Jamshid SHARIPOV,
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi bo‘lim boshlig‘i
Ramzidin NURIDINOV, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bosh mutaxassisi
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri sanaladi. The Lancet jurnalining “Inson salomatligi va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 2024 yil” (The Lancet Countdown) hisobotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari yildan-yilga ortib bormoqda.
The Lancet Countdown – bu iqlim o‘zgarishi va inson salomatligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qiladigan xalqaro tadqiqot. U 200 dan ortiq olim va mutaxassis tomonidan har yili tayyorlanadi va BMT hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan e’tirof etiladi.
2024 yilda global harorat 1,55°C ga ko‘tarilib, Parij kelishuvida belgilangan 1,5°C chegaradan oshib ketdi. Iqlim o‘zgarishi tabiiy muhitga, odamlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga, oziq-ovqat xavfsizligiga, ishlab chiqarish qobiliyatiga va, umuman, turmush tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi jiddiy muammo sifatida 65 yoshdan o‘tgan insonlar orasida o‘lim darajasining 167 foizga ko‘payishiga, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas yo‘llari muammolarini keltirib chiqarishga, dunyo bo‘ylab mehnatga layoqatli aholi orasida 512,4 mlrd. soat ish vaqtining yo‘qotilishi natijasida daromadlarning 835 mlrd. AQSH dollarga qisqarishiga hamda PM2.5 moddalari bilan havo ifloslanishi oqibatida 3,33 million inson barvaqt o‘lim topmoqda.
Iqlim o‘zgarishining oqibatlari
The Lancet Countdown hisobotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida kelib chiqadigan asosiy muammolar quyidagilardan iborat:
UNICEF tomonidan 23 mamlakatdan olingan ma’lumotlar tahlili asosida tayyorlangan hisobotga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda havo haroratining ko‘tarilishi tufayli birgina 2021 yilda taxminan 377 nafar bola halok bo‘lgan[1]. O‘zbekistonda esa bolalarning 91 foizi, ya’ni qariyb 9,5 million nafari issiqlik stressidan aziyat chekmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga kelib mamlakatning iqlim o‘zgarishidan aziyat chekayotgan o‘nta davlat qatoriga kirish xavfi mavjud[2].
Shuningdek, respublikaning yirik shaharlarida, jumladan Toshkentda havoning PM2.5 zarrachalari bilan ifloslanish darajasi me’yordan ancha oshib, aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Birgina Toshkent shahrida yil davomida o‘rtacha 3 ming nafar kishi vafot etgan. Bular asosan insult, yurak ishemik kasalligi va pastki nafas yo‘llari infeksiyalari oqibatida yuz bergan. Jahon banki ma’ruzasiga ko‘ra, O‘zbekiston PM2.5 konsentratsiyasi bo‘yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi[3].
Toshkentda PM2.5 ifloslanishi bilan bog‘liq yillik o‘lim ko‘rsatkichlari, o‘lim sabablari bo‘yicha[4]
Bundan tashqari, global isish tufayli tundagi harorat yanada oshib, uyquning yomonlashishi natijasida yil davomida har bir kishi o‘rtacha 44 soatgacha uyqusini yo‘qotmoqda. Mazkur holat, ayniqsa, ayollar, keksalar va rivojlanayotgan davlatlarning aholisiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Haroratning ko‘tarilishi, yurak xurujlari, ruhiy kasalliklar va o‘z joniga qasd qilish kabi xavf-xatarlarni oshirmoqda, mehnat qobiliyatini pasaytirmoqda hamda aholining ijtimoiy-iqtisodiy zaifligini kuchaytirmoqda[5].
Yuqorida keltirilgan tasvirda 2050 yilda aholi sonining kutilayotgan o‘sishi natijasida suv bilan ta’minlanganlik darajasining o‘zgarishi aks ettirilgan. Unda suv resurslariga iqlim o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatmagan taqdirda ham, dunyoning rivojlanayotgan va qurg‘oqchil hududlari, jumladan O‘zbekiston suv tanqisligiga jiddiy duch kelishini ko‘rish mumkin[7].
Bundan tashqari, O‘zbekistonning qurg‘oqchil iqlimi bois, qishloq xo‘jaligida irrigatsiya tizimi muhim ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligi sohasi yalpi ichki mahsulot va bandlikning taxminan 25 foizini tashkil etadi. Suv resurslarining qariyb 90 foizi agrar sektorga sarflanadi, asosiy suv ta’minoti esa Amudaryo va Sirdaryo orqali kanallar tizimi yordamida amalga oshiriladi. Iqlim o‘zgarishi – muzliklar oqimining kamayishi, yog‘ingarchilikning noaniqligi va qurg‘oqchilik – suv tanqisligini kuchaytirib, suv zaxirasini 30–40 foizga kamaytirishi va sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojni 25 foizga oshirishi mumkin, bu esa, mamlakatning suvga bo‘lgan qaramligini yanada kuchaytiradi[8].
Shuningdek, 2023 yilda Yer yuzasining deyarli yarmi (48 foizi) kamida bir oy davomida kuchli qurg‘oqchilikka duchor bo‘ldi, bu 1951 yildan buyon ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Inson aralashuvi tufayli yuzaga keladigan iqlim o‘zgarishlari (antropogen) qurg‘oqchilikning tez-tez sodir bo‘lishi va kuchayishiga sabab bo‘lmoqda[11]. Jahon resurslari institutining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston suv tanqisligi eng yaqqol namoyon bo‘lgan mamlakatlar orasida 25-o‘rinda turibdi. Keyingi o‘n yil ichida mamlakatda qurg‘oqchilik holatlari, ayniqsa yoz va kuz oylarida ko‘payib, Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi hududiga ta’sir ko‘rsatmoqda[12].
Muammolarni yumshatish borasida taklif va tavsiyalar
O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2023–2030 yillarga mo‘ljallangan tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi[13] hamda 2019–2030 yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi[14] qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik muammolarini hal qilishga qodir mutaxassislar tayyorlash maqsadida Green University tashkil etildi va Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya amalga oshirila boshlandi.
Biroq, iqlim o‘zgarishi oqibatida kundan-kunga ortib borayotgan muammolar ko‘lami va ularning tez sur’atlarda kuchayishi, mavjud chora-tadbirlarning to‘liq natija berishi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Shularni inobatga olgan holda, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etadi:
Birinchidan, iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi salomatligini samarali himoya qilish uchun O‘zgidromet va Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim. Bunday integratsiya xavf-xatarlarni erta aniqlash va ekstremal ob-havo sharoitida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish imkonini beradi. Bunga misol sifatida, Fransiyada har yili 1 iyundan 15 sentyabrga qadar amal qiladigan anomal issiqlikka qarshi kurashish rejasi (Le Plan Canicule)ni keltirish mumkin[15].
Le Plan Canicule - Fransiya Milliy sog‘liqni saqlash agentligi (ANSP) tomonidan muvofiqlashtiriladigan anomal issiqlikka qarshi kurashish rejasi, faqat haroratni emas, balki namlik darajasi, issiqlikning davomiyligi, atrof-muhitning ifloslanganligi, binolarning zichligi va tibbiyot muassasalariga tushayotgan yuklamani ham hisobga oladigan ogohlantirish tizimi hisoblanadi[16].
Shuningdek, iqlim o‘zgarishining aholi salomatligiga ta’sirini yumshatish maqsadida birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalari xodimlarining malakasini muntazam ravishda oshirib borish, jumladan kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash va iqlim xavflari tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda tezkor choralarni ko‘rish bo‘yicha tayyorgarligini oshirish muhim sanaladi.
Italiya Xalqaro atrof-muhit shifokorlari jamiyati (ISDE) doimiy ravishda tibbiyot xodimlari uchun iqlim bilan bog‘liq kasalliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab seminarlar, mahorat darslari va o‘quv dasturlarini tashkil etib keladi. Ushbu dasturlar iqlim o‘zgarishining aholi salomatligiga ta’sirini yumshatish va favqulodda vaziyatlarda malakali qarorlar qabul qilish uchun mutaxassislar salohiyatini oshirishga yordam beradi[17].
Bundan tashqari, o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Harvard tibbiyot maktabida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha majburiy joriy qilingan yangi o‘quv dasturini mazkur maktab talabalarning 76 foizi yoqlab chiqqanligini va 80 foizi esa iqlimning salomatlikka ta’siri haqidagi tushunchalarini chuqurlashtirgani haqida ma’lumot bergan[18].
Ikkinchidan, UNICEF tavsiyalariga asoslanib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini iqlim o‘zgarishi xavf-xatarlaridan himoya qilish maqsadida ichimlik suvi ta’minoti, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi muhim ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni ekologik muammolarga moslashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, bunda barcha ijtimoiy xizmatlar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini inobatga olishi, iqlim strategiyalari va rejalari esa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlariga mos ravishda shakllantirilishi kerak[19].
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Singapur tajribasidan kelib chiqib, issiq ob-havo sharoitida o‘quvchilar salomatligini himoya qilish choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. Bunda, o‘quvchilarda kunning issiq paytida ko‘chada jismoniy faollikni cheklash, suv ichishni rag‘batlantirish va bolalarning, ayniqsa xavf guruhidagi bolalar ahvolini doimiy monitoring qilib borish, sinf xonalarini shamollatib turish, zarurat tug‘ilganida, dars vaqtini qisqartirish masalasini o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq. Bu esa, issiq ob-havo sharoitida yanada xavfsiz va qulay ta’lim muhitini yaratishga yordam beradi.
Singapur Ta’lim vazirligi tomonidan o‘quvchilar va xodimlarni issiqdan himoyalash uchun qator choralar ishlab chiqilgan, jumladan soat 10:30 dan 15:30 gacha ochiq havoda jismoniy mashg‘ulotlar cheklanadi, muntazam suv ichish tavsiya etiladi, o‘qituvchilar bolalarning ahvolini kuzatib boradi. Qulay sharoit yaratish maqsadida sinf xonalarini shamollatib, soyabonlar va ventilyatorlardan foydalaniladi. Maktablarda darslarni qisqartirishga, tanaffuslarni uzaytirishga va o‘quvchilar uchun qulay kiyim kiyishga ruxsat beriladi[20].
Uchinchidan, mamlakatda ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning tobora ortayotganini hisobga olib, Singapurning oqova suvlarini qayta ishlash bo‘yicha NEWater loyihasi doirasida amalga oshirgan tajribasini amaliyotga joriy etish masalasini o‘rganib chiqish lozim. Ushbu loyiha doirasida turar-joy binolari, sanoat korxonalari va turli muassasalardan chiqadigan oqova suvlar to‘planadi, filtrlanadi, teskari osmos va ultrabinafsha nurlar yordamida sterilizatsiya qilishni o‘z ichiga olgan ko‘p bosqichli tozalash jarayonidan o‘tkaziladi hamda qayta foydalanish uchun xavfsiz bo‘lgan sifatli suvga aylantiriladi. Mazkur chora nafaqat O‘zbekistonning an’anaviy chuchuk suv manbalariga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi, balki ifloslangan suvlarning oqizilishini kamaytirish orqali suv havzalarining ekologik holatini ham yaxshilaydi.
NEWater - bu oqova suvlarini chuqur filtrlash, teskari osmos va ultrabinafsha nurlanish yordamida tozalashning innovatsion texnologiyasi hisoblanadi. Mazkur loyiha 2017 yildayoq Singapurning 40 foizgacha suv iste’molini ta’minladi. 2060 yilga kelib talabning ikki baravar o‘sishini hisobga olgan holda NEWater hissasini 55 foizgacha oshirish rejalashtirilgan[21]. O‘z navbatida, filtrlangan suvning sifati xalqaro ekspertlar tomonidan JSST va AQSHning Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi standartlariga mos kelishi e’tirof etildi[22].
To‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Mali va Afrikaning boshqa qurg‘oq davlatlarida samarali qo‘llab kelinayotgan RiceAdvice kabi raqamli yechimlarni amaliyotga joriy etish masalasini o‘rganib chiqish kerak. Mazkur ilova fermerlarga suvdan oqilona foydalanish, o‘g‘itlar miqdorini hisoblash va bozor narxlaridan kelib chiqib qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabni aniq belgilab, ekish uchun qulay vaqtni tanlashga yordam beradi. Bunday vositalar iqlim o‘zgarishi va suv resurslari cheklanganligi sharoitida samaradorlikni oshiradi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining isrofini kamaytiradi va hosildorlikni ko‘paytiradi.
Malida 150 ming fermer RiceAdvice raqamli ilova yordamida qurg‘oqchilikka chidamli sholi navlarini aniqlash orqali va suv tanqisligini bartaraf etish bo‘yicha boshqa usullarni qo‘llashi natijasida o‘z daromadini gektariga 364 AQSH dollarga oshirishga erishdi[23].
Beshinchidan, iqlim muammolari va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish uchun qurilish materiallarining uglerod izini kamaytirish bo‘yicha innovatsion usullardan foydalanish bo‘yicha Janubiy Koreya tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiq. Janubiy Koreyaning “Hanil Cement” kompaniyasi uglerodni (CO₂) tutib olish, undan foydalanish va saqlash texnologiyasi “Remitar FS150” sement qurilish qorishmasini yaratgan bo‘lib, ushbu texnologiya bir kub metr materialda 0,4 kg CO₂ ni tutib olish xususiyatiga ega. Texnologiya chiqindilarni kamaytiradi va qorishma mustahkamligiga ta’sir qilmagan holda sementni 3 foizgacha tejaydi. Bu innovatsion uslub faol qurilish ishlari olib borilayotgan O‘zbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Hanil Cement kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, an’anaviy qurilish qorishmasini, innovatsion qorishma bilan to‘liq almashtirish natijasida karbonat angidrid chiqindilarini taxminan yil davomida 50 000 tonnaga kamaytirishga erishiladi. Ushbu ko‘rsatkichning miqyosini tasavvur qiladigan bo‘lsak: bu – har kuni o‘rtacha 35 kilometr yo‘l bosadigan 16 000 ga yaqin yengil avtomobilning yillik chiqindilari hajmiga teng[24].
Oltinchidan, anomal issiq kunlarda, ayniqsa ochiq havoda ishlaydigan xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish choralarini ko‘rish lozim. Ko‘plab mamlakatlarda samarali usullar allaqachon joriy etilgan bo‘lib, moslashuvchan ish jadvali, majburiy tanaffuslar, ichimlik suvi bilan ta’minlash va soyali joylarga chiqib turish imkoniyatlari yaratilgan, mazkur choralar issiq ob-havoning sog‘liq uchun xavfini kamaytirishga va mehnat qobiliyatini saqlab turishga yordam beradi.
Singapurda harorat o‘ta yuqori bo‘lganda, har soatda kamida 10 daqiqa soyali joyda dam olish uchun majburiy tanaffuslar beriladi. Surunkali kasalliklarga chalingan xodimlarga esa uzoqroq dam olish vaqti belgilangan[25].
Ispaniyada esa AEMET meteorologiya agentligi tomonidan jiddiy yoki ekstremal issiqlik to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qilgan taqdirda, ochiq havoda ayrim turdagi ishlarni bajarish taqiqlanadi[26].
Yettinchidan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining tezlashishi va tuproq sifatining yomonlashishini inobatga olib, xalqaro amaliyotda qishloq xo‘jaligida keng foydalanib kelinayotgan bioko‘mir (biochar) ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish zarur. Organik chiqindilardan piroliz usuli bilan olinadigan bioko‘mir, tuproqning unumdorligini tiklashga yordam beradi va tuproqda namlikni saqlab turish xususiyatiga ega, mazkur aralashma, ayniqsa suv tanqis bo‘lgan hududlar uchun muhim hisoblanadi.
Xalqaro tadqiqotlarga qaraganda, bioko‘mir bilan boyitilgan tuproqlar karbonat angidrid (CO₂) va azot oksidi (N₂O) chiqindilarini 50-80 foizgacha kamaytiradi. N₂O issiqxona gazi bo‘lib, CO₂ ga nisbatan 310 baravar kuchliroqdir[27].
Shuningdek, Efiopiyada gektariga 5 tonna miqdorida bioko‘mir asosidagi o‘g‘it qo‘llash natijasida don hosildorligi 62 foizga va tuproq biomassasi 33 foizga oshishiga olib keldi.
[1] https://www.unicefusa.org/stories/unicef-extreme-heat-kills-hundreds-children-every-year-europe-and-central-asia
[3] https://www.vsemirnyjbank.org/ru/country/uzbekistan/publication/air-quality-assessment-for-tashkent
[4] https://documents1.worldbank.org/curated/en/099072524102521485/pdf/P1771081bdf0fa0cc1bc2b1c62c6703dd7b.pdf
[5] https://www.theguardian.com/environment/2022/may/20/global-heating-cutting-sleep-study-health-impacts
[6] https://www.worldbank.org/en/country/uzbekistan/publication/ccdr#:~:text=Without%20action%20on%20climate%20adaptation,75%25%20of%20Uzbekistan's%20GHG%20emissions
[7] https://documents1.worldbank.org/curated/en/099640306142317412/pdf/IDU03b9849a60d86404b600bc480bef6082a760a.pdf
[8] https://www.vsemirnyjbank.org/ru/news/press-release/2025/05/21/uzbekistan-to-modernize-its-irrigation-infrastructure-with-world-bank-support
[15] https://www.connexionfrance.com/news/explainer-frances-heatwave-plan-and-how-it-may-affect-residents/202490
[16] https://www.rfi.fr/en/france/20230823-what-is-france-s-heatwave-warning-system-and-how-does-it-work
[17] https://epha.org/the-impact-of-climate-change-on-health-in-italy-challenges-opportunities-and-isdes-role/#:~:text=Education%20and%20Training,health%20impacts%20of%20climate%20change.
[20] https://www.moe.gov.sg/news/parliamentary-replies/20230703-mitigating-hot-weather-situations
[21] https://www.globalwaterforum.org/2018/01/15/newater-in-singapore/
[22] https://www.pub.gov.sg/Public/WaterLoop/OurWaterStory/NEWater
[23] https://www.africarice.org/riceadvice
[24] http://koreabizwire.com/south-korean-cement-maker-pioneers-carbon-capturing-mortar/288972
[25] https://www.mom.gov.sg/newsroom/press-releases/2023/1024-enhanced-measures-to-reduce-heat-stress-for-outdoor-workers
[26] https://www.healthplanspain.com/blog/spain-news/1798-spain-to-ban-outdoor-work-during-extreme-heat.html
[27] https://biochar-us.org/soil-water-benefits-biochar