• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FUQAROVIY VA SIYOSIY HUQUQLARNI HIMOYA QILISHNING DOLZARB MASALALARI MUHOKAMADA

28–29-sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilayotgan V Samarqand inson huquqlari forumi doirasida Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

“Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamasi: qonun ustuvorligi va yangi chaqiriqlar” mavzusidagi mazkur sessiyani Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi (XHQ), “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) birgalikda tashkil etdi.

Sessiyaga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Temur Shakirov moderatorlik qildi.

Muhokama davomida Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning xalqaro va milliy huquq tizimidagi o‘rni, uning normalarini milliy qonunchilik hamda huquqni qo‘llash amaliyotiga samarali tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Xususan, Paktning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida e’lon qilingan fuqarolik va siyosiy huquqlarning majburiy kodifikatsiyasi sifatidagi ahamiyati, uning normalarini milliy huquqiy tizimda samarali amalga oshirish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, BMT Inson huquqlari qo‘mitasining sharhlarini inobatga olgan holda Pakt qoidalarini amalga oshirishda milliy sudlar, prokuratura organlari, ma’muriy organlar va advokatlarning roliga e’tibor qaratildi. Individual murojaatlar tartib-taomilining milliy amaliyotdagi o‘rni, qo‘mitaning fikr-mulohazalarini milliy sud va boshqa ichki ish yuritish jarayonlarida amalga oshirishning samarali mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, Qirollik Ispaniya Akademiyasining huquqshunoslik va qonunchilik bo‘limi vitse-prezidenti, Madrid Karl III universitetining xalqaro ommaviy huquq professori Karlos Ramon Fernandes Lyesa, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (ODIHR) Inson huquqlari departamenti rahbari Syuzan Kerr, Ispaniya Jazoni ijro etish muassasalari bosh kotibi Puerto Solar Kalvo, Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasi prezidenti Anatoliy Yakovlevich Kapustin, Vengriya Inson huquqlari bo‘yicha komissari devonining Teng munosabatlar bo‘yicha yo‘nalishi uchun mas’ul bosh direktori Yanos Videmann, Qirg‘iz Respublikasi Ombudsman instituti Fuqarolar murojaatlari va hujjatlar bilan ishlash departamenti boshlig‘i Kubanychbek Usenov hamda Niderlandiyaning Tilburg universiteti Jinoyat huquqi kafedrasi dotsenti Polin Yakobs ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Mutaxassislar Paktning 60 yillik qo‘llanish tajribasi, uning zamonaviy huquqiy amaliyotdagi ahamiyati, xalqaro standartlarni milliy huquqiy tizimda ta’minlash yo‘llari hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasida yuzaga kelayotgan yangi chaqiriqlar yuzasidan o‘z qarash va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Sessiya yakunida Pakt qoidalarini amaliyotga samarali tatbiq etish, inson huquqlarini kafolatlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish, xalqaro tajribadan foydalanish hamda xalqaro va milliy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati