• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
SUD-HUQUQ TIZIMIDAGI STRATЕGIK ISLOHOTLAR INSON MANFAATLARI UCHUN XIZMAT QILMOQDA
38143 | 25 Noy. 2021 y.

Nilufar NODIRXONOVA,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi, 
bo‘lim boshlig‘i
 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani bejiz emas. Zero, davlat va jamiyatni tubdan modernizatsiya qilishda, eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda barcha sohalar qatori sud-huquq yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, mustaqil va xolis sudni talab qilish har bir insonning huquqi hisoblanadi. Bu huquq Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Faqat mustaqil sudgina har bir fuqaroning ishini sudda xolis va oshkora ko‘rish orqali toptalgan haq-huquqlarni himoya qilishi mumkinligiga ishonch uyg‘ota oladi. Bu jihatdan Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga zamin yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlar qo‘yildi. Bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasida strategik ahamiyatga ega muhim qadam tashlandi.

Jumladan, sudlar mustaqilligini ta’minlash maqsadida, Sudyalar oliy kengashi tashkil qilindi. Shuningdek, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, Oliy sud faoliyati takomillashtirildi. Hududlardagi xo‘jalik sudlari iqtisodiy sudlar sifatida qayta tashkil etildi, 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudiga ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqish vakolati berildi. Sudya lavozimida faoliyat yuritishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddati va muddatsiz davri belgilandi. Sudlarning o‘z moliyaviy, moddiy-texnik masalalarini mustaqil hal qilish boradagi vakolatlari adliya organlaridan olinib, Oliy sudga o‘tkazildi. Sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Shaxsning jinoyat sodir etishdagi aybdorligi faqat sud muhokamasida o‘z isbotini topgan dalillarga asoslanishi kerakligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlari qat’iyan taqiqlandi.

Sudda ishlarni ko‘rib chiqishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi. Sudlar faoliyatining shaffofligi, ochiqligi yo‘lida 10 mingdan ortiq jinoyat ishi sayyor sud muhokamalarida ko‘rib chiqildi. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash va dastlabki tergovning eng yuqori muddatlari kamaytirildi.

Sudyalikka nomzodlarni tanlov asosida ishga qabul qilish mexanizmi joriy etilgani alohida e’tirofga loyiq. Ilk bor sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini onlayn yoritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni ko‘rib chiqish muqobillik asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi. Albatta, malakali va yetuk sudyalar korpusini hamda sud apparati xodimlarini tayyorlashning yangi tizimi jamiyatda sud idoralariga bo‘lgan ishonchni oshirish, adolat barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, tom ma’noda sudni “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish hamda odil sudlovning yuqori darajaga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlar faqat iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi. Endi, bundan buyon prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da’vo arizasi bilan qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin.

Yana bir e’tiborga molik jihat shundaki, sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi tugatildi. Sud tizimida ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “Bir sud – bir instansiya” tamoyili, shuningdek, tumanlararo sudlarning qarorlarini viloyat sudlari tomonidan, viloyat sudlarining birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv instituti joriy qilindi. U mamlakatda jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligining tatbiq etilishi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasi yuqori pog‘onaga ko‘tarilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Taraqqiyot strategiyasi markaziShuningdek, Bosh prokuror va o‘rinbosarlarining sudning qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor bo‘ldi. Sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlar (reyting dasturi) amaliyotga tatbiq etildi. Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish maqsadida tuzilgan sud inspeksiyasi, shubhasiz, sudyalar daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga ko‘ra, jinoyat ishi tugatiladigan bo‘ldi.

Bugun mamlakatning sud tizimida gender tenglikni ta’minlash, ayollarning sud-huquq sohasidagi mavqeini oshirish, ayniqsa, ayol sudyalarni qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019-yilda 149 ayol sudya faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 157 tani tashkil etdi. 2021-yilning I-choragida mamlakatda jami 1214 nafar sudyadan 1053 nafari erkak bo‘lib, ayol sudyalar 161 ta, ya’ni 15,3% ni tashkil etdi. Shuningdek, bugunda oliy sudda faoliyat yuritib kelayotgan jami 63 sudyadan 15 nafari ayol sudyadir (31,25%).


O‘zbekiston tarixida ilk marotaba davlat organlari va mansabdor shaxslarning qarorlari hamda g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasida tizim yo‘lga qo‘yildi. Konstitutsiyaviy huquqni amalda ta’minlash maqsadida yaratilgan ushbu tizim qisqa muddatda o‘z natijasini bera boshladi. Misol uchun, 2019 va 2020-yillar mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan 31 321 ta ariza ko‘rilib, shundan 21 272 tasi yoki salkam 67,9% i qanoatlantirilgan. Jumladan, hokimlarning 2852 ta qarori noqonuniy deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.

O‘tgan 4 yil mobaynida 2770 nafar, 2020-yilda 781 kishiga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, 3434 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 5958 fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovlardan chiqarildi yoki o‘zgartirildi. Bu, shubhasiz, sud-huquq sohasida erishilgan ulkan yutuqlardan biridir.

Ta’kidlash joizki, uzoq yillar mamlakat uchun tamg‘a bo‘lib kelgan “Jasliq” jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi. Ushbu muassasaning yopilishi mamlakat siyosiy hayoti va jahon hamjamiyati oldida juda katta voqea bo‘ldi. Shuningdek, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahkumlar sonining 2,5 barobarga kamayishi inson huquqlarini himoya qilish sohasida muhim qadamdir.

 

Bojxona islohotlari jadal kechmoqda

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi amaliyoti yo‘lga qo‘yilganini qayd etish joiz. “Yashil yo‘lak” joriy etilmasdan oldin O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishda yo‘lovchi bojxona nazoratidan o‘tish uchun o‘rtacha 2 soatgacha vaqt sarflagan bo‘lsa, endilikda o‘rtacha 30 daqiqadan 1 soatgacha vaqt ichida chegara va bojxona nazoratini tark etmoqda.

 

Propiska tizimini isloh qilish – tarixiy qadam

Islohotlar samarasi o‘laroq, uzoq yillar davomida aholi uchun og‘riqli masala bo‘lib kelgan “propiska” tizimi tubdan isloh etildi. Xususan, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish, ularning o‘z siyosiy huquqlaridan to‘liq foydalanishlari, saylov jarayonlarida mamlakat fuqarosi sifatida ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Natijada, mamlakat hududida doimiy istiqomat qiladigan fuqaroligi bo‘lmagan 50 mingga yaqin shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi belgilandi. Bu boradagi masalalarni ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlariga amal qilish belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, xalqqa qulaylik yaratish yo‘lida fuqarolarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish “yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” dasturi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Yana pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyoti ham bekor qilindi.

 

Inson huquqlarini himoya qilish – bosh maqsad

Ta’kidlash joizki, insoniylik nuqtai nazaridan, voyaga yetmagan mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashish huquqiga nisbatan bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi. Mahkuma ayollarning o‘z farzandlari bilan uchrashishining alohida tartibi belgilandi va mahkumlarning uchrashuvlari hamda telefon orqali muloqotlari soni ko‘paytirildi.

2020-yilning oktabr oyida milliy davlatchilik tarixida ilk bor O‘zbekiston BMTning asosiy organlaridan biri – Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylandi. Bu mamlakatda inson huquqlari va erkinliklari ta’minlanayotganining xalqaro e’tirofidir. AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati” (“Special Watch List”)dan chiqarilganini e’lon qildi. Bunday natijaga erishish yo‘lida O‘zbekiston ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlarni konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqdi. Jumladan, 20 ming nafardan ziyod fuqaro “maxsus ro‘yxatlar”dan chiqarildi.

Davlat rahbari tomonidan afv etish tizimining yo‘lga qo‘yilgani va izchil tarzda davom ettirilayotgani mamlakatda olib borilayotgan islohotlar insonparvarlik tamoyillariga to‘liq mos ekaniga dalildir. Jumladan, 2017–2020-yillarda jazo muddatini o‘tayotgan 5 mingga yaqin mahkumga nisbatan afv etish aktlari qo‘llanildi. Ushbu davr ichida xulqi ijobiy tasniflangan 67,4 ming mahkumga nisbatan yengil choralar qo‘llanildi. Xususan, bu borada 2020-yil davomida Prezident tomonidan 5 ta tegishli farmon imzolandi. Natijada, 616 nafar mahkum afv etildi. Afv etilgan shaxslarning 274 nafari jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 237 ta shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi, 76 nafariga tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtirildi. Afv etilganlarning 87 nafarini ayollar, 29 tasini chet el fuqarolari, 290 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish – bugungi kun talabi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish borasida O‘zbekistonda ilk bor “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, korrupsiyaga qarshi kurashish institutsional va tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilandi. Agentlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab, shart-sharoitlarini bartaraf etish hisoblanadi. Agentlik har yili ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi lozim bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Milliy ma’ruzani shakllantiradi. Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi.

 

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi

Shu o‘rinda, Prezident Sh.Mirziyoyevning “Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir”, degan so‘zlarini eslab o‘tish maqsadga muvofiq. Zero, bugun mamlakatda olib borilayotgan barcha sohalardagi islohotlar, demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tarzda tus olmoqda. Buni, o‘z navbatida, xalqaro hamjamiyat ham e’tirof etmoqda.

Xususan, Huquq ustuvorligi indeksi (The Rule of Law index) ko‘rsatkichlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2019-yilda 128 davlat ichidan 94-o‘rinni, 2020-yilda esa 92-o‘rinni egalladi.

“Tartib va xavfsizlik” ko‘rsatkichi bo‘yicha esa O‘zbekiston eng yaxshi natijani qayd etib, Kanada, BAA, Vengriya bilan bir qatorda 9-o‘rindan joy oldi.

Shuningdek, 2020-yilda e’lon qilingan Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2019-yil bo‘yicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 25 ball bilan 153-o‘rinni egallab, 5 pog‘onaga ko‘tarilgan. 2018-yilda esa bu ko‘rsatkich 23 ball bilan 158-o‘rinni tashkil etdi.

Ko‘rinib turibdiki, Yangi O‘zbekistonda islohotlarning dolzarb bo‘g‘ini bo‘lgan qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh etish, fuqarolarning huquq-manfaatlarini himoya qilish borasida strategik qadamlar tashlanmoqda. Shubhasiz, bu tub o‘zgarishlar xalq manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan amaliy ishlarning ifodasidir.

 


59
Похожие новости