• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURI IJROSI: “YASHIRIN IQTISODIYOT” ULUSHI QISQARADI


Joriy yilgi “Ilm, fan va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 71-bandida «Yashirin iqtisodiyot»ning ulushini qisqartirish bo‘yicha bajariladigan ustuvor choralar belgilangan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida “Yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur band ijrosi taʼminlandi.

Ushbu qaror bilan “Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha 23 ta banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unda qator amaliy saʼy-harakatlarni amalga oshirish nazarda tutildi.

Jumladan, quyidagi ustuvor vazifalar hayotga joriy etiladi:

  • iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish;
  • iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va markirovkalash;
  • iqtisodiyotda naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini oshirish;
  • bank xizmatlarining ommabopligini oshirish;
  • «yashirin iqtisodiyot» subyektlarini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish;
  • tashqi savdoda «yashirin iqtisodiyot» ulushini qisqartirish bo‘yicha samarali tizimni joriy etish;
  • «yashirin iqtisodiyot» ulushini qisqartirish bo‘yicha keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qilish.

Shuningdek, yil oxiriga qadar «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

  • Davlat soliq qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalarida jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortish bo‘limi, elektron savdoni soliqqa tortish bo‘limi, «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish va xalqaro iqtisodiy integratsiya bo‘limi tashkil etiladi;
  • Xalqaro tashkilotlar (Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqalar) ekspertlarini jalb qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyotida «yashirin iqtisodiyot»ni baholash va hisoblash bo‘yicha tavsiyaviy uslubiy qo‘llanma ishlab chiqiladi;
  • Baholash yakunlari bo‘yicha 2021 — 2023-yillarda «yashirin iqtisodiyot» ulushini qisqartirish va unga qarshi kurashishning taʼsirchan choralarini nazarda tutuvchi kompleks dastur ishlab chiqiladi;
  • Barcha kadastr hujjatlari raqamlashtiriladi, milliy geoaxborot tizimini joriy etiladi;
  • Yagona elektron bilet tizimi joriy etiladi;
  • Aholi uchun isteʼmol kreditlari ajratish tartibi yana-da soddalashtiriladi va takomillashtiriladi;
  • Barcha kadastr hujjatlari raqamlashtiriladi;
  • “Humo” va “Uzcard” to‘lov tizimlarini integratsiyalashtiriladi;
  • “QR” kod orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarning ommabopligi oshiriladi va ko‘lami kengaytiriladi;
  • Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi muqobil tashkilotlar rivojlantiriladi, “Nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati