• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
SUNʼIY INTELLEKT: TAʼLIM SIFATINI OSHIRISH DRAYVERI
8316 | 07 May. 2025 y.

Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi”  markazi boʻlim boshligʻi
Ramzidin NURIDINOV, 
“Taraqqiyot strategiyasi”  markazi bosh mutaxassisi

 

Bugungi kunda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish davlatimiz tomonidan jadal surʼatlarda qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Shu maqsadda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4996-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat sunʼiy intellekt asosidagi texnologiyalarni rivojlantirish uchun qulay muhitni shakllantirishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

Sunʼiy intellekt, axborot xavfsizligi, maʼlumotlarni himoya qilish, raqamli iqtisodiyot va robototexnika kabi sohalarda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Cyber University tashkil etildi. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab esa, yurtimizdagi 12 ta oliy taʼlim muassasasiga sunʼiy intellekt yoʻnalishi boʻyicha 572 nafar talaba, shundan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 510 nafar va magistratura mutaxassisliklariga 62 nafar talaba qabul qilindi.

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi[1] qabul qilindi, mazkur hujjat bilan uzoq muddatli istiqbolda ushbu yoʻnalishda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Muammo va chaqiriqlar

Raqamli texnologiyalar va kadrlar tayyorlash tizimida ijobiy oʻzgarishlarning kuzatilayotganligiga qaramay, Oʻzbekistonda taʼlim tizimi kompleks yondashuv va modernizatsiyani talab etadigan qator muammolarga duch kelmoqda. Xususan:

I. Innovatsion texnologiyalarning oʻquv jarayoniga yetarli darajada integratsiya qilinmaganligi. Aksariyat taʼlim muassasalarida raqamli vositalar va interaktiv platformalardan foydalanish maʼlum darajada cheklangan, bu esa, oʻz navbatida, taʼlimda samaradorlikni pasaytiradi hamda oʻquvchilarning raqamli savodxonlik borasidagi bilimini rivojlantirishga imkon bermaydi. Natijada, maktab oʻquvchilari texnologik taraqqiyot bilan bogʻliq zamonaviy muammolarni anglab yetishga va ularni ijobiy hal etishga yetarli darajada tayyor boʻlmaydi.

Bu muammo, ayniqsa, kompyuter, internet va zamonaviy taʼlim dasturlaridan foydalanish mushkul boʻlgan qishloq maktablarida yaqqol koʻzga tashlanmoqda, masalan, 2022-yilda Oʻzbekistonda qishloq maktablarining 30 foizdan ortigʻi barqaror internetga ulanish imkoniyatiga ega boʻlmagan[2].

UNICEF tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, maktab oʻquvchilarining 40 foizi kompyuterdan umuman foydalana olmaydi, atigi 37 foizigina raqamli savodxonlikka ega. Qishloq joylarda vaziyat yanada murakkab – bolalarning 30 foizdan kamrogʻi raqamli qurilmalardan foydalanishni biladi, xolos. Bu, qishloq oʻquvchilarini shaharlik tengdoshlariga nisbatan noqulay ahvolga solib qoʻyadigan jiddiy raqamli tengsizlikdan dalolat beradi[3].

Bundan tashqari, taʼlim jarayonini raqamlashtirish darajasining pastligi oʻqituvchilarning tayyorgarlik sifatiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Aksariyat oʻqituvchilar zamonaviy taʼlim platformalari bilan ishlashda yetarli tajribaga ega emas, bu esa, oʻz navbatida, ularning ilgʻor oʻqitish usullarini qoʻllash imkoniyatini cheklaydi.

II. Taʼlim tizimida malakali oʻqituvchilarning yetishmasligi jiddiy muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Bu, oʻquvchilarning nafaqat sifatli bilim olishiga, balki ularning kelajagiga, mamlakatning ilmiy, texnologik va ijtimoiy sohalardagi rivojlanishiga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yil 28-avgustda taʼlim sifatini oshirish, maktablarda oʻquvchi oʻrnini koʻpaytirish va oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda pedagog kadrlar tayyorlash darajasidan xavotirda ekanligini bildirdi. Prezidentning taʼkidlashicha, 220 ming oʻqituvchidan 86 ming nafari, yaʼni 37 foizining bilim va koʻnikmalari “qoniqarsiz” deb baholangan[4]. Ayniqsa, zamonaviy taʼlimning poydevori boʻlgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fanlari oʻqituvchilari bilan bogʻliq vaziyat xavotirli. Ushbu fanlarni sifatli oʻqitmasdan turib, tanqidiy fikrlaydigan, innovatsiyalar yaratadigan, jamiyatning kelajagi bilan bogʻliq boʻlgan murakkab ilmiy va texnologik muammolarni hal qila oladigan avlodni tarbiyalab boʻlmaydi.

III. Mehnat bozori talablariga javob bermaydigan eski oʻqitish dasturlari oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash va asosiy koʻnikmalarni shakllantirishga toʻsqinlik qiladi. Mazkur dasturlar bugungi kundagi ilgʻor taʼlim amaliyotlarini va oʻqitishning yangi yondashuvlarini hisobga olmaydi. Bu borada Prezident Sh.Mirziyoyev 2020-yil 30-oktyabr kuni mamlakatda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fanni jadal rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda “Maktablarda oʻqitish metodikasi oʻzgarmasa, taʼlim sifati ham, uning mazmuni ham, muhiti ham oʻzgarmaydi” deb, keskin oʻzgarishlar qilish zarurligini taʼkidlagandi[5].

Oradan bir yarim yil oʻtib, 2022-yil 5-aprel kuni xalq taʼlimidagi islohotlar tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda Davlat rahbari bu masalaga yana bir bor eʼtibor qaratib, oʻqitishda eskicha yondashuvlar jiddiy toʻsiq boʻlib qolayotganini taʼkidladi[6]. Shuningdek, Prezident maktablarda ilgʻor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tashabbuslar yoʻqligini tanqid qilib, aniq maʼlumotlarni keltirib oʻtdi: jumladan, mamlakatdagi 852 ta maktabda oʻqituvchilarning salohiyati pastligi va bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlik darajasi yetarli emasligi sababli taʼlim sifati qoniqarsiz ahvolda qolmoqda.

Taklif va tavsiyalar

Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sohasidagi zamonaviy global tendensiyalar taʼlim tizimidan nafaqat moslashuvchanlikni, balki ilgʻor texnologiyalarni jadal surʼatlarda joriy etishni ham talab qiladi. Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, taʼlim jarayoniga sunʼiy intellektning muvaffaqiyatli integratsiyasi taʼlim sifatini oshirish, raqamli tafovutni bartaraf etish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash imkonini beradi.

Aniqlangan muammolarni hal etish va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining taʼlimni modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor vazifalariga samarali erishish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:

Birinchidan, sunʼiy intellektni taʼlim jarayoniga muvaffaqiyatli va xavfsiz integratsiya qilish uchun axloqiy jihatlarni hamda oʻquvchilar va oʻqituvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi taʼlim sohasida sunʼiy intellektdan foydalanishni tartibga solishning aniq huquqiy asoslarini belgilash zarur.

SoSafe Cybercrime Trends 2025 hisobotiga koʻra, oʻtgan yili dunyo boʻylab tashkilotlarning 87 foizi sunʼiy intellekt yordamida kiberhujumlarga uchragan. Bu esa, raqamli xavfsizlikka davlat darajasida samarali choralar koʻrish zarurligini koʻrsatadi[7].

Bunday chaqiriqlarga javoban 2024-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi sunʼiy intellekt tizimlaridan foydalanish bilan bogʻliq xavflarni kamaytirish maqsadida ularni tartibga soluvchi dunyodagi birinchi qonunni qabul qildi. Qonun bilan har bir daraja uchun tegishli talablarni bosqichma-bosqich joriy etgan holda tavakkalchilikning toʻrt darajasi – minimal darajadan yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan darajagacha tasnifi belgilandi.

Shuningdek, taʼlim muassasalarida shaxsiy maʼlumotlar nazorati va ishonchli himoya qilish mexanizmlarini, jumladan Yevropa Ittifoqida amalda boʻlgan Maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha umumiy reglamentga (GDPR) mos sunʼiy intellekt tizimlarini xalqaro standartlarga muvofiq majburiy sertifikatlashni amalga oshirish muhim.

Yevropa tajribasini qoʻllash uchun Oʻzbekistonda taʼlimda sunʼiy intellekt tizimlarini sertifikatlashning milliy standartini ishlab chiqish, bunda GDPR meʼyorlariga eʼtiborni qaratish va ularni mahalliy qonunchilikka muvofiqlashtirish lozim.

Dunyodagi eng qatʼiy maxfiylik va xavfsizlik qonuni hisoblangan Yevropa Ittifoqining maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha umumiy reglamenti (GDPR) standartlarga qatʼiy rioya etishni talab qiladi va GDPR sertifikatining mavjudligi esa tashkilot, mahsulot yoki xizmatning ushbu talablarga javob berishini tasdiqlaydi[8].

GDPRning joriy etilishi natijasida 2019-yilning oʻzida mijozlarning 31 foizi texnologiyalarga, shu jumladan sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalarga boʻlgan ishonch boʻyicha ijobiy oʻzgarishlarni qayd etgan boʻlsa, Buyuk Britaniyada esa 62 foizdan ziyod isteʼmolchilar shaxsiy maʼlumotlarini baham koʻrishni maʼqul koʻrgan.

Shuningdek, GDPR talablariga javoban Yevropa kompaniyalarining 73 foizi mijozlarning maʼlumotlarini boshqarishni yaxshiladi, 62 foizi kiberxavfsizlikka sarmoya kiritishni koʻpaytirdi, shuningdek, standartlarga rioya qilish va shaffoflikni oshirish uchun maʼlumotlarni toʻplash va saqlash yondashuvlarini qayta koʻrib chiqdi[9].

Ikkinchidan, maktab va oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish, informatika va axborot texnologiyalari fanlarini dasturlash asoslari, robototexnika va sunʼiy intellekt kabi zamonaviy yoʻnalishlar bilan boyitish, Malayziyaning #MyDigitalMaker tashabbusi misolida amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlimga eʼtibor qaratish zarur. Shu bilan birga, taʼlim muassasalari negizida texnologik xablarni rivojlantirish, ularni kompyuter uskunalari va internet tizimi bilan uzluksiz taʼminlash, ayniqsa, qishloq joylardagi qariyb 30 foizi ishonchli tarmoqqa ulanmagan maktablarga diqqatni qaratish lozim.

#MyDigitalMakerga oʻxshash dasturni Oʻzbekistonda uch bosqichda ishga tushirish mumkin. Birinchi bosqichda 100 ta maktabda tajriba tariqasida xalqaro tajriba va #MyDigitalMaker imkoniyatlarini hisobga olib oʻquv modullarini sinovdan oʻtkazadigan birinchi texnologik xablarni yaratish maqsadga muvofiq. Bunda mashgʻulotlar amaliyotga yoʻnaltirilgan boʻlishi va sunʼiy intellektga asoslangan real texnologiyalar bilan ishlashni oʻz ichiga olishi zarur. Ikkinchi bosqichda ushbu dasturni 1000 ta maktabga, uchinchi bosqichda esa butun mamlakatga tatbiq etish maqsadga muvofiq. Zero, xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, IT-taʼlimiga sarflangan har bir dollar mamlakat iqtisodiyotiga 10 dollargacha daromad keltiradi.

2016-yil avgust oyida Malayziyada boshlangan MyDigitalMaker tashabbusi yoshlarni raqamli texnologiyalarning oddiy foydalanuvchilaridan faol dasturchilariga va raqamli iqtisodiyot ishtirokchilariga aylantirishga imkon berdi.

2024-yilga kelib, dasturlash va hisoblash tafakkurini oʻquv dasturiga integratsiya qilish natijasida 70 dan ortiq Digital Maker Hubs markazlarida oʻtkazilgan darsdan tashqari tadbirlar orqali 2,5 millionga yaqin malayziyalik maktab oʻquvchilari #mydigitalmaker tashabbusi bilan qamrab olindi. Dastur oʻquvchilarning xalqaro muvaffaqiyatlariga ham hissa qoʻshdi: 2023-yilda Malayziya Xalqaro Scratch olimpiadasida eng yaxshi 10 talikka kirdi va Janubiy Koreyada boʻlib oʻtgan Xalqaro yoshlar robototexnika tanlovida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, Vyetnamda boʻlib oʻtgan SECASO-2024 musobaqasida malayziyalik talabalar ikkita oltin, ikkita kumush va toʻrtta bronza medalini qoʻlga kiritdi[10].

Uchinchidan, raqamli savodxonlikni oshirishga qaratilgan Malayziyaning Cikgu Juara Digital (CJD) tashabbusi misolida oʻqituvchilar malakasini oshirish milliy dasturini ishlab chiqish zarur. Dastur raqamli platformalar, sunʼiy intellekt texnologiyalari va raqamli muhitga moslashtirilgan zamonaviy oʻqitish usullari bilan ishlashini nazarda tutish lozim. Kelgusida dastur ishtirokchilari olgan bilimlarini hamkasblariga seminar va treninglar orqali yetkazishi va professional hamjamiyatga tarqatishlari mumkin boʻladi.

Oʻzbekiston sharoitida ushbu dastur bitiruvchilarini kadrlar yoki uslubiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan maktablarga, ayniqsa qishloq joylarda yoki OTMga kirish koʻrsatkichlari past boʻlgan muassasalarga tajriba almashish va boshqa oʻqituvchilarning malakasini oshirish uchun yuborish maqsadga muvofiq. Ushbu dasturni Davlat rahbari tomonidan oʻqituvchilarning 37 foizi (220 mingdan 86 ming nafari) yetarli darajada malakaga ega emasligi boʻyicha tanqid qilib oʻtgan maktablarga qoʻllash gʻoyatda muhimdir.

Cikgu Juara Digital (CJD) – Malayziya milliy dasturi boʻlib, oʻqituvchilarda raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish va ularni taʼlimning raqamli transformatsiyasiga tayyorlashga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida 356 nafar oʻqituvchi tayyorlanib, 24 mingdan ortiq maktab oʻquvchilariga sunʼiy intellekt va maʼlumotlar toʻgʻrisidagi fan asoslari oʻrgatildi. Bundan tashqari, dastur ishtirokchilari hamkasblari uchun hisoblash tafakkuri, dasturlash va boshqa IT yoʻnalishlari boʻyicha treninglar oʻtkazadilar, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy eta oladigan professional hamjamiyatni shakllantiradilar[11].

Toʻrtinchidan, taʼlim dasturlarining zamonaviy kasbiy muhit talablariga muvofiqligini taʼminlash uchun sunʼiy intellekt yordamida real vaqt rejimida mehnat bozoridagi ehtiyojni tahlil qilish va qayta ishlash amaliyotini joriy etish imkoniyatini oʻrganish lozim. Bunday amaliyot Xelsinki universitetida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Joriy taʼlim dasturlari va ish beruvchilarning kutilmalari oʻrtasidagi nomuvofiqliklarni aniqlash imkonini beruvchi vakolatlar xaritalarini ishlab chiqish mazkur jarayonning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Misol tariqasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻtkazgan tajriba tahlilini keltirish mumkin. Tahlil jarayonida Oʻzbekistonda talabi yuqori boʻlgan kasblar aniqlanib, bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taqqoslandi va natijada IT yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tanqisligi va taʼlim sohasida kadrlarning ortiqcha tayyorlanayotganligi aniqlandi. Mazkur natijalar taʼlim dasturlarini mehnat bozori talabiga muvofiqlashtirish zarurligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Xelsinki universiteti Finlyandiya oliy taʼlim muassasalari orasida bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarni namoyish etgan. 2023-yil oxirida farmatsevtika va maktabgacha taʼlim sohasida magistratura va bakalavriat bosqichlarini 2018-yilda tamomlagan bitiruvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, ularning 94 foizi oʻqishni tugatganidan soʻng besh yil ichida ish topgan. 2020-yilgi doktorantura bitiruvchilari orasida ishga joylashish darajasi 96 foizni tashkil etdi, bu esa ilmiy kadrlarga boʻlgan talabning yuqoriligini koʻrsatadi. Shu bilan birga, talabalarning 87 foizi universitetda olgan bilimlarini oʻz kasbiy faoliyatida qoʻllashini, 83 foizi esa hozirgi faoliyati olgan taʼlimiga mos kelishini taʼkidlagan[12].

Beshinchidan, 5-sinfdan boshlab matematika, ingliz tili va tabiiy fanlarni oʻqitish uchun Britaniyaning CENTURY Tech ga oʻxshash milliy raqamli personallashtirilgan taʼlim platformasini, shuningdek, oʻqituvchilarning yukini kamaytirish va oʻquv materiallarini oʻquvchilarning individual ehtiyojlariga moslashtirishni taʼminlaydigan darslarni rejalashtirish vositalarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Oʻzbekistonning barcha maktablarida matematika, ingliz tili va tabiiy fanlar boʻyicha moslashtirilgan oʻquv dasturlarini joriy etish taʼlim sifatini oshirishda muhim qadam hisoblanadi. 2022-yilgi PISA reytingi natijalariga koʻra, Oʻzbekiston 81 mamlakat orasida 78-oʻrinni egallagan.

CENTURY Tech – bu moslashtirilgan taʼlimni tashkil etish uchun sunʼiy intellektni pedagogika va neyrofan bilan uygʻunlashtirgan Britaniya taʼlim platformasi. U oʻquvchilarning yutuqlari va qiyinchiliklarini kuzatib boradi, vazifalarni avtomatik tarzda shakllantiradi yoki oʻqituvchilarga ularni belgilash uchun tavsiyalar beradi. Tadqiqotlar natijalariga koʻra, ushbu platformadan foydalanish oʻquv materiallarini tushunish darajasini taxminan 30 foizga oshiradi hamda oʻqituvchilarning maʼmuriy yuklanmalarini haftasiga oʻrtacha 6 soatga kamaytiradi. Bu esa, oʻqituvchilarga oʻquvchilarni oʻqitish va ular bilan ishlashga koʻproq vaqt ajratish imkonini beradi.

Shuningdek, maktablarda fizika, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha tajribalar oʻtkazish uchun VR/AR texnologiyalari va Labsterga oʻxshash virtual laboratoriya platformalarini bosqichma-bosqich joriy etish masalasini oʻrganish maqsadga muvofiq. Bu, 2020-yildagi yigʻilishda Prezident Sh.Mirziyoyev Oʻzbekiston maktablarida tabiiy fanlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlarga oʻquv vaqtining atigi 10 foizi ajratilishini, rivojlangan mamlakatlarda esa bu koʻrsatkich 30 foizdan 50 foizgacha ekanligini taʼkidlaganini inobatga olsak, ayniqsa, dolzarb masaladir.

Oʻzbekistonda oʻquv-laboratoriya jihozlarining sezilarli yetishmovchiligi sharoitida VR/AR texnologiyalarini joriy etish dolzarb hisoblanadi. Maktablarda 683 ta fizika, 897 ta kimyo va 901 ta biologiya xonasi zarur jihozlar bilan umuman taʼminlanmagan, qolaversa, yana

7 807 ta fizika, 7 776 ta kimyo va 7 770 ta biologiya xonasidagi jihozlar eskirgan[13].

Shu bilan birga, VR/AR texnologiyalaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarali yechim hisoblanadi, chunki raqamli taʼlim vositalariga bir martalik sarmoya kiritish cheklangan byudjet va resurslar sharoitida qimmatbaho laboratoriya uskunalarini sotib olish, saqlash va yangilash xarajatlarini bir necha baravar kamaytirish, shuningdek, ularni taʼmirlash va almashtirish xarajatlarini minimallashtirish imkonini beradi.

Labster – AQSHda 3D oʻqitish uchun dasturiy taʼminot boʻlib, STEM fanlari boʻyicha interaktiv virtual laboratoriyalarni taklif etadi, bu talabalarni haqiqiy ilmiy muhitga shoʻngʻishga va materialni chuqurroq oʻzlashtirishga yordam beradi. 2023-yilgi tadqiqot natijalariga koʻra, biologiya kursiga Labster dasturining joriy etilishi A va B baholarga ega talabalar ulushini 71 foizdan 83 foizga oshirdi va taʼlimning dastlabki bosqichlarida platformadan foydalangan holda STEM yoʻnalishlarini yanada chuqurroq oʻrganishga boʻlgan qiziqishni besh baravarga oshirdi.

Bundan tashqari, virtual laboratoriyalarga, masalan, kimyo kursiga oʻtish bekorchi vaqtni qisqartirish va oʻquv mashgʻulotlari sonini koʻpaytirish orqali xarajatlarni 12 foizga kamaytirish imkonini berdi[14].


[1] https://lex.uz/ru/docs/7158606

[2] https://www.gazeta.uz/ru/2024/03/06/school/

[3] https://uzbekistan.un.org/sites/default/files/2022-05/Edu%20Sit%20An_UNICEF%202022_0.pdf

[4] https://president.uz/ru/lists/view/6622

[5] https://president.uz/ru/lists/view/3924

[6] https://president.uz/ru/lists/view/5109

[7] https://the-cfo.io/2025/03/10/the-ai-cybercrime-wave-has-now-reached-87-of-global-businesses/

[8] https://gdpr.eu/article-42-data-protection-certification/

[9] https://www.privacyengine.io/gdpr-statistics-worldwide-2024/#download-gdpr-global-statistics-for-2024

[10] https://mdec.my/ms/mydigitalmaker#mydigitalmaker_intro

[11] https://www.malaysianwireless.com/2025/02/gobind-malaysia-strategy-ai-cybersecurity/

[12]https://www.helsinki.fi/en/news/university/university-helsinki-graduates-report-record-high-satisfaction-their-degrees-and-low-unemployment-rate#:~:text=The%20proportion%20of%20employed%20in,unemployed%20at%20all%20since%20graduation.

[13] https://president.uz/ru/lists/view/3421

[14] https://www.labster.com/guides/4-ways-labster-helps-solve-higher-ed-challenges

 


5
Похожие новости