VI. Madaniyat, sport va turizmni yanada rivojlantirish
6.1. Madaniyat sohasini tubdan takomillashtirish choralari.
Madaniyat sohasini tubdan takomillashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borib, Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshirilishi, konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘imni bekor qilish, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etildi.
Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “ochiq eshiklar kuni” deb eʼlon qilinadi. “Ochiq eshiklar kuni”da fuqarolar muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko‘rish uchun davlat muzeylariga bepul kiritiladi. Farmon bilan 15 aprel sanasini “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi.
6.2. Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabada O‘zbekistonning munosib hissasini targ‘ib qilish.
Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabada O‘zbekistonning munosib hissasini aks ettirgan badiiy va hujjatli filmlar yaratildi hamda xorijiy va mahalliy telekanallarda namoyish etildi. Xususan, “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi xalq tomonidan yuksak eʼtirof etildi. Filmda dahshatli urush tufayli besh nafar bahodir o‘g‘lidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaq, yaʼni intizor bo‘lib kutgan Zulfiya Zokirova siymosida o‘zbek onalari, o‘zbek ayollariga mansub eng buyuk fazilatlar nihoyatda teran ifoda topgan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Gollandiyadagi fashistlar konslagerida insoniylik namunasini ko‘rsatib, qurbon bo‘lgan 101 nrafar o‘zbek askari haqidagi “101” hujjatli filmi suratga olindi.
Shuningdek, ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaning 75 yilligi sharafiga Toshkent shahrida muhtasham G‘alaba bog‘i, shuningdek, unda “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. O‘zbek xalqining qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.
Xorijiy kinokompaniyalar va kinostudiyalarni mamlakatga jalb etish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, xorijiy kinokompaniyalar va kinostudiyalarga o‘z mahsulotlarini O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish nazarda tutildi.
6.3. Turizm sohasini va yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etildi. Shuningdek, mamlakatning “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarga tarif va yig‘imlar uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalar uchun belgilangan miqdorda qo‘llaniladi. “Andijon” xalqaro aeroportiga esa “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomi berildi.
Turizm yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Bugungi kunga qadar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mahalliy hokimliklar bilan Andijon viloyatining Xonobod shahridan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga bog‘langan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahrigacha “O‘zbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori bo‘ylab turizm infratuzilmasi obyektlarini yaratish uchun salohiyatli hududlar xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijalariga ko‘ra 64 ta yo‘lbo‘yi turizm infratuzilmasi majmualarini namunaviy loyihalari ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” va “Ziyorat va anʼanaviy turizmni rivojlantirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlardagi madaniy meros va arxitektura obyektlari sonini 800 taga yetkazish hamda bu orqali ularning holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi