• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ XODIMLARI “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 35-YILLIGI” ESDALIK NISHONI BILAN TAQDIRLANDI

Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizga “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlarini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib, yigʻilganlarni yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini yuksaltirish, xalq farovonligini taʼminlash va Oʻzbekistonning taraqqiyot salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan. Bu jarayonlarda oʻz kasbi va faoliyati orqali yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan fidoyi insonlarning mehnati alohida ahamiyat kasb etadi.

Senat Raisi, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazining mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspert-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularning mazmun-mohiyatini aholi va xalqaro jamoatchilikka yetkazish, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosini oʻrganish hamda jamoatchilik monitoringini tashkil etish borasidagi faoliyatini alohida eʼtirof etdi.

Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari bir guruh Senat aʼzolari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi xodimlariga tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida Eldor Tulyakov Senat Raisi Tanzila Narbayeva va Senat jamoasini Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, ulugʻ ayyom munosabati bilan Markaz jamoasi nomidan Senat raisiga tashakkurnoma topshirib, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining samarali amalga oshirilishi va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini taʼminlashga qoʻshayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Oʻz navbatida, Markaz jamoasi esdalik nishoni bilan taqdirlangan hamkasblarini ushbu yuksak eʼtirof bilan samimiy muborakbod etib, ularga kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi yutuqlar va zafarlar tilaydi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati