Suv resurslari taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda suvni tejash va uning isrofgarchiligini kamaytirish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega boʻlib, ayni paytda, bu boʻyicha salmoqli tajriba toʻplagan Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (FKADHK) mamlakatlari tajribasi Oʻzbekiston uchun foydali boʻlishi mumkin.
I. Oʻzbekiston va FKADHK mamlakatlarining mavjud suv resurslari va samaradorlik koʻrsatkichlarining qiyosiy tahliliga koʻra,
- Oʻzbekistonda suvdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi (bir kub metr suvdan yaratiladigan iqtisodiy qiymat[1]) juda past ($2,6/m³) boʻlib, bu FKADHK mamlakatlariga (BAA – $89,6/m³, Qatar – $191,7/m³, Saudiya Arabistoni – $28/m³) nisbatan juda kam ekanligidan dalolat bermoqda;
- Oʻzbekistonda aholi jon boshiga tiklanadigan suv resurslari FKADHKga nisbatan sezilarli darajada koʻp (Oʻzbekistonda - 1400 m³/yil[2], FKADHKda — <100 m³/yil), lekin Oʻzbekiston ham suv stressi[3] holatida va resurslarining 80%dan ortigʻini tashqi (transchegaraviy) manbalardan[4] oladi. FKADHK esa asosan dengiz suvini chuchuklantirish hamda yer osti suvlariga tayanadi;
- Oʻzbekistonda suvning aksariyat qismi (~87%)[5] qishloq xoʻjaligi (irrigatsiya) uchun ishlatiladi. FKADHKda esa asosiy isteʼmol shahar kommunal ehtiyojlari va sanoatga toʻgʻri keladi[6];
— Oʻzbekistonda eng katta muammo – irrigatsiya tizimlarining past samaradorligi (FIK-0,63)[7] va ulardagi ulkan yoʻqotishlardir. FKADHKda esa asosiy chaqiriq – chuchuklantirishning yuqori energiya sarfi va aholining oʻta yuqori suv isteʼmolidir[8]. Shu bilan birga, FKADHK mamlakatlari shahar tarmoqlaridagi yoʻqotishlarni (NRW) kamaytirishda katta yutuqlarga erishilgan[9].
- FKADHKda esa tozalangan oqova suvlardan foydalanish (~1,8 mlrd.m³/yil)[10] chuchuk suvni tejashning muhim yoʻnalishiga aylangan. Oʻzbekistonda esa asosan kollektor-zovur suvlaridan qayta foydalanish (~1,6 mlrd m³/yil)[11] mavjud boʻlib, kommunal oqova suvlarni tozalab, keng miqyosda qayta ishlatish amaliyoti hali rivojlanmagan.
Suvdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi
(1 m³ yaratiladigan iqtisodiy qiymat)
|
Qatar |
$191,7 |
|
BAA |
$ 89,6 |
|
Saudiya Arabistoni |
$ 28 |
|
Oʻzbekiston |
$ 2,6 |
II. Oʻzbekistonning suv yoʻqotishlarining koʻlami tahlili shuni koʻrsatmoqda-ki, Oʻzbekistonning eskirgan va katta qismi tuproq oʻzanli irrigatsiya tarmoqlarida (FIK — 0,63) suvning taxminan 40% gacha boʻlgan qismi filtratsiya (singish)[12], bugʻlanish va boshqa texnik sabablarga koʻra yoʻqotiladi, bu yiliga (yiliga sugʻorishga oʻrtacha 40-41 mlrd m³ suv olinishini hisobga olsak) 15-16 mlrd. m³ atrofidagi suvning behuda sarf boʻlishini[13] anglatadi. Bunga suv omborlari (FAO maʼlumotiga koʻra, 22 mlrd m³dan ortiq[14]) yuzasidan bugʻlanish (~10% bugʻlanish)[15] hisobiga yoʻqotiladigan taxminan 2 mlrd. m³ suvni ham qoʻshish mumkin.
Oʻzbekistonda birgina irrigatsiya tizimlarida yoʻqolayotgan suv hajmi (15-16 mlrd m³) Saudiya Arabistonining butun qishloq xoʻjaligi bir yilda isteʼmol qiladigan suv hajmiga (~21,2 mlrd. m³) deyarli tengdir! Vaholanki, ikki mamlakat aholisi soni deyarli bir xil (~37 mln.kishi)[16], lekin Saudiya Arabistonining iqtisodiy salohiyati (YAIM hajmi) Oʻzbekistonnikidan qariyb 11 baravar yuqori[17].
III. FKADHK mamlakatlarining tajribasi shuni koʻrsatadiki, raqamli texnologiyalarni maqsadli qoʻllash, maʼlumotlarga asoslangan boshqaruvga oʻtish va institutsional islohotlarni birgalikda amalga oshirish orqali suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish mumkin, xususan:
3.1. Qishloq xoʻjaligida suvni tejashni haqiqiy iqtisodiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini yaratish, bunda suv olish nuqtalarida suv sarfini hajm boʻyicha oʻlchaydigan arzon va ishonchli raqamli (masalan, “smartsticks” kabi[18]) qurilmalarni bosqichma-bosqich keng joriy etish, ushbu qurilmalardan olingan maʼlumotlarni yagona elektron platformaga avtomatik uzatish tizimini yoʻlga qoʻyish, suv yetkazib berish xizmati uchun olinadigan toʻlovlarni suvning hajmiga bogʻlash mexanizmini tajribadan oʻtkazish, texnologiyani oʻrnatgani uchun emas, balki uni ishlatib, aniq natija koʻrsatgani uchun qoʻshimcha ragʻbat berish (suv isrofgarchiligining 25-35% gacha kamayishi, va buning hisobiga yiliga 3-5 mlrd m³ gacha suv iqtisod qilinishi imkoniyati[19]).
Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonda odatda fermerlar suv tejash usullarini bilgan holda, lekin aniq hisob-kitob va moliyaviy manfaatdorlik boʻlmagani uchun ularni qoʻllashmaydi. FKADHK mamlakatlarida (ayniqsa shaharlarda) aqlli hisoblagichlar orqali isteʼmolni aniq oʻlchash talabni boshqarishda muhim rol oʻynaydi. Suv asosan davlat tomonidan subsidiyalansa-da, isteʼmol hajmini bilish va uning narxini his qilish tejamkorlikka undaydi. Shuningdek, Qatarning “Tarshid” dasturi kabi tashabbuslar raqamli maʼlumotlar asosida isteʼmolchilarni xabardor qilish va ragʻbatlantirish orqali sezilarli natija bergan[20].
3.2. Yirik shaharlar va sanoat zonalari atrofida tozalangan oqova suvlardan texnik maqsadlarda (sanoat, shahar atrofini yashil belbogʻ qilish, yashil hududlar, ehtimol, texnik ekinlar) foydalanish boʻyicha iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan namunaviy loyihalarni amalga oshirish (yiliga 1 mlrd m³ dan ortiq chuchuk suvni tejash imkoniyati[21]).
Maʼlumot uchun: FKADHK tajribasi, xususan BAAning 100%ga yaqin qayta foydalanish amaliyoti tozalangan oqova suvlarining chuchuk suvni tejashdagi ulkan salohiyatini koʻrsatadi[22].
3.3. Qishloq xoʻjaligida zamonaviy suv tejovchi sugʻorish usullarini (tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorishni) keng miqyosda joriy etishni jadallashtirish hamda ularni ilgʻor agrotexnik tadbirlar (jumladan, mulchalash va sugʻorish rejimlarini optimallashtirish) bilan birgalikda kompleks qoʻllash (suv sarfini uzoq muddatda yiliga 5-7 mlrd m³ gacha kamaytiradi[23]).
Maʼlumot uchun: FKADHK mamlakatlari (ayniqsa, Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon) ushbu amaliyotni standart amaliyot sifatida keng qoʻllagan holda, ular bu texnologiyalarni takomillashtirish va avtomatlashtirishga (masalan, IoT datchiklari, mobil boshqaruv) katta investitsiya kiritgan. Bu texnologiyalar suv sarfini 50% dan 70% gacha kamaytirishi mumkin.
Koʻplab xalqaro tadqiqotlar (jumladan, Eron kabi Oʻzbekistonga iqlimi yaqinroq mamlakatlarda oʻtkazilgan tadqiqotlar) tomchilatib sugʻorishning sugʻorish samaradorligini 80-90% gacha, yomgʻirlatib sugʻorishni esa 60-75% gacha oshirishini tasdiqlaydi. Mulchalash bugʻlanishni 30-50% gacha kamaytirishi, optimal defitsitli sugʻorish esa hosildorlikni sezilarli pasaytirmasdan suv sarfini 10-20% ga qisqartirishi mumkinligi ilmiy asoslangan[24].
3.4. Irrigatsiya tizimlaridagi ulkan suv yoʻqotishlarini kamaytirish uchun magistral va xoʻjaliklararo kanallarning fizik holatini yaxshilash (bosqichma-bosqich betonlash/quvurlarga oʻtkazish) ishlarini raqamli diagnostika natijalariga asoslangan holda amalga oshirish hamda suvni boshqarish va taqsimlashni zamonaviy raqamli tizimlar orqali (SCADA, sensorlar, GAT-asosidagi vositalar, masofadan zondlash) integratsiyalashgan holda takomillashtirish (yoʻqotishlarini 20-30% gacha, yiliga 3-5 mlrd m³ gacha kamaytiradi, taʼmirlash xarajatlarini optimallashtiradi[25]).
Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonda suvni taqsimlash koʻpincha qoʻl mehnati va eskirgan usullarga tayaniladi, bu esa aniqlik va samaradorlikni pasaytiradi. FKADHKda har qanday muhim kanal yoki quvur tizimlarini boshqarishda SCADA tizimlaridan foydalaniladi, Saudiya Arabistoni va BAA infratuzilmani boshqarishda GAT va masofadan zondlash maʼlumotlarini qoʻllaydi, Ummonning quvurlardagi yoʻqotishlarni dron va sunʼiy yoʻldosh orqali aniqlash tajribasi texnologiyaning imkoniyatlarini koʻrsatadi.
3.5. Suv resurslarini boshqarishda maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishni taʼminlash uchun “Suv maʼlumotlari milliy platformasi”ni yaratish.
Maʼlumot uchun: FKADHK mamlakatlari (Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar) maʼlumotlarni shunchaki yigʻish emas, balki ularni markazlashgan platformalarda (masalan, BAA FCSC portali, Qatar IWIS) birlashtirish va ilgʻor tahlil, AI/ML vositalari orqali talabni prognozlash, tarmoqlarni optimallashtirish, resurslarni taqsimlash uchun faol foydalanmoqda.
[1] FAO AQUASTAT maʼlumotlar bazasiga koʻra, https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/
[2] FAO AQUASTAT maʼlumotlar bazasining Aholi jon boshiga qayta tiklanadigan umumiy suv resurslari (“Total renewable water resources per capita”) koʻrsatkichi – 1398,7 m³/yil, https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/
[3] Oʻzbekistonda suv stressi darajasi – 123% (2022-y.), xalqaro tashkilotlar (FAO, Jahon Banki) Oʻzbekistonni suv stressini boshdan kechirayotgan mamlakatlar qatoriga kiritgan.
[4] FAO AQUASTAT maʼlumotlar bazasining maʼlumotlariga koʻra “Bogʻliqlik darajasi” (Dependency ratio) koʻrsatkichi 80,07%ni tashkil etgan, https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/
[5] Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga asosan (~40 mlrd.kub.m — sugʻorishga/~46 mlrd.kub.m).
[6] FAO AQUASTAT maʼlumotlar bazasining maʼlumotlariga koʻra, BAA (~51%), Kuvayt (~62%), Bahrayn (~33%) va Qatarda (~33%) qishloq xoʻjaligi ulushi ancha past, https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/
[7] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 10.07.2020-yildagi PF-6024-son, https://lex.uz/docs/4892946
[8] FAO AQUASTAT (isteʼmol boʻyicha) (https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/), Xalqaro Chuchuklantirish Assotsiatsiyasi (IDA) hisobotlari (https://idadesal.org/e-library/idra-water-security-handbook/) va energetika va suv boʻyicha tadqiqotlarga koʻra.
[9] DEWA yillik hisobotlari https://feeds.dfm.ae/documents/2025/Mar/11/234e2cf3-a69a-47f0-820e-8a710606a59c/DEWA%20Integrated%20Repo.pdf
[10] FAO AQUASTAT maʼlumotlar bazasiga koʻra (1,850 mlrd m³), https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/
[11] FAO AQUASTAT maʼlumotlar bazasiga koʻra (Direct use of agricultural drainage water — 1,6 mlrd m³/yil), https://www.fao.org/aquastat/en/databases/maindatabase/
[12] Muallif hisob-kitobi, FIK koʻrsatkichidan kelib chiqadi (1 – 0,63 = 0,37, yaʼni ~40%)
[13] Muallif hisob-kitobi, 40% yoʻqotish (41 mlrd m³ * 0,40) = 16,4 mlrd m³
[14] FAO AQUASTAT (“Toʻgʻonlar sigʻimi”) Oʻzbekiston uchun umumiy toʻgʻon sigʻimi 22,01 km³ (yaʼni, 22,01 mlrd m³)
[15] Ochiq suv havzalaridan yiliga ~10% bugʻlanish koʻrsatkichi Markaziy Osiyo kabi issiq va quruq iqlim sharoitlari uchun umumiy qabul qilingan taxminiy baholash
[16] https://www.unfpa.org/data/world-population/SA
[17] Jahon Banki maʼlumotlariga asoslanib, muallif hisob-kitobi, ($1070 mlrd /$101 mlrd≈ 11)
[18] https://international-partnerships.ec.europa.eu/news-and-events/stories/how-tech-and-modern-market-mechanisms-can-solve-water-scarcity-uzbekistan_en
[19] Muallifning tahliliy hisob-kitobi va ekspertlik baholashiga asoslangan
[20] Oxford Business Group hisobotlari https://oxfordbusinessgroup.com/
[21] Muallifning tahliliy hisob-kitobi va ekspertlik baholashiga asoslangan
[22] Atrof-muhit Samaradorligi Indeksi (Environmental Performance Index — EPI) https://epi.yale.edu/country/2024/ARE
[23] Muallifning tahliliy hisob-kitobi va ekspertlik baholashiga asoslangan
[24] FAOning Irrigatsiya va drenajga oid nashrlari (FAO Irrigation and Drainage Papers), irrigatsiya muhandisligi boʻyicha darsliklar, koʻplab ilmiy maqolalarga asosan
[25] Muallifning tahliliy hisob-kitobi va ekspertlik baholashiga asoslangan