• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TRANSPORT-LOGISTIKA VA RAQAMLASHTIRISH SOHALARIDA HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 20-avgust kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tahlil markazi (ITTLLDC) ijrochi direktori Dulguun Damdin-Od bilan uchrashdi.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va ITTLLDC oʻrtasida tahliliy va ekspertlik hamkorligini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan savdo, tranzit va transport muammolari yuzasidan fikr almashildi.

Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Oʻzbekiston uchun transport-logistika, raqamlashtirish, “yashil” energetika va iqtisodiy barqarorlik masalalari dolzarb ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shu munosabat bilan ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, tahliliy materiallar va tadqiqot natijalari bilan almashish, shuningdek, soha mutaxassislari ishtirokida qoʻshma ekspertlik muhokamalarini tashkil etish muhimligini qayd etdi.

Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar xalqaro tahlil markazi ijrochi direktori Dulguun Damdin-Od ITTLLDC faoliyatining asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berib, tashkilot dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish, ular duch kelayotgan muammolarni kompleks tahlil qilish va amaliy yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlar olib borishini taʼkidladi.

Shuningdek, u xalqaro transport yoʻlaklariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, tranzit jarayonlarini takomillashtirish, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalariga toʻxtaldi. “Yashil” energetikaga oʻtish va iqtisodiyotning tashqi inqirozlarga barqarorligini oshirish ham tashkilot faoliyatining muhim yoʻnalishlari ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur mavzular boʻyicha muloqotlarni davom ettirish, oʻzaro tajriba va tahliliy materiallar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati