• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TA’LIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISH: “O‘ZBЕKISTON – 2030” STRATЕGIYASI LOYIHASI MUHOKAMASI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida o‘tkazilgan “Ta’lim tizimini takomillashtirish: maqsad va vazifalar” mavzusidagi matbuot anjumani takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi mas’ullari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov olib borgan tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ularning natijalari, hozirgi kunda uni takomillashtirish zarurati, bu borada olib borilayotgan ishlar, keyingi besh yillikda ko‘zlanayotgan marralar haqida so‘z bordi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi bandligini ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish hamda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Bu borada 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining o‘rta muddatga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, maqsadlari hamda ularga erishish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilab berdi. Bunda, barqaror iqtisodiy o‘sish, yangicha ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.

Biroq, bugungi kunda jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi tebranishlar, sanoat va texnologiyalarning keskin rivojlanishi, energiya bozorlaridagi transformatsiya, global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi O‘zbekistondan ham yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi, unda belgilangan vazifalarning yangilanishi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligida muhim ahamiyat kasb etishi hamda loyihaning muhokamasida keng jamoatchilikning faol ishtiroki belgilanayotgan vazifalarning yanada mukammal va xalqchil bo‘lishini ta’minlashiga e’tibor qaratdi.

Tadbirda ishtirok etgan vazirlik va idoralar vakillari takomillashayotgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida ko‘rsatilgan, o‘z yo‘nalishlariga taalluqli vazifalar hamda belgilangan ko‘rsatkichlar haqida tushuntirish berdilar.

Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ta’lim tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha amalga orilishi ko‘zda tutilayotgan vazifalar xususida ma’lumot berdi. Xususan, Strategiyaning takomillashtirilayotgan loyihasida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya gigiyena infratuzilmasi bilan 100 foiz ta’minlash, ta’lim tashkilotlariga har yili 600 nafar “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ulushini 100 foizga yetkazish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar va olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tayyorlangan kadrlar ulushini 17 foizga yetkazish vazifalariga erishish yo‘larini tahlil qilib berdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament rahbari Abdusamad Mamanazarov Strategiya loyihasida belgilanayotgan maqsadli ko‘rsatkichlarni tahlil qildi. Jumladan, o‘rta maxsus ta’lim va oliy ta’lim tizimida yangi uslublarni joriy etish orqali ta’lim samaradorligini oshirish yo‘nalishida kasbiy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va moddiy-texnika bazasini takomillashtirish ko‘rsatkichini 70 foizga yetkazish,14 ta hududiy ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini va “Kasblar shaharchasi”ni tashkil etish, bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish va 1-3 yil davomida mutaxassisligi bo‘yicha ishlash ko‘rsatkichini 70 foizga yetkazish, oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlarini 200 taga yetkazish, davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladigan fundamental tadqiqot loyihalari sonini 400 taga yetkazish, ilm-fan sohasiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larni yalpi ichki mahsulotning 1 foiz miqdorigacha oshirish kabi nazarda tutilgan ko‘rsatkichlar o‘zining naqadar katta ahamiyat kasb etishini tushuntirdi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati