• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasining hamkorlik imkoniyatlari va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Joriy yilning 18-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Jahon Iqtisodiyoti va diplamatiyasi universiteti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Konrad Adenaur jamg‘armasi hamkorligida “Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.

Nufuzli xalqaro konferentsiyada Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisining o‘rinbosari Asqar Shakirov, Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining MDH tadqiqot markazi rahbari Eduard Soliyev, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti direktori Ivan Safranchuk, Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Xolid Taymor Akram, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining strategik tadqiqotlar markazi xodimi Muhammad Safi Sino hamda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonuchilik palatasi deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspert va tahlilchilari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy konferentsiyada ishtirokchilar tomonidan joriy yil iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferentsiya yakuni, unda belgilangan maqsad va vazifalar ijrosi hamda amaliy harakatlar quyidagi “Trans-mintaqaviy aloqaning yangi modeli va barqaror rivojlanish uchun Markaziy va Janubiy Osiyodagi transport-logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish”, “Oziq-ovqat, energetika va suv – Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik omillari”, “Raqamli transformatsiya - yangi voqelik, mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari” hamda “Uzoq muddatli mintaqaviy rivojlanishning asosiy omili sifatida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish” kabi to‘rtta sho‘ba majlislarida atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Xakimov konferentsiyaning uchinchi “Raqamli transformatsiya - yangi voqelik, mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlangan sho‘basida ishtirok etib, o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdi.

— Global pandemiya raqamli transformatsiya va raqamlashtirishning qanchalik muhimligini ko‘rsatib, bir qator mamlakatlarda mazkur jarayonlarni tezlashtirib yubordi. Ayniqsa bu onlayn xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarda yaqqol namoyon bo‘ldi va raqamlashtirish qanchalik muhim ekanligini isbotladi.

Shu boisdan, bugungi global o‘zgarishlarga to‘laqonli javob berish uchun mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo, tranzit, chegaralardan o‘tish borasida raqamli hamkorlikni kuchaytirish oldimizda turgan dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Sho‘balarda so‘zga chiqqan ekspertlar Toshkent konferentsiyasi nafaqat Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari davlatlari rivojlanishida, shu bilan birga O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar va ularni amalga oshirilishi jahon mamlakatlari taraqqiyotiga ham bevosita daxldor ekanligini qayt etishdi.

Jumladan, O‘zbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘layotganligi, tashqi siyosatdagi bosh ustuvor yo‘nalish Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini yaratish siyosati bugungi kunda boshqa mintaqa davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan ham izchil davom etayotganligini ta'kidladi. Xususan, Toshkent konferentsiyasi ishida 40dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotning 250dan ziyod nufuzli vakili ishtirok etdi.

Shuningdek, ishtirochi tomonlar Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalarida sodir bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan aniq pozitsiya va yondashuvlarini ishlab chiqib, jafokash Afg‘on xalqiga tinch va osoyishta hayot qurishda ko‘mak berish yo‘llarini izlash kerakligi, bunda “xalq diplomatiyasi” resurslaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidladi.

Yakunda ekspertlar tomonidan O‘zbekiston mintaqaviy va global kun tartibining eng dolzarb muammolarini hal qilish uchun doimo konstruktiv va ochiq muloqotga tayyor ekanligi, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati dunyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlik, o‘zaro ishonch va bir-birining manfaatlarini hurmat qilishga asoslanganligi bilan alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati