• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
3
10360 | 24 Avg. 2020 y.

III. Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish

3.1. Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va axoli bandligini taʼminlash.

“2020 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va axholi bandligini taʼminlash parametrlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Respublikada joriy yilning birinchi yarim yilligi holatiga mehnat resurslari soni 19,1 mln. kishini tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davriga nisbatan 0,6 foizga oshdi. Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 13,2 foizni tashkil etdi.

Joriy yil birinchi yarim yilligida mamlakat bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan 273 ming nafar fuqaroning 40 foizi, shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida 2890 nafardan ziyod ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Toshkent shaxrining Yashnobod va Yunusobod tumanlarida “Kunlik ishchilar markazi”lari ochildi va har kunlik ishchilarni Jobcafe platformasi orqali ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yildi. Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Shayxontohur tumanlari, shuningdek Toshkent viloyatining Toshkent tumani hamda respublikaning boshqa hududlarda “Kunlik ishchilar markazi”lari ochilishi rejalashtirilgan.

“Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka o‘qitishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi umummilliy tizim joriy etiladi:

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazlari;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tuman (shahar)larida joylashgan ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari;

- Toshkent shahrining tumanlarida Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi o‘rta maxsus taʼlim muassasalarida ishsiz yoshlar, xotin-qizlar hamda o‘z malakasini oshirmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari;

- mahalla guzarlarida, mahalla hududlaridagi o‘quv muassasalar, korxona va tashkilotlar, tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari binolarida, boshqa bo‘sh turgan joylarda ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarlarga o‘qitish markazlari huzurida tashkil etilgan mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlarida 2020-2021 yillarda ish qidiruvchi shaxslar, xorijga mehnat migratsiyasiga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar, nodavlat o‘quv markazlari bitiruvchilari va boshqa aholi toifalari uchun WorldSkills standartlari asosida Ishchi kasblar bo‘yicha kasbiy malakani baholash markazlari tashkil etiladi.

Pandemiya sharoitiga qaramasdan, karantin davrida 131,2 ming nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinib, ularning bandligi taʼminlandi.

Shu bilan birga, karantin davrida shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan subsidiyalar berish dasturi orqali dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqalarda band bo‘lgan fuqarolar soni 201,1 ming nafarga ortdi.

Shuningdek, koronavirus pandemiyasining mehnat bozoriga salbiy taʼsirini yumashatish maqsadida mehnat organlari tomonidan 588,2 ming (30 yoshgacha bo‘lganlar 159,9 ming va ayollar 229,4 ming) nafar ishsiz va band bo‘lmagan aholiga xizmatlar ko‘rsatildi.

Xususan, 501,1 ming nafari doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirish va jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi taʼminlandi, 15,0 ming nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi, 27,0 ming nafariga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 10,1 mlrd. so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi.

3.2. Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish.

“Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi etib qayta tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.

Jumladan, vazirlikka kambag‘allikni qisqartirish borasida iqtisodiy o‘sishning inklyuzivligini taʼminlash, davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tashkilotlari hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish hamda kambag‘allikni qisqartirishning aniq dastak va mexanizmlarini ishlab chiqish, xorijiy tajribani inobatga olgan holda kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlari va baholash uslubiyatini, ijtimoiy taʼminotning minimal standartlari va meʼyoriy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish vazifalari yuklatildi.

Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi ishlab chiqildi.

Bugungi kunda, BMT Taraqiyot Dasturi va Jahon bankining 10 nafar ekspertlari Kambag‘allikni qisqartirish dasturini ishlab chiqish uchun jalb etilgan.


15
Похожие новости