
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Jahon banki bilan hamkorlikda 2018-yildan buyon “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur loyiha doirasida Jahon bankining Qashshoqlik va tenglik boʻyicha global amaliyot markazi eksperti Uilyam Zeyts rahbarligida “Ular qayerda yashaydilar? Markaziy Osiyoda tumanlar miqyosidagi qashshoqlik darajasi, oʻrtacha isteʼmol va aholining oʻrta sinfi koʻrsatkichlari” nomli hisoboti chop etildi.
Ushbu hisobotda kam taʼminlangan va oʻrta sinf aholi yashaydigan tumanlarning xaritalari keltirilgan boʻlib, unda eng tez rivojlanayotgan va aksincha orqada qolayotgan qoloq tumanlarni aniqlash imkoniyatlari ochib berilgan. Bu esa, rivojlanish past surʼatlarda ketayotgan hududlar kesimida yanada sifatli va aniq manzilga yoʻnaltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilish hamda ijrosini taʼminlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Hisobotning asosiy mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan oʻzbek va rus tillarida qisqacha tahliliy maʼlumotnoma tayyorlandi.
Ushbu qoʻllanma mamlakatimiz aholisining turmush darajasini oshirish yoʻlida faoliyat yuritayotgan barcha vazirlik, idora, tashkilot va ilmiy markazlar uchun foydali boʻladi degan umiddamiz.
Furqat YUNUSOV
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi koordinatori
OʻZBEKISTONDA TUMANLAR MIQYOSIDAGI QASHSHOQLIK DARAJASI, OʻRTACHA ISTEʼMOL VA AHOLINING OʻRTA SINFI KOʻRSATKICHLARI
(Jahon bankining “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” nomli hamkorlikdagi loyihasi asosida)
Soʻnggi yigirma yil ichidagi jadal iqtisodiy oʻsish Markaziy Osiyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqishiga yordam berdi. Biroq, farovonlikning notekis taqsimlanishi qashshoqlikni kamaytirish jarayonini sekinlashtirmoqda. Hozirgi kunda mamlakatda qoloq hududlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Uy xoʻjaliklarining tanlanma kuzatuvi uslubi amaldorlarga hudud(viloyat)larda ulardagi rivojlanishni kuzatib borish hamda baʼzi hududiy tafovutlarni aniqlash imkonini bermoqda. Biroq, hech qaysi mavjud rasmiy tadqiqot tuman darajasida aniq voqelikni ochib bera olmasligi va tuman miqyosida farovonlik holatini koʻrsata olmasligi ushbu uslubning muhim kamchiligi hisoblanadi. Raqamlarni oʻrtacha miqdorga keltirishda mavjud “qashshoq orollar”ning ahamiyatdan chetda qolishiga sabab boʻladi, bu esa qashshoqlik darajasini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarni manzilliligini taʼminlashdagi xatoliklarga olib keladi.
Maʼlumki, 2018-yildan buyon Jahon banki “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” deb nomlangan loyihani amalga oshirib kelmoqda. Mazkur loyiha doirasida Jahon bankining Qashshoqlik va tenglik boʻyicha global amaliyot markazining eksperti Uilyam Zeyts rahbarligida "Ular qayerda yashaydilar. Markaziy Osiyoda tumanlar miqyosidagi qashshoqlik darajasi, oʻrtacha isteʼmol va aholining oʻrta sinfi koʻrsatkichlari" nomli hisoboti tayyorlandi.
Hisobotda kambagʻal va oʻrta sinf aholi yashaydigan tumanlarning xaritalari, umuman butun mintaqa, shuningdek har bir mamlakat uchun alohida, xususan Oʻzbekiston uchun batafsil keltirilgan.
Mazkur hisobotda keltirilgan natijalarni hosil qilishda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi doirasidagi soʻrovnoma maʼlumotlari va tuman darajasidagi ochiq manbalardan olingan koʻrsatkichlarni birlashtirish orqali turli xilda hisoblangan koʻrsatkichlarni baholash imkonini beruvchi metodlardan foydalanilgan.
Kichik tumanlar darajasida baholash uslublari farovonlik koʻrsatkichlarining aniqligini oshirishga qaratilgan. Baholash natijalari koʻpincha davlat siyosatining zarur chora-tadbirlarini ishlab chiqish va kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning samaradorligini oshirish yoki mahalliy darajadagi ijtimoiy guruhlarning muammolarini hal qilish maqsadlarida mablagʻlar ajratilishida foydalaniladi.
“Qashshoqlik xaritalari” koʻpgina mamlakatlar va mintaqalarda hududiy tafovutlarni aniqlash, shu bilan bir paytda farovonlikning turli jihatlarini aks ettirish, daromadlarni taqsimlanishi omillarini tushunish, hamda kerakli choralarni aniqlash va ishlab chiqish uchun foydalaniladi.
Jahon banki tomonidan qashshoqlik koʻlamini baxolashdan asosiy maqsad, qashshoqlikni baholashni halqaro miqyosda taqqoslash imkoniyatini yaratuvchi yagona global standart doirasiga keltirishdan iborat. Mazkur asosda olingan koʻrsatkichlar, oʻz navbatida, Jahon banki, BMTga aʼzo davlatlar va boshqa hamkorlar tomonidan belgilangan rivojlanish maqsadlariga erishishda barqarorlikni monitoringini yuritish maqsadida foydalaniladi.

Ushbu hisobotda foydalanilgan uslubning oʻziga xos xususiyati shundaki, bu yerda halqaro qashshoqlik chegarasidan (kuniga $ 1,90) tashqari, shuningdek mamlakatlarning rivojlanish xususiyatlari va rivojlanish bosqichlarini hisobga olgan holda daromadlar boʻyicha boshqa qashshoqlik chegaralari qoʻllanilgan. Xususan, daromad darajasi oʻrtachadan past davlatlar uchun qashshoqlik darajasi kuniga 3,2 AQSh dollari va daromad darajasi oʻrtacha darajadan yuqori boʻlgan mamlakatlar uchun kuniga 5,5 dollar miqdorida belgilangan.
Natijalar shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida qashshoqlik darajasi kuniga 3,2 dollarni tashkil etgan holatda, Markaziy Osiyoning boshqa (Tojikiston, Qirgʻiziston) mamlakatlariga qaraganda nisbatan past. “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotining natijalaridan qashshoqlikning taqqoslama darajasini aniqlash uchun foydalanilgan. Ushbu hisob-kitoblar 2018-yilda kuniga 3,2 dollarni tashkil etadigan qashshoqlik chegarasidan pastda boʻlgan aholining ulushi 9,6 foizni, kuniga 5,5 dollarga teng boʻlgan qashshoqlik darajasida esa 36,6 foizni tashkil etayotganini koʻrsatmoqda.
Natijalar Oʻzbekistonning ayrim hududlarida daromadning notekis taqsimlanganligi koʻrsatmoqda. Qashshoqlikning yuqori darajasi Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Qaroqalpogʻiston Respublikasining ayrim tumanlarida kuzatilmoqda. Oʻrta sinf aholining umumiy aholi sonidagi ulushining eng past darajasi Samarqand, Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasining ayrim tumanlarida kuzatilmoqda.




Soʻnggi yigirma yillardagi tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Markaziy Osiyoda millionlab odamlarning qashshoqlik iskanjasidan chiqib, farovonlikka yuz tutmoqdalar. Biroq, bu baʼzi joylarda boshqalarga qaraganda tezroq yuz bermoqda. Markaziy Osiyo, shu jumladan Oʻzbekistondagi aksariyat standart tadqiqotlarning qamrovi yetarli darajada emasligi iqtisodiy konvergensiya dinamikasini toʻliqroq tushunishga toʻsqinlik qilmoqda. Mazkur tadqiqot natijalari esa ushbu muammoni qisman hal qilib bermoqda. Aholi farovonligining asosiy koʻrsatkichlari sifatini yaxshilashga mintaqada oʻtkazilgan tadqiqot natijalari va kichik hududlarni baholash usullarini birlashtirish orqali erishilishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan xaritalardan amalda foydalanishning koʻplab variantlari mavjud. Mintaqada migratsiya va pul oʻtkazmalariga bogʻliqlikning yuqori darajasini hisobga olgan holda, migratsiya koʻrsatkichlarini tuman darajasidagi qashshoqlik darajasi bilan taqqoslashni eng muhim misollardan biri sifatida keltirish mumkin. Quyida kamida bitta migrant aʼzosi boʻlgan uy xoʻjaliklarining ulushi koʻrsatkichi tumanlar miqyosida keltirilgan.

