• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

BMT MAʼRUZACHISI DIYEGO GARSIYA-SAYAN «TARAQQIYOT STRATEGIYASI» MARKAZIDA


Ma’lumki, ayni kunlarda yurtimizda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazida delegatsiya a’zolari ishtirokida «Fuqarolik jamiyatlari institutlarining sud organlari bilan o‘zaro aloqasi: tajriba va istiqbollar» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda nufuzli mehmonlar bilan bir qatorda, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, «Madad», «Istiqbolli avlod» hamda Nogironlar jamiyati kabi qator yetakchi fuqarolik jamiyati institutlari mas’ul xodimlari va OAV vakillari qatnashdilar.

Davra suhbatini «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov ochdi va olib bordi.

U o‘z so‘zida 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va rolini oshirish, fuqarolarning qonuniy huquqlarini ishonchli himoyalash, o‘z navbatida, sudlar faoliyatida adolat tamoyilining ustuvorligiga erishishga oid qator muhim vazifalar belgilangani va ular tizimli ravishda amalga oshirib kelinayotganiga e’tibor qaratdi.

Ta’kidlandiki, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan Oliy sud va boshqa barcha huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda sud-huquq tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil faoliyat olib borilmoqda.

Shuningdek, aholi orasida sotsiologik tadqiqotlar, so‘rovlar o‘tkazilib, jamoatchilik fikri ham shakllantirib borilmoqda. Bunga qator hamkor tashkilotlar bilan birga, OAV uchun tashkil etilgan treningda majburiy va bolalar mehnati masalalari yuzasidan mamlakatdagi vaziyat atroflicha muhokama qilingani hamda «O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sudlarda ish yuritilishi: zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro konferentsiyani tashkil etish va o‘tkazishda markazning tashkilotchi sifatida ishtiroki kabi qator yirik loyihalarni misol sifatida keltirish mumkin. Umuman, markaz misolida sud organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik izchil davom etmoqda. Eldor Tulyakov tomonidan ushbu hamkorlik natijalari qator misollar orqali batafsil ochib berildi.

Buni O‘zbekiston Respublikasi Xotin qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi hamda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari misolida ham ko‘rish mumkin. Zotan mazkur tashkilotlarga adashgan va o‘z xatosini to‘la anglab yetgan ayollar va yoshlarni sud jarayonida kafillikka olish huquqi berildi.

Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida 2018-yil 20-iyulda imzolangan Memorandum asosida jazoni o‘tash muassasalaridan ayollar ozod etilmoqda va jazo muddatlari qisqartirilmoqda.

Birgina joriy yilning o‘tgan olti oyida jazo o‘tayotgan 227 nafar ayolning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. 51 nafar ayol jazoni o‘tashdan shartli ozod qilindi, 131 nafariga Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.

O‘z navbatida, 2019-yilning birinchi yarmida fuqarolar yig‘inlarida 12 334 marta sayyor sud yig‘ilishlari o‘tkazildi, 440 nafar fuqaro o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan kafillikka olindi. Bu borada O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan tuzilgan memorandum asosida tizimli ishlar olib bormoqda.

Shuningdek, davra suhbatida so‘zga chiqqan «Madad», «Istiqbolli avlod» hamda Nogironlar jamiyati nodavlat notijorat muassasalari mas’ullari tomonidan ham ko‘rilayotgan choralar, amalga oshirilayotgan loyihalarga oid ma’ruzalar qilindi.

O‘z navbatida, janob Diego Garsiya-Sayan O‘zbekistonda so‘nggi 3 yilda ushbu tizimda jiddiy o‘zgarishlar, rivojlanishlar bo‘lgani va muntazam ravishda soha takomillashtirib borilayotganiga e’tibor qaratdi va o‘zining ijobiy fikrlarini bildirdi.

Mehmonning fikricha, Xotin-qizlar qo‘mitasi harakatlari bilan bir qancha ayollar oqlangani, ozod etilgani va berilgan jazo choralari yengiliga almashtirilgani juda muhim va u tizimda rivojlanish borligini anglatadi. Chunki, 2016-yilda 6 tagina shaxsga nisbatan oqlov hukmi qo‘llangan bo‘lsa, o‘tgan yilda 867 tani, bu yil boshidan buyon 500 tadan ortiq shaxslar oqlangan. Bularning barchasi real hayotda yuz bermoqda va bu sudyalar mustaqil ravishda qaror qabul qilayotganini bildiradi.

Tadbirda sohadagi islohotlar va ularning amaliy natijalari hamda istiqboldagi vazifalarni muhokama qilishga oid qator fikrlar o‘rtaga tashlanib, keng muhokama qilindi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati