
Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi“
markazi boʻlim boshligʻi
Ramzidin NURIDINOV,
“Taraqqiyot strategiyasi“
markazi bosh mutaxassisi
Yashirin iqtisodiyot shunchaki hisobga olinmagan faollik zaxirasi emas, balki fiskal intizom, ijtimoiy adolat va institutsional samaradorlikka putur yetkazuvchi barqaror rivojlanish yoʻlidagi tizimli toʻsiqdir.
2024-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotida kuzatilmaydigan iqtisodiyotning ulushi 34,8 foizni[1] (505,6 trillion soʻm) tashkil etdi. Yuqori darajasi saqlanib qolishiga qaramay, 2019-yildagi 45-50% ga nisbatan pasayishning barqaror tendensiyasi kuzatilmoqda. Ushbu qariyb 15 foiz punktga qisqarish mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasi boʻldi[2].
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishning asosiy omillari quyidagilar boʻlgan:
Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyotning oʻsishiga koʻmaklashuvchi asosiy omillar
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlarining fikricha, izchil islohotlarga qaramay, Oʻzbekistonda biznesni legallashtirish jarayonini sekinlashtiradigan, iqtisodiyotning shaffofligini pasaytiradigan va davlat chora-tadbirlari samaradorligini cheklaydigan bir qator tizimli omillar saqlanib qolmoqda. Ularning asosiylariga quyidagilar kiradi:
1. Korrupsiya va soliq maʼmuriyatchiligining past samaradorligi. Soliq organlaridagi korrupsiya koʻrinishlari tadbirkorlarning ishonchiga putur yetkazadi va ularning “soyaga” oʻtib ketishini ragʻbatlantiradi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan faktlar muammoning tizimli xususiyatini tasdiqlaydi: faqat soʻnggi ikki yil ichida soliq inspektorlari tomonidan tekshiruvlardan “immunitet” va soliqlarni noqonuniy kamaytirishni taklif qilgan koʻplab tovlamachilik va pora olish holatlari aniqlandi.
Bundan tashqari, 2023-yil 2-avgust kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Prezident Sh.Mirziyoyev soliq idoralari koʻpincha tadbirkorlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash oʻrniga ularning aylanma mablagʻlarini olib qoʻyish orqali eskicha sxemalar asosida ish olib borayotganini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlariga koʻra, 2022-yilda ortiqcha toʻlangan soliqlar hajmi 320 milliard soʻmdan 4,4 trillion soʻmga oshgan, bu esa biznesga moliyaviy bosimni kuchaytirgan va uni “norasmiylashtirishga” turtki bergan[4].
2. Yuqori soliq yuki va maʼmuriy toʻsiqlar. Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish va yuritishdagi murakkab byurokratik tartib-qoidalar, shuningdek, yuqori soliq stavkalari soliq toʻlashdan boʻyin tovlashga sabab boʻlmoqda. Jahon banki soʻroviga koʻra, Oʻzbekiston korxonalari asosiy toʻsiqlar qatorida yuqori soliqlar, norasmiy sektorning mavjudligi, energiya taʼminotidagi uzilishlar va kredit olishdagi qiyinchiliklarni qayd etishmoqda.
Ushbu omillarning yigʻindisi investitsiya muhitiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi, korxonalarning raqobatbardoshligini pasaytiradi, ularning barqaror oʻsish imkoniyatlarini cheklaydi va iqtisodiyotning yashirin sektorini rivojlantirishga xizmat qiladi[5].
Biznes yuritish uchun asosiy toʻsiqlar
(respondentlar foizi)
Manba: Jahon banki, Oʻzbekiston korxonalarini oʻrganish
3. Mehnat bozorida norasmiy bandlik. Norasmiy bandlik iqtisodiyotning asosiy muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Davlat rahbari 2024-yil 16-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda 27 mingta qurilish korxonasidan 10 mingdan ortigʻi (41 foizi) hisobotlarida faqat bitta rasmiy xodimni koʻrsatayotganini taʼkidlagan edi. Birgina Toshkent shahrining oʻzida 2249 ta, Toshkent viloyatida 1087 ta, Samarqand viloyatida 837 ta shunday korxona bor, vaholanki, oʻtgan yili ularning jami qurilish ishlari hajmi 4 trillion soʻmdan oshgan.
Shunga oʻxshash holat qishloq xoʻjaligida ham kuzatilmoqda – 25 gektardan yer uchastkalariga ega boʻlgan 5 mingga yaqin fermer xoʻjaliklari shtatida atigi bir nafardan xodim qayd etilgan. Prezidentning soʻzlariga koʻra, norasmiy sektorda 5 millionga yaqin kishi mehnat qilmoqda, ish beruvchilar esa ularga ish haqi toʻlab, amalda soliq toʻlashdan boʻyin tovlamoqda, bu esa iqtisodiyotdagi nomutanosiblikni kuchaytirmoqda[6].
4. Naqd hisob-kitoblarning ustunligi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar infratuzilmasi rivojlantirilgani va ragʻbatlantiruvchi choralar joriy etilganiga qaramay, aholining katta qismi hamon naqd puldan foydalanishga majbur. Oʻzbekiston Markaziy bankining tadqiqotlariga koʻra, naqd puldagi oʻzaro hisob-kitoblarni saqlab qolishning asosiy sabablari quyidagilardir: dehqon bozorlarida xarid qilish zarurati (56%), qulaylik va xarajatlarni nazorat qilish (17%), naqd pul bilan toʻlashda chegirmalar olish (13%), sotuvchilarning talabi (7%) va toʻlov (POS) terminallari ishidagi texnik nosozliklar (7%). Naqd xarajatlar tarkibi tahlili shuni koʻrsatadiki, xaridlarning qariyb 47 foizi 100 ming soʻmdan 500 ming soʻmgacha boʻlgan summada naqd pulda amalga oshiriladi, 35 foizi esa 100 ming sogacha boʻlgan summada[7].
Natijada 2024-yilda naqd pul mablagʻlarining bank aylanmasi hajmi 101,1 trln soʻmga yetdi va 2023-yilga nisbatan ushbu koʻrsatkich 22 foizga oshdi, bu esa naqd pul hisob-kitoblarining mamlakat moliya tizimidagi muhim oʻrni saqlanib qolayotganligini koʻrsatadi[8].
Bunda, Jahon bankining taʼkidlashicha, tovarlar va xizmatlar uchun hisob-kitoblarda naqd pul mablagʻlaridan kassa cheklarini bermasdan foydalanish soliq toʻlashdan boʻyin tovlash xavfini sezilarli darajada oshiradi va iqtisodiyotda yashirin aylanmaning kengayishiga yordam beradi[9].
5. Moliyaviy savodxonlik va moliyaviy institutlarga ishonch darajasining pastligi. Jahon banki (Global Findex Database, 2025) maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha oʻrta xisobdan 79% katta yoshli insonlar bank hisobvaraqlariga ega, oʻzbekistonliklar oʻrtasida esa bu koʻrsatkich atigi 60%ni tashkil etadi. Bunda Oʻzbekistonning koʻrsatkichlari Nigeriya (63%), Tanzaniya (60%) va Kamerun (61%) kabi mamlakatlar darajasida. Vaholanki, bu koʻrsatkich qoʻshni Qozogʻistonda 87 foizga, Qirgʻizistonda 72 foizga yetadi. Bir qator Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Niderlandiya, Daniya, Avstriya, Islandiya, Irlandiya va Fransiyada deyarli toʻliq qamrovga erishilgan, yaʼni koʻrsatkich 99-100% ni tashkil etadi[10].
Bank hisobvaragʻi tushunchasi banklarda rasmiy ochilgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan hisobvaraqlarning barcha shakllarini, shu jumladan naqd pulsiz operatsiyalar amalga oshiriladigan plastik kartalarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Markaziy banki OTB bilan hamkorlikda oʻtkazgan boshqa tadqiqotga koʻra, bank hisobvaraqlari egalarining atigi 7 foizi ulardan jamgʻarmalar uchun foydalanadi, 47 foizi esa moliyaviy ilovalarni parollar bilan himoya qilmaydi, janubiy hududlarda esa koʻpchilik hatto bank kartasi yoʻqolgan taqdirda qanday harakat qilishni bilmaydi[11]. Bilim va raqamli koʻnikmalarning past darajasi, ayniqsa qishloq joylarda, naqd pulsiz vositalar va rasmiy moliyaviy xizmatlardan foydalanishni cheklaydi.
Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyot koʻlamini kamaytirish boʻyicha tavsiyalar
Yashirin iqtisodiyot koʻlamini kamaytirish institutsional, soliq-moliyaviy, raqamli va taʼlim choralarini birlashtirgan holda kompleks yondashuvni talab qiladi, shu munosabat bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan quyidagilar taklif etiladi:
Birinchidan, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha Milliy strategiyani qabul qilish va amalga oshirishni jadallashtirish, chunki ushbu masala Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasining 2025-yildagi maslahatlashuvlar yakunlari boʻyicha yakuniy bayonotida alohida taʼkidlangan[12]. Muammoning xalqaro miqyosda tilga olinishi uning nafaqat ichki rivojlanish, balki Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotidagi mavqeini mustahkamlash uchun ham strategik ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlaydi. Strategiya doirasida kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yashirin iqtisodiyot koʻlamini qisqartirish, soliq-byudjet siyosati samaradorligini oshirish va barqaror oʻsish uchun sharoit yaratadi.
Ikkinchidan, Polsha amaliyotidagi kabi kontaktsiz toʻlovlar (Tap to Pay) texnologiyasini dastaklovchi milliy mobil ilovani joriy etish imkoniyatini koʻrib chiqish tavsiya etiladi.
Bunday tizim tadbirkorlarga barcha turdagi naqd pulsiz toʻlovlarni – bank kartalari va raqamli hamyonlarni POS-terminallardan foydalanmasdan, faqat NFC modulli smartfon orqali qabul qilish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, bozorlar va xizmat koʻrsatish sohalarida kichik biznes xarajatlarini kamaytiradi.
Polshada har qanday darajadagi tadbirkorlar eService tom ilovasi orqali mobil telefonda Tap to Pay yordamida kontaktsiz toʻlovlarni xavfsiz va qulay qabul qilishlari mumkin. Funksiya kredit va debet kartalari, Apple Pay va boshqa raqamli hamyonlarni dastaklaydi, toʻlov esa NFC orqali amalga oshiriladi – uning uchun mijoz plastik kartani sotuvchining telefoniga yaqinlashtirishining oʻzi kifoya. Zarur hollarda Tap to Pay PIN koddan foydalanish imkonini ham beradi. Ushbu texnologiya sotuvchilarga har qanday, ayniqsa mobil (harakatdagi) biznesni – taksi haydovchilari, restoranlar, hunarmandlar va boshqa tadbirkorlarga – samaraliroq boshqarishga yordam beradi[13].
Bundan tashqari, hisob-kitoblar elektron cheklarni avtomatik shakllantirish bilan QR-kodlar orqali amalga oshiriladigan WeChat Pay raqamli ekotizimini joriy etish boʻyicha Xitoy tajribasini oʻrganish maqsadga muvofiqdir. Bunday model toʻlovlarning shaffofligi, qulayligi va xavfsizligini taʼminlaydi, shuningdek, naqd pulsiz iqtisodiyotni rivojlantirish va aholining moliyaviy inklyuziyasini tezlashtiradi.
Xitoyda WeChat Pay xizmati orqali doʻkonlardagi xaridlar va restoran hisoblaridan tortib, kommunal toʻlovlar, tibbiy xizmatlar va sayohatlarni bron qilishgacha boʻlgan tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish mumkin. Koʻpgina foydalanuvchilar katta miqdordagi mablagʻlarni raqamli hamyonlarida saqlaydilar va QR-kodlarni skanerlashdan asosiy toʻlov usuli sifatida foydalanadilar[14].
Uchinchidan, fermerlar, ulgurji bozorlar va tovar birjalarini birlashtirgan Hindiston tajribasidan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi uchun yagona elektron platforma yaratishni koʻrib chiqish lozim. Bu shaffof va raqobatli narx-navo shakllanishini, ishlab chiqaruvchilarning majburiy roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi va yashirin sxemalar xavfini kamaytiradi. Elektron savdo fermerlarga mahsulotni toʻgʻridan-toʻgʻri, vositachilarsiz sotish, daromadlarni oshirish va norasmiy amaliyotlarni kamaytirish imkonini beradi.
Hindistonda 2016-yilda ishga tushirilgan elektron Milliy qishloq xoʻjaligi bozori (e-NAM) 1 522 ta bozor (mandis), 267 719 ta treyder va 17,9 million fermerni birlashtirdi. Tizim onlayn savdolar va bitimlarning shaffofligini taʼminlaydi. Masalan, Mahakaushal Progressive Farmers (Madxya-Pradesh) kompaniyasi vositachilarni chiqarib tashlash orqali fermerlar daromadini har sentner uchun 1-2 dollarga, Girimala Farmers Producer Company (Gujarat) esa 2,7 dollarga oshirdi[15].
Toʻrtinchidan, moliyaviy savodxonlikni maktab dasturlariga singdirish maqsadga muvofiqdir. Shaxsiy moliyani oʻyin va interfaol usullar (geymifikatsiya) yordamida oʻrgatish yoshlikdan byudjetni boshqarish koʻnikmalarini shakllantirish imkonini beradi.
Shuningdek, ayniqsa bank xizmatlaridan foydalanish darajasi past boʻlgan qishloq joylarda kattalar uchun moliyaviy savodxonlikni oʻrgatish boʻyicha tajriba-sinov dasturlarini joriy etish imkoniyatlarini oʻrganish.
AQSHda shtatlarning yarmidan koʻpi majburiy moliyaviy savodxonlik kurslarini joriy etgan. 16 ta shtatda bu kurs diplom olishning majburiy sharti hisoblanadi, 11 ta shtatda esa u iqtisodiyot dasturlariga integratsiyalashgan[16]. NEFE va AmeriSpeak (2022) soʻrovlariga koʻra, kattalarning 88 foizi majburiy moliyaviy taʼlimni qoʻllab-quvvatlaydi va 80 foizi uni oʻzlari oʻtashni xohlaydi. Dastur mazmuniga kelsak, kattalar shaxsiy moliyaning eng muhim mavzulari sifatida quyidagilarni koʻrsatdilar: xarajatlar va byudjetni tuzish – 75%, kreditlarni boshqarish – 55%, jamgʻarmalar – 49% va daromad olish – 47%[17].
Beshinchidan, Avstriya misolida soliq maʼmuriyatchiligida sunʼiy intellect imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Sunʼiy intellekt va mashinali oʻrganishni qoʻllash katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, qoidabuzarliklarni aniqlash va real vaqt rejimida xavflarni baholash imkonini beradi.
Avstriyada Moliya vazirligi huzuridagi Bashoratli tahlil kompetensiyasi markazi (PACC) 34 million ishni tahlil qilish uchun sunʼiy intellektdan foydalangan, bu esa 375 mingta ehtimoliy qoidabuzarlikni aniqlash va 2023-yilda qoʻshimcha 185 million yevro soliq tushumlarini jalb qilish imkonini bergan[18].
Oʻzbekistonda shunga oʻxshash texnologiyalarni joriy etish shaffoflikni oshirish, soliq organlarining tahliliy funksiyasini kuchaytirish va yashirin sxemalar rivojlanishining oldini olish imkonini beradi.
Shu bilan birga, soliq maʼmuriyatchiligida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va tahliliy tizimlardan foydalanishning huquqiy kafolatlarini yaratish muhim ahamiyatga ega.
Oltinchidan, soliq maʼmuriyatchiligi shaffofligini oshirish maqsadida soliq organlari xodimlarining xatti-harakatlarini kuzatishning elektron mexanizmini, shu jumladan barcha korxonalarga bajarilgan tashriflarni raqamli shaklda qayd etishning elektron mexanizmini joriy etish tavsiya etiladi. Bu biznesga oʻzboshimchalik bilan bosim oʻtkazishni istisno qilib tadbirkorlarning ishonchini oshirish imkonini beradi.
Taklif etilgan chora-tadbirlarning kompleks qoʻllanilishi Oʻzbekistonga raqamlashtirish, shaffoflik va ishonchga asoslangan iqtisodiy boshqaruvning yangi modeliga oʻtish imkonini beradi. Naqd pulsiz hisob-kitoblarga oʻtish, moliyaviy inklyuziyani kengaytirish va soliq sohasida intellektual texnologiyalardan foydalanish yashirin iqtisodiyot ulushini barqaror pasaytirish va umuman milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun sharoit yaratadi.
[2] https://president.uz/ru/lists/view/8376
[3] https://lex.uz/docs/4849605
[4] https://t.me/Press_Secretary_Uz/3263
[5] https://documents1.worldbank.org/curated/en/099050625064564692/pdf/P180243-fb284e50-52db-47a6-a10f-0d4e7eb45419.pdf
[6] https://www.gazeta.uz/ru/2024/01/16/shadow-economy/
[7] https://cbu.uz/upload/iblock/406/fl4gg8zihctt0oxwldof05xwufgr46gy/Sorovnoma-natijasi-_2025-y.-iyun_.pdf
[8] https://cbu.uz/upload/iblock/a52/92o5pmh1cjordv18gupuuf0etcrk00er/03_SHarkh_nakd-pul-2024-g.-rus2.pdf
[9] https://openknowledge.worldbank.org/entities/publication/ac342894-d147-5e69-bc7a-3193c55a8957?utm_source=chatgpt.com
[10] https://www.worldbank.org/en/publication/globalfindex
[11] https://cbu.uz/upload/iblock/0ea/i206h1ebm6zlfe4po48bqb29wf8ycha8/O_zbekistonda_moliyaviy_ommaboplik_DARAJASINI_baholash_Osiyo_taraqqiyot.pdf
[12] https://www.imf.org/ru/News/Articles/2025/04/23/mcs-042325-uzbekistan-staff-concluding-statement-of-the-2025-article-iv-mission
[13] https://www.eservice.pl/en/aktualnosci/eservice-umozliwia-korzystanie-z-tap-to-pay-na-iphonie-w-polsce
[14] https://www.umssocial.com/umsblog/2025/06/17/wechat-chinas-super-app/
[15] https://ibef.org/blogs/enam-india-s-nationwide-electronic-trading-portal
[16]https://excelined.org/2025/03/04/financial-literacy-education-in-the-united-states-landscape-analysis-and-next-steps/#:~:text=Student%20Access%20and%20High%20School%20Graduation%20Requirements&text=Public%20support%20for%20these%20policies,course%20for%20high%20school%20students
[17] https://www.nefe.org/news/2022/04/financial-education-mandates.aspx
[18] https://www.bmf.gv.at/en/press/press-releases/2024--New/August-2024/BMF-generated-around-EUR-185-million-in-tax-income-from-AI-in-2023-.html