• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZIY OSIYO: TRANSPORT-LOGISTIKA SOHASIGA YANGICHA NAZAR


«Taraqqiyot strategiyasi» markazida «Markaziy Osiyoda transport yo‘laklarini rivojlantirish va «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining samarasi» mavzusida ikkinchi uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Qirg‘iziston Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti, Qozog‘iston Respublikasi Yevroosiyo integratsiyasi hamda Yevroosiyo ilmiy-tadqiqot institutlarining ekspert-tahlil markazlari vakillari ishtirokida amalga oshirildi.

Tadqiqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad – transport yo‘laklari masalalarida mintaqadagi davlatlarning o‘zaro munosabatlari darajasini, shuningdek, umumiy va mos kelmaydigan manfaatlarni, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi xalqaro munosabatlarda etakchi mamlakatlar bilan hamkorlik qilish uchun resurs va mexanizmlarning salohiyatini aniqlashdan iborat.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan transport-logistika sohasi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va o‘zaro manfaatli munosabatlarni shakllantirishda muhim va dolzarb ahamiyatga ega.

Zero, mintaqa orqali yirik xalqaro bozorlarni bir-biri bilan bog‘laydigan eng qisqa yo‘nalishlar o‘tgan. Mintaqaning transport-tranzit salohiyati uning geostrategik holati – tarixan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan «Buyuk Ipak Yo‘li» markazi orqali belgilanadi. Prezident Sh.Mirziyoev 2018-yilda Nursulton shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchrashuvida transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Markaziy Osiyoga yirik dengiz portlari va jahon bozorlari bilan bog‘lanish imkonini berish ustuvor vazifa ekanini e’tirof etgan edi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan muhim masalalardan biri, ularning hududi orqali tovarlarni tashish uchun shart-sharoitlarni shakllantirishdan iborat.

Bu yerda gap shunday transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va logistika xizmatlarini yaratish haqida ketmoqdaki, unda tovarlarni tashish tezligi va kamxarajatlilik dengiz transporti bilan bemalol raqobatlashish imkonini berishi zarur. 2020-yilda Osiyo bilan Yevropa o‘rtasidagi barcha yuklar avtomobil va temir yo‘l orqali amalga oshirilishi va bu 1-2% dan 10% gachani tashkil qilishi taxmin qilinmoqda.

Shu bilan birga, mintaqa davlatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengiz portlariga chiqish imkoniyati yo‘q. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi qit’alararo savdo yuklarining 90%i dengiz orqali tashilmoqda. Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar eksport daromadlarining taxminan 18 %ni transport xizmatlari uchun sarf qiladi, rivojlangan davlatlarda esa bu qiymat 9 %ni tashkil qiladi.

BMTning savdo va taraqqiyot bo'yicha konferensiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari ko‘pincha import qilinadigan tovarlar qiymatining 60 %gacha etadi.

Bu esa, so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan transport imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirga turtki bermoqda.

Mintaqa davlatlari o‘zining siyosiy, iqtisodiy va boshqa vazifalarini amalga oshirishga to‘laqonli ko‘mak bera oladigan transport tizimini shakllantirishga intilmoqda. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarning shu kabi kommunikatsiyalari bilan uyg‘un holdagi integratsiyalashgan keng qamrovli transport tarmog‘i xalqaro, shuningdek, tranzit yuklarini tashish imkonini beradi. Bu esa byudjetga tushumlar bazasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat demakdir.

Markaziy Osiyo jahon savdosida tarixan muhim o‘ringa ega bo‘lib, u Shimoliy-Janubiy va G‘arbiy-Sharqiy yo‘nalishdagi qit’alararo transport yo‘laklarini bog‘lashda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo tranzit yo‘laklari tizimining asosi bo‘lib, u Osiyo va Yevropa jahon ishlab chiqarish markazlari o‘rtasida tovar hamda kapital oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, seminar yakunida so‘nggi 5 yilda Markaziy Osiyoda transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ma’ruza tayyorlab, uni joriy yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi seminarda taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati