• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI VAKILLARI SHANXAYDA: TAJRIBA VA TAHLIL

2026-yil 12–19-sentyabr kunlari Shanxay xorijiy tillar universitetida oʻzbekistonlik tahlilchi-mutaxassislar uchun strategik rejalashtirish boʻyicha xalqaro seminar-trening tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan oʻquv dasturida Tashqi ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ishtirok etdi.

Seminar doirasida Shanxayning yetakchi universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari professorlari, olimlari hamda soha mutaxassislari ishtirokida maʼruzalar, ekspertlik uchrashuvlari va amaliy muhokamalar oʻtkazildi.

Oʻquv dasturi davomida Xitoy iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari va mamlakat modernizatsiyasi modeli, yirik davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi hamda Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, ishtirokchilar xavfsizlik, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, zamonaviy shahar boshqaruvi va strategik rejalashtirish mexanizmlari, Xitoyning 15-besh yillik rejasida belgilanayotgan asosiy ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan fikr almashdi.

Seminar ishtirokchilarga Xitoyning zamonaviy rivojlanish va strategik rejalashtirish tajribasini oʻrganish, tahliliy markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda global va mintaqaviy jarayonlarga nisbatan ekspertlik yondashuvlarini muhokama qilish imkonini berdi.

Ayni paytda, tashrif Oʻzbekiston va Xitoy tahliliy hamjamiyatlari oʻrtasidagi professional muloqotni kengaytirish, ekspertlar oʻrtasida tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik uchun yangi aloqalarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qildi.

Oʻquv dasturi yakunida seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati