• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON FUQAROLARINI TINGLAB” TADQIQOTINING NAVBATDAGI NATIJALARI EʼLON QILINDI

Joriy yilning 27-iyun kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Jahon banki va Buyuk Britaniyaning tashqi, hamdoʻstlik va taraqqiyot byurosining Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy rivojlantirish ofisi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari: Oʻzbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari, tahliliy markazlar, mahalliy va xalqaro ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirning ochilishida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov keyingi yillarda amalga oshirilgan muhim islohotlar natijasiga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, 2024-yilda YIM hajmi 115 milliard dollarga, aholi jon boshiga YIM hajmi 3 093 dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb 35 milliard dollarga, “Yashil energiya” ulushi 16 foizga, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 37 mingtaga, qamrov darajasi 76,0 foizga, boshqaruvda ayollar ulushi 35 foizga yetkazilishi, inflyatsiya darajasi 9,8 foizga tushirilishi, xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va ularni tizimli hal etish boʻyicha “Xotinqizlar.uz” yagona interaktiv milliy platformasi ishga tushirilishi eʼtirof etildi.

Davra suhbati davomida Jahon banki tomonidan har oyda oʻtkaziladigan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” soʻrovnomasining soʻnggi natijalari taqdim etildi. Taʼkidlash joizki, soʻrov Jahon banki tomonidan 2020-yildan buyon Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv (EGED) dasturi doirasida amalga oshirilib kelinadi.

Jahon banki tomonidan 2025-yil may oyida yigʻilgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti (L2CU) natijalariga koʻra, quyidagilar qayd etildi:

- Oʻzbekistonda aholining umumiy iqtisodiy holat haqidagi tasavvuri barqaror va yuqori darajada saqlanib qolgani, jumladan, 2025-yil may holatiga 87 foiz uy xoʻjaliklarining iqtisodiy sharoitlari yaxshilangan;

- Fuqarolarning ish joylarini yoʻqotishdan xavotirlari 2025-yil boshidan buyon sezilarli darajada yaxshilanib, fuqarolarning 33 foizi ish joyini yoʻqotishdan xavotirda. Biroq, odamlarning turli daromad toifalaridagi ish oʻrinlarini yoʻqotish haqidagi xavotirlari hali ham kambagʻal uy xoʻjaliklari orasida yuqori ekanligini koʻrsatmoqda. Maʼlumot uchun: 2025-yil may oyida eng kam taʼminlangan 20 foiz uy xoʻjaliklarining 46 foizi ishini yoʻqotishdan xavotirda boʻlsa, eng boy 20 foiz uy xoʻjaliklarida bu koʻrsatkich atigi 21 foizni tashkil etmoqda;

- Migratsiya boʻyicha har qanday muhojirlari boʻlgan uy xoʻjaliklari 2025-yil boshidan beri 8 foizdan 15 foizgacha oshgan. Birinchi sababi, Oʻzbekistonda xalqaro mehnat migratsiyasi mavsumiy xarakterga ega boʻlib, migrantlarning aksariyati bahor va yozda xorijga ishlashga ketishi, qishda esa vataniga qaytishidir. Ikkinchidan, davlat organlari koʻnikmalar va tillarni oʻrgatish orqali uyushgan mehnat migratsiyasini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqdalar va iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning keng doirasini qamrab olish uchun mehnat migratsiyasi yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish ustida faol ishlamoqdalar.

- Energetika tariflarini isloh qilish boʻyicha fuqarolarning fikrlari tahlil qilinganida, L2CU soʻrovi natijalariga koʻra, uy xoʻjaliklari orasida 2025-yilgi tarif islohoti va ijtimoiy meʼyor haqidagi xabardorligi yuqori. Biroq, ular kompensatsiya choralari haqida toʻliq maʼlumotga ega emas, bunda fuqarolarning bu boradagi xabardorligi fuqarolarning alohida maqsadli guruhlariga tegishli xabarlarni yetkazuvchi ommaviy kampaniya orqali yaxshilanishi mumkin. Bundan tashqari, L2CU soʻrovi shuni koʻrsatdiki, uy xoʻjaliklari tobora koʻproq elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish uchun energiya tejamkor qurilmalarga oʻtishni koʻrib chiqmoqda. Bu yerda innovatsion xabarlarga eʼtibor qaratish orqali fuqarolarning xohish-istaklarini oshirish mumkin.

Tadbirning yana bir qismi Oʻzbekistonda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarga bagʻishlandi. Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha kambagʻallik va tenglik global boshqarmasi amaliyot menejeri doktor Ambar Narayanning fikricha, Oʻzbekiston 2024-yilda Jahon bankining Ayollar, biznes va huquq indeksida sezilarli yutuqlarga erishganini koʻrsatdi. Bundan tashqari, hukumat joriy yilda ish joylarida gender tengligi boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, Mehnat kodeksiga jinsiy zoʻravonlik va bolani parvarishlash taʼtillari toʻgʻrisidagi normalarni kiritdi. Koʻryapmizki, mamlakat bu sohada namuna boʻlib, Markaziy Osiyodagi va undan tashqaridagi qoʻshnilarni oʻz mamlakatlarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun siyosiy va huquqiy harakatlarni amalga oshirishga ilhomlantirdi.

Taʼkidlandiki, Oʻzbekistonda gender tengligini ilgari surish boʻyicha sezilarli siyosiy islohotlar olib borilgan boʻlsa-da, ularni samarali amalga oshirishni takomillashtirish lozim.

Tadbir davomida Jahon banki tomonidan 2022-yilda tasdiqlangan va 2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan yangi Mehnat kodeksidan xabardorlik va uni amalga oshirish holatini tahlil qilish boʻyicha yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot natijalari xususiy korxonalar va fuqarolar nuqtayi nazaridan taqdim etildi. Baʼzi topilmalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

Yangi Mehnat kodeksidan xabardorlik: 2023-yilgi Mehnat kodeksidan xabardorlik fuqarolarga (30%) nisbatan korxonalar (70%) orasida sezilarli darajada yuqori boʻlib, bu fuqarolar oʻrtasida xabardorlikni oshirish boʻyicha saʼy-harakatlar zarurligini koʻrsatadi.

Ishga qabul qilish va ish bilan taʼminlashda gender tenglik: Bir xil koʻnikma va malakaga ega boʻlgan respondentlarning 90 foizdan ortigʻi (korxonalar va fuqarolar) ayollar erkaklar bilan bir xil ish topish imkoniyatiga ega ekanligini, shuningdek, ayollar erkaklar bilan bir xil maosh olishlarini tasdiqlaydi. Biroq, fuqarolar (16%) bunday imkoniyatga ega boʻlgan korxonalarga (38%) nisbatan ayollarning boshqaruv lavozimlariga erishish imkoniyatlariga koʻproq optimistik qaraydi.

Ishga qabul qilish eʼlonlari: Fuqarolar ham, korxonalar ham ishga qabul qilishda jins va yoshga oid talablar mavjudligini tasdiqlaydilar. Korxonalarning 50% dan ortigʻi gender afzalliklarini koʻrsatadi va 48% korxonalar ish joyida yosh mezonlarini kiritadi.

Ishtirokchilar, shuningdek, Oliy Majlis Senati, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “Hamroh” va “Uzum” kompaniyalari vakillari bilan oʻtkazilgan panel muhokamasida Oʻzbekistonda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish muammolarini muhokama qildilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati