• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“COVID-19 PANDEMIYASINING JAMIYATGA TAʼSIRI XAVFINI DINAMIK RAVISHDA ANIQLASH” MAVZUSIDA O‘TKAZILGAN TADQIQOT NATIJALARI EʼLON QILINDI


Joriy yilning 26 avgust kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilib kelinayotgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasining yangilangan natijalari yuzasidan “COVID-19 pandemiyasining jamiyatga taʼsiri xavfini dinamik ravishda aniqlash” mavzusiga bag‘ishlangan onlayn – seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirliklar, idoralar, ilmiy markaz va institutlar hamda halqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlari ishtirok etdilar.

“O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi doirasida o‘tgan davrda hamkor tashkilotlar bilan birga halqaro va ichki migratsiyaga, propiskaga oid, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga va boshqa mavzularga doir bir qator texnik maʼruzalar tayyorlandi. Ularda, shuningdek, O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha qator tavsiyalar ishlab chiqildi.

Jumladan, hozirgi vaqtda COVID-19 pandemiyasi taʼsiriga qarshi tezkor taʼsir choralarini ko‘rish, tegishli siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun uning mamlakatimiz fuqarolari farovonligiga taʼsirini baholash naqadar muhimligini hisobga olib, joriy yilning aprel-iyul oylarida ekspertlar tomonidan mazkur yo‘nalishda tadqiqotlar amalga oshirildi, “COVID-19 pandemiyasining jamiyat darajasidagi taʼsiri xatarini dinamik ravishda aniqlash” bo‘yicha texnik maʼruza tayyorlandi.

Tadbir avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Umid Abidxodjayevlar so‘z olib, hamkorlikda olib borilayotgan mazkur tadqiqotning ahamiyati haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdilar.

Jahon bankining katta iqtisodchisi va Markaziy Osiyodagi kambag‘allik va tenglik masalalari bo‘yicha loyiha rahbari Uilyam Zeyts tomonidan esa mazkur tadqiqot natijalari va xulosalari haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.

Ushbu tadqiqot doirasida O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasining xavf-xatarlari va ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirlari bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy indikatorlarning maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Maʼlumotlarning mamlakatdagi eng quyi maʼmuriy daraja, aniqrog‘i mahalla darajasidagi ko‘rsatkichlari shakllantirildi.

Mahalla darajasida pandemiya taʼsiri xavfini o‘rganishning ahamiyati shundaki, ushbu darajadagi tahlillar mamlakatda resurslarni taqsimlash bo‘yicha qarorlarni yana-da takomillashtirishga va ayniqsa, mahalliy vakillar ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga qarshi choralar dasturlarini samarali amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Shu bilan birga, ushbu hujjatda keltirilgan tahlillarning maqsadi eng kichik jamiyat darajasida, yaʼni mahalla darajasida pandemiya taʼsirining xavf omillarini aniqlashdir. Bunda maxalliy davlat organlari siyosiy qarorlar qabul qilishda qaysi hududga ustuvorlik berishda yoki eng muhtojlarni aniqlashda foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Tadbirda shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari tomonidan tadqiqot natijalari xususida berilgan savollar qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutaxassislari tomonidan tegishli mulohazalar bildirildi, ilmiy markaz va institutlar vakillari savollariga batafsil javob berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati