• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JAMOATCHILIK MUHOKAMASI: endi fuqarolar va yuridik shaxslar ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladimi?


Joriy yilgi “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 14-bandida qonun normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish, uning subyektlari doirasini kengaytirish belgilangan. 1-iyulga qadar ijro etilishi ko‘zda tutilgan mazkur band bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

113 moddadan iborat loyihaga ko‘ra, (amaldagi Qonun 45 moddadan iborat) Konstitutsiyaviy sudga fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlari bo‘yicha:

- qonunlarning konstitutsiyaviyligini aniqlash;

- Bosh prokurorning buyruqlari va boshqa hujjatlarining (individual xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlashga oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlari berilmoqda.

Qonun loyihasida Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz nafar sudyasidan iborat bo‘lishi qayd etilgan. Amaldagi hujjatda esa sud yetti nafar sudyadan iborat.

Amaldagi qonunda ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emasligi belgilangan bo‘lsa, loyihada bu cheklovning aksini ko‘rish mumkin.

Loyiha bilan Konstitutsiyaviy sud sud majlisida kamida besh nafar sudya ishtirok etgan taqdirda ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga egaligi nazarda tutilayotgan bo‘lsa, amaldagi qonunda kvorum uchun kamida to‘rt nafar sudya bo‘lishi belgilangan.

Ushbu hujjatdagi eng muhim yangiliklardan biri bu – muayyan ishda qo‘llanilgan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilishi ko‘zda tutilayotganidir.

Qonun loyihasiga normativ-huquqiy hujjatning konstitutsiyaviyligi prezumpsiyasining kiritilayotgani ham yana bir yangi norma sanaladi. Mazkur o‘zgartishga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emasligi – Konstitutsiyaviy sudning sud muhokamasi natijasida qabul qilingan qarori bilan aniqlanmaguncha, konstitutsiyaviy hisoblanadi.

Shu bilan birga, amaldagi tahrirdan yana bir farqli jihat – Konstitutsiyaviy sudga murojaat maxsus shaklni to‘ldirish orqali elektron imzo bilan imzolangan elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkinligi ham qayd etilmoqda. Loyihaga sudyani rad qilish tartibi ham kiritilmoqda.

Qonun loyihasida bir qator yangi boblar qo‘shilganini ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari bobida taraflar, ularning vakillari, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari, deb eʼtirof etilgan.

Ishni ko‘rib chiqish uchun tayyorlash bobida Konstitutsiyaviy sud davlat organlari va boshqa tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga ishni sud majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan so‘rovlarni yuborishi mumkinligi nazarda tutilgani eʼtiborga molik.

Qonun loyihasi muhokamasi 6 iyunga qadar davom etadi. Muhokama jarayonlarida barcha nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘z taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishga chorlaymiz.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati