• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XALQARO YURISTLAR KOMISSIYASI BILAN HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

Jenevaga tashrif doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillarining Xalqaro yuristlar komissiyasi (International Commission of Jurists — ICJ) Bosh kotibi Santyago A. Kanton hamda tashkilotning huquqiy va siyosiy masalalar bo‘yicha katta direktori Yan Zayderman bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va sud-huquq islohotlari, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda ushbu yo‘nalishlarda xalqaro ekspertlik hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


Xalqaro yuristlar komissiyasi vakillariga mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar doirasida belgilangan prinsip va normalarni amaliyotga tatbiq etish, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari faoliyatida inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvini takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsad va vazifalar taqdim etildi.

Muloqotda sud-huquq tizimini izchil takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sud qarorlarining sifati va barqarorligini oshirish yo‘nalishlaridagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Ma’muriy sudlarning fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarini davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligidan himoya qilishdagi o‘rni ham muhokamaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ma’muriy sudlov tizimini yanada takomillashtirish davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuvda 2026-yil 14-avgustda qabul qilingan “Odil sudlov — 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari haqida ham ma’lumot berildi.

Tomonlar islohotlarning amaliy natijadorligini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda xalqaro ekspertlar bilan tizimli muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, ICJ bilan mavjud hamkorlik, jumladan, SHIELD loyihasi doirasida BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari qarorlari va maxsus protseduralari tavsiyalarini milliy darajada samarali amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ICJ bilan hamkorlikni aniq amaliy tashabbuslar asosida rivojlantirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.

Birinchidan, “Odil sudlov — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha doimiy ekspertlik muloqoti mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Ushbu format doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, ICJ hamda O‘zbekistonning tegishli institutlari ishtirokida strategiya ijrosini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba nuqtayi nazaridan muntazam muhokama qilish ko‘zda tutilmoqda. Bunda sud mustaqilligi, odil sudlovga erishish, ma’muriy sudlov, sud nazorati, raqamli odil sudlov va inson huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha qo‘shma ekspertlik tavsiyalarini ishlab chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Ikkinchidan, sudyalar, advokatlar hamda davlat organlarining yuridik xizmatlari uchun xalqaro inson huquqlari standartlarini amaliyotda qo‘llashga qaratilgan maxsus dastur tashkil etish taklif qilindi. Dastur doirasida xalqaro shartnomalar, BMT shartnomaviy organlarining huquqiy pozitsiyalari va xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotida qo‘llash masalalarini aniq sud ishlari, qiyosiy huquqiy amaliyot va model sud jarayonlari asosida o‘rganish nazarda tutiladi.

Uchinchidan, O‘zbekistonda inson huquqlari va odil sudlov sohasidagi islohotlarga bag‘ishlangan yillik ekspertlar muloqotini Jenevada tashkil etish tashabbusi bildirildi. Mazkur platformaga BMT tuzilmalari, xalqaro huquqshunoslar, sudyalar, akademik doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etish, “O‘zbekiston — 2030” hamda “Odil sudlov — 2030” strategiyalari doirasida erishilgan natijalarni taqdim etish va keyingi bosqichlar bo‘yicha xalqaro ekspertlarning amaliy tavsiyalarini olish ko‘zda tutiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va sud-huquq islohotlari yo‘nalishidagi ekspertlik muloqotini davom ettirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni amaliy loyihalar va tashabbuslar bilan boyitishdan manfaatdor ekanini bildirdilar.

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi
Matbuot xizmati