavsiyalar tayyorlanadi.
Aytish lozimki, mazkur monitoring Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi natijadorligini baholash, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimiga qaratilgan takliflarni shakllantirishga xizmat qildi.