
Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi
Oʻzbekiston bugungi kunda jadal urbanizatsiya davrini boshdan kechirmoqda, bu koʻp jihatdan asosiy maʼmuriy tuzilmalar, yetakchi universitetlar, shuningdek, sanoat va madaniyat markazlari joylashgan mamlakat poytaxtida oʻz aksini topmoqda.
Bunday holat tabiiy ravishda Toshkentni ichki migratsiya “magnit”iga aylantiradi, bu esa demografik bosimni kuchaytiradi va uy-joy, transport, energiya va kommunal xizmatlarga boʻlgan ehtiyojning tez oʻsishiga olib keladi. Biroq, infratuzilma koʻp hollarda aholi oʻsish surʼatlaridan ortda qolmoqda.
Xalqaro tashkilotlar oʻzlarining soʻnggi tadqiqotlarida shunga oʻxshash nomutanosibliklarga ega shaharlar surunkali tirbandliklar, energiya uzilishlari, ekologik vaziyatning yomonlashuvi va hayot sifatining pasayishiga duch kelishini taʼkidlamoqda. Shu bilan birga, Jahon banki ekspertlari “Thriving: Making Cities Green, Resilient, and Inclusive in a Changing Climate” hisobotida taʼkidlaganidek, innovatsiyalar va investitsiyalarsiz shaharlar barqaror rivojlanish talablariga javob bera olmaydi[1].
Oʻzbekistonda shahar rivojlanishining holati
Oʻzbekistonda urbanizatsiya tendensiyasi saqlanib qolmoqda: 2025-yil 1-iyul holatiga koʻra, 19,3 milliondan ortiq kishi (aholining qariyb 51 foizi) shaharlarda yashaydi, qishloq joylarda esa 18,6 million kishi qolmoqda, bu esa aholining barqaror oʻsishi va qishloq joylardan ketishining davom etayotganini aks ettiradi. Toshkent shahrida rasman 3,1 million aholi roʻyxatga olingan, biroq migrantlar va talabalarni hisobga olganda, shaharda har kuni boʻladigan aholining haqiqiy soni bu raqamdan 30-35 foizga oshishi mumkin. Bu yoʻl-transport tizimi, energetika va kommunal tarmoqlarga yuklamani keskin oshirmoqda.
Bunda taʼlim infratuzilmasiga alohida eʼtibor qaratish lozim, chunki mamlakatdagi 222 ta oliy oʻquv yurtining 98 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bunday notekis taqsimot poytaxtga yoshlarning ommaviy oqimiga olib keldi, bu esa uy-joy, transport va shahar xizmatlarining ortiqcha yuklanishi muammosini yanada ogʻirlashtirmoqda.
Yana bir omil — mavjud suv, elektr va gaz taʼminoti tarmoqlaridagi yuklamani yetarli darajada tahlil qilmasdan, koʻp qavatli uylarni faol qurish, bu esa ayniqsa isteʼmol eng yuqori boʻlgan paytlarda kommunal xizmatlarda tez-tez uzilishlarga olib keladi.
Shahar rivojlanishining asosiy muammolari
Transport. Toshkentning eng dolzarb muammolaridan biri tirbandliklar boʻldi. Tigʻiz soatlarda oʻrtacha yoʻl vaqti 50-60 daqiqadan oshadi. Soʻnggi sakkiz yil ichida avtomobillar soni deyarli ikki baravar koʻpaydi, yoʻl tarmogʻining uzunligi esa 0,5 foizga kamaydi[2]. Bu, oʻz navbatida, nomutanosiblikni keltirib chiqaradi va magistrallarning surunkali ortiqcha yuklanishiga olib keladi. Avtoturargohlarning yetishmasligi, jamoat transportining zaif rivojlanishi va “oxirgi milya” uchun integratsiyalashgan yechimlarning yoʻqligi qoʻshimcha ravishda vaziyatni murakkablashtiradi.
BMT hisob-kitoblariga koʻra, 2040-yilga borib dunyo aholisining qariyb 60 foizi shaharlarda yashaydi, yuk mashinalari, yengil avtomobillar va havo transporti soni ikki baravar koʻpayadi, chiqindilar hajmi esa oʻsib boradi. Natijada, millionlab odamlar bevosita (avariyalar natijasida) va bilvosita (chiqindilar tufayli) yoʻl-transport hodisalarida halok boʻladi.
Jahon banki “Promoting Livable Cities by Investing in Urban Mobility” hisobotida shaxsiy transportdan foydalanishning oʻsishi tirbandliklarning koʻpayishiga, havoning ifloslanishiga va ish oʻrinlari hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining pasayishiga olib kelayotganini taʼkidlaydi[3].
Energetika. Energiya taʼminoti muammosi eng jiddiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Bosh prokuratura tomonidan 2025-yil yozida oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga koʻra[4], Toshkent shahrida 2 540 kilometrdan ortiq (26%) elektr tarmoqlari avariya holatida boʻlib, podstansiyalarning bir qismi modernizatsiya yoki quvvatni oshirishni talab qiladi. Bundan tashqari, avariya brigadalarining yetishmasligi, eskirgan uskunalar va kadrlar qoʻnimsizligi vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda: faqat soʻnggi uch yil ichida tizimdagi xodimlarning qariyb 30 foizi, shu jumladan ekspluatatsiya xizmatlari mutaxassislari ishdan ketgan. Bu isteʼmol eng yuqori boʻlgan davrda elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar va shahar infratuzilmasining barqarorligi pasayishiga olib keladi.
Osiyo taraqqiyot banki oʻzining “Harnessing Uzbekistanʼs Potential of Urbanization: National Urban Assessment” hisobotida taʼkidlashicha, Oʻzbekiston shaharlari bugunning oʻzidayoq infratuzilma taqchilligi, iqlim va ekologik xavf-xatarlar, ayniqsa, uncha katta boʻlmagan va oʻrta shaharlarda sifatli shahar xizmatlarining yetishmasligini boshdan kechirmoqda – va bu Toshkentda kuzatilayotgan muammolarga oʻxshashdir[5].
Ekologiya. Toshkent shahrida ekologik vaziyat yildan-yilga yomonlashib bormoqda. Shaharda PM 2,5 ning oʻrtacha yillik konsentratsiyasi JSSTning oʻrtacha yillik koʻrsatkichidan olti barobardan ziyod yuqori. Shu bilan birga, ifloslanishning asosiy manbalari — bu issiqlik taʼminoti tizimi (≈28%), transport (≈16%), sanoat (≈13%) va yoz faslida asosiy oʻrin tutadigan transchegaraviy shamol changlaridir (≈36%)[6].
Shuni taʼkidlash kerakki, nazoratsiz qurilish va yashil maydonlarning qisqarishi shaharning chang va issiqlik orollari bilan kurashish qobiliyatini ham pasaytiradi. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan NDVI (oʻsimlik qoplami farqlarining standartlashtirilgan indeksi) suratlariga koʻra, atigi olti yil ichida shahardagi oʻsimlik qoplami maydoni 34,6 foizdan 13,1 foizga kamaygan[7]. Shu bilan birga, xalqaro standartlarga koʻra, shahardagi yashil maydonlarning minimal meʼyori hududning kamida 25 foizini yoki bitta yashovchiga 9 kvadrat metr yashil hududni tashkil etishi kerak[8].
Toshkent shahrining NDVI indeksi

UN-Habitat tashkilotining “World Cities Report 2024: Cities and Climate Action” hisobotiga koʻra, shaharlar nafaqat iqlim oʻzgarishlaridan aziyat chekmoqda, balki oʻzlari ham, ayniqsa, infratuzilma rivojlanishi aholi soni va transport yukining oʻsishidan ortda qolayotgan joylarda, chiqindilar va ekologik xavflarning muhim manbalari sifatida namoyon boʻlmoqda[9].
Suv taʼminoti. Toshkent aholisi uchun suv taʼminoti bilan bogʻliq muammolar tobora sezilarli boʻlib bormoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, shahar ichimlik suvi tarmoqlarining qariyb 60 foizi eskirgan, quvurlarning katta qismi 40-50 yildan ortiq ishlatilgan, bu esa tez-tez avariyalar, suv sizib chiqishi va sifatining yomonlashishiga olib kelmoqda[10].
Jahon bankining “Uzbekistan Infrastructure Governance Assessment” hisobotida taʼkidlanishicha, suvning katta qismi sizib chiqishlar, noqonuniy ulanishlar va hisobga olish tizimining zaifligi tufayli yoʻqotilmoqda. Tarmoqlarga xizmat koʻrsatish va yangilash uchun mablagʻ yetishmasligi avariyalar xavfini oshiradi va xizmatlar sifatini pasaytiradi. Qaytmas suv muammolari (oqib ketish, past bosim, zaif boshqaruv) suv taʼminoti tizimlarining barqarorligiga putur yetkazadi. Bularning barchasi birgalikda asosiy kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyatini pasaytiradi va aholi salomatligiga xavf tugʻdiradi.[11].
Chiqindilarni boshqarish. Qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlash tizimi yetarli darajada rivojlanmagan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda qattiq maishiy, suyuq va qurilish chiqindilari hajmi oʻsishi davom etdi, bu esa ularni toʻplash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishni talab qiladi, chiqindilar tarkibida plastikning ulushi 10 foizga yaqinlashmoqda, biroq qayta ishlash korxonalarining quvvatlari cheklanganligicha qolmoqda.
2024-yilda mamlakatda 14,8 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻlgan, shundan atigi 900,5 ming tonnasi yoki 6,1 foizi qayta ishlangan. Maishiy chiqindilarning toʻrtdan bir qismini qogʻoz, plastmassa, rezina, shisha, toʻqimachilik qoldiqlari tashkil etadi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida yiliga 700 ming tonna chiqindining atigi 18 foizi qayta ishlanadi. Chiqindilarni alohida yigʻish darajasi ham juda pastligicha qolmoqda, bu esa ikkilamchi qayta ishlash imkoniyatlarini pasaytirmoqda va chiqindi poligonlarining yuklamasini oshirmoqda.
Xorijiy tajriba asosida shaxar rivojlanishi muammolarini hal etish boʻyicha tavsiyalar
Shahar rivojlanishining dolzarb muammolari tahlilidan kelib chiqib, shuningdek, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining hududlarni kompleks rivojlantirish va urbanizatsiya darajasini 51 foizdan 60 foizga yetkazish boʻyicha maqsadlarini toʻliq amalga oshirishni taʼminlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti tomonidan dunyoning yetakchi shaharlarida oʻz samaradorligini isbotlagan va Oʻzbekistonning yirik shaharlari sharoitiga moslashtirish mumkin boʻlgan innovatsion chora-tadbirlar majmuasi taklif etilmoqda. Ushbu tavsiyalarda raqamli texnologiyalar, nomarkazlashtirilgan boshqaruv modellari va “yashil” amaliyotlarni birlashtirib, shahar muhitining barqarorligini taʼminlaydigan tizimli yechimlar keltirilgan.
Transport. Toshkent shahrida surunkali tirbandliklar muammosini “Mobillik xizmat sifatida” (Mobility-as-a-Service, MaaS) konsepsiyasini joriy etish orqali hal qilish mumkin. Bunday tizim allaqachon Xelsinkida muvaffaqiyatli ishlamoqda, u yerda metro, avtobuslar, taksilar, karshering va velosipedlarni yagona raqamli platformaga birlashtirish atigi ikki yil ichida shaxsiy avtomobillardan foydalanishni 12 foizga kamaytirish imkonini berdi[12].
Yana bir yoʻnalish — harakatni boshqarishning intellektual tizimlarini qoʻllash, jumladan, real vaqt rejimida yoʻl harakatini kuzatish va bashorat qilish, intellektual svetoforlarni boshqarish, sunʼiy intellekt yordamida trafikni bashorat qilish va intellektual avtoturargoh yechimlari. Xitoyning aholi zich joylashgan megapolislarida, masalan, Shanxayda sunʼiy intellektga (SI) asoslangan harakatni boshqarish texnologiyalarini joriy etish tirbandliklarni 18 foizga kamaytirish va oʻrtacha sayohat vaqtini 9 daqiqaga qisqartirish imkonini berdi[13].
Shanxayda tigʻiz vaqtlarda harakat tezligining oʻzgarishi
(SI asosidagi harakatni boshqarish texnologiyalari joriy etilishidan oldin va keyin)

Toshkent shahrida shunga oʻxshash yechimlarni moslashtirish 2030-yilga borib yoʻllardagi tirbandlik darajasini 20-25 foizga kamaytirish va tigʻiz vaqtlarda oʻrtacha harakatlanish vaqtini hozirgi 60 daqiqadan 45 daqiqagacha qisqartirish imkonini beradi.
Energetika. Shaharlarda energiya taʼminoti barqarorligini oshirish uchun virtual elektr stansiyalari (VPP) va mahalliy mikrotarmoqlar kabi nomarkazlashtirilgan yechimlardan foydalanish imkoniyatini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Germaniyada Next Kraftwerke loyihasi 15 mingga yaqin kichik energiya manbalarini yagona tarmoqqa birlashtirdi, bu esa energiya taʼminoti barqarorligini oshirdi[14]. VPP Next Kraftwerke kompaniyasining oʻziga xos xususiyati shundaki, qurilmalar quvvatni birlashtirish orqali VPP yirik markaziy elektr stansiyalari yoki sanoat isteʼmolchilari bilan bir xil xizmatlarni taqdim etishi, ularni toʻplashi va keyinchalik xuddi shu bozorlarda sotishi mumkin.
Virtual elektr stansiyalar sxemasi
VPP-ning asosiy xususiyati talab eng yuqori boʻlgan paytda tarmoqni barqarorlashtirish va uzilishlar paytida elektr energiyasi bilan taʼminlashdir. VPP ishtirokchilari moliyaviy imtiyozlardan foydalanishlari mumkin, tarmoq esa yanada ishonchli boʻlib, koʻproq qayta tiklanadigan energiya manbalarini birlashtirishi mumkin.
AQSHda, Bruklin hududida, pilot mikrotarmoq aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri Brooklyn Microgrid blokcheyn platformasi orqali energiya almashish imkonini berdi[15].
Toshkent shahri sharoitida bunday texnologiyalar elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlarni 30% ga kamaytirishi hamda nomarkazlashtirilgan generatsiya va yuklamani optimallashtirish orqali 15% gacha energiya tejalishini taʼminlashi mumkin.
Ekologiya. Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun “shaharning raqamli egizagi”ni joriy etish istiqbolli vosita boʻlishi mumkin. Bunday yondashuv transport, energetika va ekologik jarayonlarni modellashtirish, rivojlanishning turli ssenariylari oqibatlarini baholash imkonini beradi.
“Virtual Singapore” loyihasi bunga yaqqol misol boʻla oladi, unda davlat organlari raqamli modeldan — siyosatni ishlab chiqish uchun, kompaniyalar va startaplar — shahar xizmatlari va atrof-muhit sohasida ilovalar yaratish uchun, tadqiqotchilar esa — shahar muhitining aholi salomatligi va iqlim jarayonlariga taʼsirini tahlil qilish uchun foydalanadilar[16].
Toshkent uchun shunga oʻxshash platformani joriy etish yanada oqilona shaharsozlik, yashil hududlar holatini kuzatish va havo sifatini boshqarish uchun asos boʻlishi mumkin. “Raqamli egizak”dan foydalanish issiqlik orollarini samarali bashorat qilish, koʻkalamzorlashtirish uchun maqbul joylarni aniqlash va ifloslanish darajasini nazorat qilish imkonini beradi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu 2030-yilga borib yashil maydonlarni 15 foizga oshirishi, shuningdek, aniqroq rejalashtirish va yashil texnologiyalarni joriy etish orqali issiqlik orollari taʼsirini va PM 2,5 konsentratsiyasini 10-12 foizga kamaytirishi mumkin.
Suv taʼminoti. Eskirgan suv tarmoqlari va katta suv yoʻqotishlari muammolarini hal qilish uchun Toshkent “aqlli” boshqaruv tizimlariga oʻtishi kerak. Xorijiy tajriba bunday yechimlarning yuqori samaradorligini koʻrsatmoqda. Janubiy Koreyada Sosan shahrida Smart Water Management tizimini joriy etilishi bosim datchiklarini oʻrnatish va raqamli monitoring tufayli suv sizib chiqishini 21 foizga va favqulodda vaziyatlar sonini 15 foizga kamaytirishga imkon berdi[17].
Isroilda suv taʼminotini markazlashtirilgan monitoring qilish va boshqarish tizimi dunyodagi eng kam qaytmas suv ulushini taʼminlaydi, 2020-yilgi reytingda Mekorot Water Company suv yoʻqotish darajasi 3% dan kam boʻlgani sababli dunyodagi eng yaxshi kommunal kompaniyalardan biri sifatida tan olingan, solishtirish uchun – IHTT boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 15% ni tashkil etadi[18].
Sirakyusda (AQSH) bashoratli tahlil va “BigData” algoritmlaridan foydalanish suv quvurlarining eskirishini bashorat qilish va avariyalar ehtimoli yuqori boʻlgan hududlarni aniqlash imkonini berdi. Ushbu usul tufayli Sirakyus shahri faqat avariyalarga javob berish oʻrniga profilaktik taʼmirlashni boshladi, bu esa quvurlarning yorilish sonini kamaytirdi va ularni favqulodda tiklash xarajatlarini kamaytirdi[19].
Bunday yechimlarni Toshkent shahriga moslashtirish suv tarmoqlari samaradorligini oshirish, sizib chiqishlarni 15-20 foizga kamaytirish, avariyalar sonini 15 foizga qisqartirish va yangi turar-joy massivlarida suvni teng tarqatish imkonini beradi.
Chiqindilarni boshqarish. Chiqindilarni qayta ishlash samaradorligini oshirish uchun zamonaviy qayta ishlash majmualarini rivojlantirish va chiqindilarni alohida yigʻish tizimini joriy etish zarur. Seul shahar maʼmuriyati (SMG) oʻz oldiga 2030-yilgacha “Chiqindilarni boshqarish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi”ni qabul qilish orqali chiqindi manbalarida chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirish va chiqindilarni resurslarga qayta ishlash jarayonini osonlashtirish orqali Seulni “Nol chiqindi” (Zero Waste) shahriga aylantirish maqsadini qoʻygan. Tajriba sifatida Seulning 5-ta tumanida 112-ta chiqindini qayta ishlash stansiyasi oʻrnatildi, u yerda aholi ikkilamchi xomashyoni oʻzi saralaydi.Natijada maishiy chiqindilar miqdori 20 foizdan ziyodga kamaydi, ishtirok etishning oʻsib borayotgan darajasi tufayli esa yigʻilgan ikkilamchi xomashyo miqdori oshdi[20].
Stokgolmda maishiy chiqindilarning katta qismi issiqlik va elektr energiyasiga qayta ishlanadi, bu shaharning issiqlik taʼminotiga boʻlgan ehtiyojining taxminan 20 foizini taʼminlaydi (Stockholm Exergi). Kompaniya mutaxassislarining taʼkidlashicha, chiqindilarni poligonlarga koʻmish uchta asosiy sababga koʻra ular bilan ishlashning eng samarasiz va eng xavfli usuli hisoblanadi:
Birinchidan, poligonlarda organik materiallar parchalanganda metan ajralib chiqadi, bu issiqxona gazi boʻlib, uning taʼsiri karbonat angidridga qaraganda 28 baravar kuchliroqdir. Ikkinchidan, chiqindilar tarkibida ogʻir metallar va boshqa zaharli moddalar mavjud boʻlib, ular sizib chiqishda yer osti suvlari va suv havzalarini ifloslantirishi mumkin. Uchinchidan, koʻmish chiqindilarni potensialdan mahrum qiladi: ular ikkilamchi xomashyo sifatida ham, energiya manbai sifatida ham ishlatilmaydi[21].
Toshkent shahri uchun bunday amaliyotlarni joriy etish chiqindilarni qayta ishlash darajasini 2030-yilga kelib hozirgi 6-10 foizdan 35-40 foizga oshirish, poligonlarga yuklamani kamaytirish va metan chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, shahar rivojlanish muammosi tizimli xususiyatga ega boʻlib, transport, energetika, kommunal soha, ekologiya, suv taʼminoti va chiqindilarni boshqarishga taʼsir qiladi. Biroq, xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, innovatsion yechimlarni toʻgʻri moslashtirish orqali yangi barqarorlik darajasiga chiqish mumkin. MaaS konsepsiyasi va transportni SI yordamida boshqarish tirbandliklarni kamaytirishga qodir, virtual elektr stansiyalari va mahalliy mikrotarmoqlar energiya tizimini mustahkamlaydi, kommunal tarmoqlarni raqamlashtirish va aqlli boshqarish avariyalar, resurs yoʻqotishlarni kamaytiradi va barqaror foydalanishni taʼminlaydi, chiqindilarni robotlashtirilgan saralash va shaharning raqamli egizaklari esa ekologik vaziyatni yaxshilashga va yashil hududlarni kengaytirishga yordam beradi.
[1] https://openknowledge.worldbank.org/entities/publication/7d290fa9-da18-53b6-a1a4-be6f7421d937
[2] https://api.siat.stat.uz/media/uploads/sdmx/sdmx_data_670.pdf
[3] https://www.worldbank.org/en/results/2024/03/13/promoting-livable-cities-by-investing-in-urban-mobility?utm_source=chatgpt.com
[4] https://uza.uz/uz/posts/toshkent-shahrida-elektr-taminotidagi-uzilishlar-sabablari-organildi_743267
[5] https://www.adb.org/documents/uzbekistan-national-urban-assessment
[6] https://www.worldbank.org/en/country/uzbekistan/publication/air-quality-assessment-for-tashkent
[7] https://www.linkedin.com/feed/update/urn:li:activity:7154434172940386304/
[8] https://pmc.ncbi.nlm.nih.gov/articles/PMC6209905/?utm_source=chatgpt.com
[9] https://unhabitat.org/world-cities-report-2024-cities-and-climate-action?utm_source=chatgpt.com
[10] https://www.tashkenttimes.uz/national/8988-uzbekistan-could-slip-to-water-scarcity-red-zone-by-2050?utm_source=chatgpt.com
[11] https://thedocs.worldbank.org/en/doc/9a1b20251d1688c58b83ce8d3baa250f-0080012023/original/Uzbekistan-InfraGov-Report.pdf?utm_source=chatgpt.com
[12] https://futuremobilityfinland.fi/vision/mobility-as-a-service/
[13] https://www.nature.com/articles/s41467-025-56701-4
[14] https://www.next-kraftwerke.com/vpp
[15] https://www.brooklyn.energy/
[16] https://oecd-opsi.org/innovations/virtual-twin-singapore/
[17] https://www.ebrdgreencities.com/policy-tool/smart-water-management-seosan-korea/
[18] https://www.mekorot-int.com/
[19] https://www.politico.com/magazine/story/2017/04/20/syracuse-infrastructure-water-system-pipe-breaks-215054/
[20] https://urbansdgplatform.org/profile/profile_caseView_detail.msc?no_case=164
[21] https://www.stockholmexergi.se/darfor-eldar-man-avfall/