Yuqorida keltirilgan tahlillarni taqqoslash shuni koʻrsatmoqdaki, mehnat migrantlarining nomutanosib taqsimlanishi mintaqaning ayrim qashshoqroq tumanlariga toʻgʻri kelmoqda. Ushbu muvofiqlik migrantlar eng qashshoq tumanlarning rivojlanishiga pul oʻtkazmalari bilan ham, investitsiya kiritish orqali ham sezilarli hissa qoʻshayotganliklarini koʻrsatmoqda.
Ushbu natijalar tahlil uchun foydali boʻlgan mazkur hududiy maʼlumotlarni taqdim etgan holda migratsiyaga yoʻnaltirilgan boshqa tadqiqotlarni toʻldiradi. Migratsiyaning asosiy omillari uy xoʻjaliklari darajasida batafsil tahlil qilish migratsiya darajasi bilan hududiy iqtisodiy muammolarning, jumladan iqtisodiy faollikning past darajasi, uy xoʻjaliklarining ogʻir ahvoli va ijtimoiy imtiyozlarga koʻproq muhtoj hududda yashash oʻrtasidagi chambarchas bogʻliqlikni koʻrsatmoqda. Agar migrantlarning moliyaviy yordami boʻlmaganda edi, qashshoqlik darajasi va ishsizlik koʻrsatkichlari qoloq hududlarda bundan-da yuqori va oʻrtacha daromadlar esa ancha past boʻlar edi.
Boshqa yana bir misol: Tojikistonda hukumat va Jahon banki bolalar bogʻchalari va maktabgacha taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Ammo bu, birinchi navbatda, qaysi tumanlarda zarurroq? Mamlakatning qashshoqlik xaritasida mavjud 1000 ta oʻquv yurtiga toʻgʻri keladigan taʼlim muassasalari soni toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar kiritilgan, ularda bir vaqtning oʻzida qashshoqlikning yuqori darajasi va taʼlim muassalarining past qamrov darajasi kuzatiladigan tumanlarga eʼtibor qaratilgan.
Shunday qilib, ushbu natijalar farovonlikni mintaqada tuman darajasida mumkin boʻlgan taqsimlanishini toʻliq manzarasini ifoda etib bermoqda. Natijalar hududlardagi rivojlanishning turli-tumanligidan aniq dalolat berib turibdi.
Mazkur maʼlumotlarga asoslangan xaritalardan eng tez rivojlanayotgan hududlarni va orqada qolayotgan qoloq tumanlarni aniqlashda foydalanilishi mumkin. Yanada sifatli va batafsil maʼlumotga ega boʻlgan holda, yordamga muhtoj odamlar yashayotgan hududlarda yanada sifatli va aniq manzilga yoʻnaltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilishni taʼminlash va tadbirlarni amalga oshirish mumkin.
Uilyam Zeytsning “Ular qayerda yashaydilar. Markaziy Osiyoda tumanlar miqyosidagi qashshoqlik darajasi, oʻrtacha isteʼmol va aholining oʻrta sinfi koʻrsatkichlari” hisoboti batafsil quyidagi havolada:
http://documents.worldbank.org/curated/en/210801569934716898/pdf/Where-They-Live-District-Level-Measures-of-Poverty-Average-Consumption-and-the-Middle-Class-in-Central-Asia.pdf