• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON — 2030”: NAMANGANDA TOʻQIMACHILIK LOYIHASI SAMARADORLIGI OʻRGANILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Namangan viloyatida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan sanoatni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha vazifalar ijrosi oʻrganildi.

Xususan, Strategiyada toʻqimachilik sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va sohaning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu nuqtai nazardan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Iftixor kiyim sanoat” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Jarayonda xorijiy investitsiya ishtirokida amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 198 million AQSH dollari boʻlgan toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi koʻzdan kechirildi. Loyiha uchun ajratilgan maydonda zarur bino va inshootlar barpo etilib, zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari Germaniya, Italiya, Turkiya va Polsha davlatlaridan olib kelingan.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 ming tonna mato mahsulotlarini tashkil etadi. Toʻliq quvvatda yiliga 120 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 100 million AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshiriladi. Shuningdek, korxona faoliyati orqali 2 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Monitoring jarayonida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, eksport hajmini oshirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda yaratilgan ish oʻrinlarining barqarorligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati