• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

INSON HUQUQLARI SOHASIDA XALQARO HUQUQ BOʻYICHA “QISHKI MAKTAB” TRENINGI BOʻLIB OʻTDI

Toshkent shahrida inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquq boʻyicha “Qishki maktab” treningi boʻlib oʻtdi. Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi (IHOKB mintaqaviy boʻlimi) va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi (XHQ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy normalar va standartlarni milliy amaliyotga joriy etish masalalariga bagʻishlangan mazkur anjumanda BMT shartnomaviy organlarining faoliyati va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Besh kunlik trening kun tartibiga koʻra, inson huquqlari sohasidagi asosiy universal xalqaro shartnomalarni oʻrganish, shuningdek, BMT shartnomaviy organlari hujjatlarining qoidalarini tushuntirish masalalari muhokama qilindi.

Treninglarda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Odil Sudlov akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari va bola huquqlari boʻyicha vakili, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oʻzbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun xalqaro huquq manbalari va tamoyillari, BMTning inson huquqlarini himoya qilish tizimi, erkinlik huquqlari, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, yetarli uy-joyga ega boʻlish huquqi, taʼlim olish huquqi, ayollar huquqlari, Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya va boshqalar boʻyicha nazariy va amaliy sessiyalar tashkil etildi.

Tadbir ochilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash borasida keng qamrovli chora-tadbirlar va islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Taʼkidlanganidek, xalqaro huquq sohasidagi hamkorlik boʻyicha mamlakatimiz jahon maydonida faollashmoqda. Ilk marotaba Oʻzbekiston vakili BMTning Inson huquqlari qoʻmitasiga (IHK) 2025-2028-yillarga saylandi. Shuningdek, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon BMTning asosiy Konvensiyalari imzolandi.

“Qishki maktab”ga trenerlar sifatida BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi sobiq aʼzosi Mikiko Otani, BMTning Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi Markus Shefer, BMT IHOKB Inson huquqlari boʻyicha markazi maslahatchisi Omer Fisher, XHQ Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha dasturi direktori Temur Shokirov ishtirok etdi. Xorijiy ekspertlar BMTning ayollar, bolalar va nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari himoyasini taʼminlash boʻyicha shartnomaviy organlari faoliyatiga oid xalqaro tajriba bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, Yaponiya va Shveysariyada inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha tajriba haqida maʼlumot berildi.

“Qishki maktab” yakunlarini sarhisob qilish, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari orqali gender, bolalarni himoya qilish va nogironlik sohasidagi xalqaro standartlarni implementatsiya qilishni kuchaytirish masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro ekspertlar muhokamasi oʻtkazildi.

Munozara davomida xalqaro ekspertlar tomonidan “Qishki maktab” treninglari natijalari sarhisob qilindi, shuningdek, xotin-qizlar, bolalar va nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi jahon tendensiyalari koʻrib chiqildi.

Xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari oʻz chiqishlarida Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish masalalari boʻyicha barqaror muloqotni shakllantirish va qoʻllab-quvvatlashda mintaqada yetakchi oʻrinlardan birini egallab kelayotganini alohida taʼkidladilar.

Oʻzbekiston tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarning bajarilishi uning inson huquqlari sohasidagi universal xalqaro standartlarga sodiqligidan dalolat berishi taʼkidlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati