• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ANDIJON VILOYATIDA “OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI VA DAVLAT DASTURLARI IJROSI OʻRGANILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 21–25-sentyabr kunlari Andijon viloyatida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda davlat dasturlarida belgilangan maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi oʻrganildi.

Jumladan, Markaz ekspertlari tegishli tashkilotlar masʼullari bilan Andijon shahri va Andijon tumanida boʻlib, taʼlim, tibbiyot, aholi bandligi, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi hamda inklyuziv muhitni taʼminlash yoʻnalishlaridagi ishlar bilan tanishdilar.

Tibbiyot sohasida Andijon shahridagi koʻp tarmoqli markaziy va 1-son oilaviy poliklinikalar, shuningdek, Andijon tumanidagi koʻp tarmoqli markaziy va 5-son oilaviy poliklinikalar faoliyatiga eʼtibor qaratildi. Bunda Dmed va elektron navbat tizimlarining ishlashi, tor soha mutaxassislari bilan taʼminlanganlik, zamonaviy tibbiy jihozlardan foydalanish, fizioterapiya xizmatlarini rivojlantirish, dori-darmonlarni saqlash sharoitlari hamda aholi uchun tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor berildi.

Taʼlim yoʻnalishida Andijon davlat texnika institutida inklyuziv muhitni shakllantirish, xususan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun panduslar, taktil yoʻlaklar, chaqiruv tugmalari va moslashtirilgan sanitariya xonalarini tashkil etish bilan bogʻliq vazifalar holati oʻrganildi.

Aholi bandligi va ijtimoiy masalalar doirasida Andijon shahridagi “Namunaviy Birlik” hamda Andijon tumanidagi “Ogʻullik” mahallalarida xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb qilish, ishsiz aholini oʻqitish, yoshlar bilan ishlash, mikroloyihalarni amalga oshirish va mavjud yer hamda binolardan samarali foydalanish boʻyicha ishlar holati koʻzdan kechirildi.

Shuningdek, “Namunaviy Birlik” mahallasida bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanayotgan tadbirkorning faoliyati bilan tanishilib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport imkoniyatlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Markaz ekspertlari qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida Andijon tumanidagi “Ahliddin Ilgʻor” fermer xoʻjaligida tashkil etilgan tajriba maydonchasida ham boʻlib, u yerda suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy tejamkor sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Monitoring natijalari asosida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosini yanada samarali tashkil etish, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga qaratilgan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan hududlarda belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini oʻrganishga qaratilgan monitoring ishlari davom ettiriladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati