• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
3 yillik sarhisob va 2020-yilgi rejalar muhokamasi
6374 | 14 Fev. 2020 y.


Joriy yilning 14-fevral kuni «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura va «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: Harakatlar Strategiyasining 3 yillik samarasi va 2020-yilga belgilangan ustuvor vazifalar» mavzusida xalqaro forum tashkil etildi.

Xalqaro forumda davlat boshqaruvi organlari, NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari, yoshlar, ekspertlar, mutaxassislar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Forumni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi Ijrochi direktori Eldor Tulyakov ochib berdi. U o‘z kirish so‘zida O‘zbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan jadal taraqqiy etayotgan, iqtisodiyotda barqaror o‘sish sur'atlariga erishayotgan, eng asosiysi, aholining hayot darajasi izchil yuksalayotgan mamlakat sifatida e'tirof etilayotganini qayd etdi.

 



“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov:

“Harakatlar strategiyasi” bugungi globallashuv sharoitida jahonda tub o‘zgarishlar kechayotgan murakkab bir vaziyatda, O‘zbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yo‘nalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga mo‘ljallangan muhim milliy strategik hujjatidir. Mazkur hujjat, mana to‘rtinchi yildirki, mamlakatda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, inson huquq va manfaatlarini ta'minlash va himoyalash, eng asosiysi, xalqni rozi qilish va aholining farovon turmushini ta'minlash yo‘lida ustuvor ahamiyat kasb etib kelmoqda.
 

 


“Mintaqaviy muloqot” filialining O‘zbekistondagi rahbari Petra Goryup:

“Taraqqiyot strategiyasi” markazini tashkil etilgan kuni munosabati bilan tabriklayman. “Mintaqaviy muloqot” Markaz ish boshlagan ilk kunlardanoq hamkorlikni rivojlantirgan xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda tashkilotning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning umumiy sa'y-harakatlariga qo‘shgan hissasini juda yaxshi bilamiz. Biz bugungi kunda intilayotganimizdek, jamoatchilik muhokamalari barchani birlashtirmoqda va ular tashabbus hamda muammolarni hal etish choralarini izlashi uchun maydonga ega.

Forum davomida Harakatlar strategiyasi doirasidagi eng yorqin islohotlar haqidagi videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tayyorlangan «Harakatlar Strategiyasi bilan 3 yil: kutilgan natijalar, yuqori samaradorlik va yuksak marralar» nomli risolaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
 

 


 

Ta'kidlandiki, ushbu qo‘llanmada Davlat dasturlari ijrosining tahlili, qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlar batafsil aks ettirilgan.

Xalqaro forum o‘z ishini Harakatlar strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishi kesimida davom ettirdi. Ma'ruzchilar o‘z taqdimotlarida tegishli vazirlik, idora va davlat organlari tizimida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berishdi.

Xususan, Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov hozirda “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida” Kodeks loyihasi ishlab chiqilayotgani va bu hujjat orqali ko‘plab qonun va qonunosti hujjatlari yaxlit holga keltirilishi, bu bilan esa tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklar bartaraf etilishini qayd etdi. Bundan tashqari, tez orada kodeks loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ham ta'kidladi.

 



Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev:

Harakatlar strategiyasi doirasida prokuratura organlari jiddiy cheklandi. O'tgan 3 yilda 1910 ta oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, ularning 566 tasi prokuratura protestlari bilan bo‘ldi. Bu jamiyatdagi o‘zgarishlarning yorqin dalilidir. Prokuratura organlari Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida 2020-yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida 28 ta tadbirni amalga oshirishni rejalashtirgan. Albatta, bular xalq manfaatini ta'minlashga xizmat qiladi.

 

 



Advokatlar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Sodiqov:

2020-yil 1-apreldan boshlab shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan shaxs ushlanganda uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a'zolariga, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyat yuklanadi. 2020-yil 1-iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qo‘llash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.

 



O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘z so‘zida o‘qituvchi maqomini oshirish va ta'lim sifatini ko‘tarish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

“O‘qituvchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 1,5 barobarga oshdi, o‘qituvchilar kasbga taalluqli bo‘lmagan ishlardan ozod qilindi. O‘qituvchilarning hisobotlari 7 tadan 3 taga kamaytirildi. O‘zavtosanoat kompaniyasi tomonidan 4 306 nafar o‘qituvchilar uchun avtokredit berildi. Oliy ma'lumotli o‘qituvchilar ulushi 88 foizga yetdi. 5 057 nafar bitiruvchilar oltin va kumush medallar bilan taqdirlandi. 4 788 nafar maktab direktorlari menejerlik kurslarida o‘qitildi”, - dedi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, tadbirda qayd etilishicha sarhisobi yuritilayotgan so‘nggi 3 yillikda Parlament va siyosiy partiyalarning roli yanada kuchaytirildi. Oliy Majlis palatalari faoliyatida eng muhim o‘zgarish ‒ bu Parlament, shuningdek, deputat va senatorlarning faqat kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bilan cheklanmasdan, bevosita joylarga borib, xalqning turmush darajasidan xabar olish, uni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda ishtirok etishlari bo‘ldi. Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, har ikki palatada Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo'mitalar tashkil etildi. Qolaversa, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini aniqlash va hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, 2018-yilda 37 turdagi davlat xizmatlarini ko'rsatgan bo'lsa, 2019-yilga kelib ularning soni 130 taga yetdi.

Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishida Oliy sud faoliyati takomillashtirildi, iqtisodiy va ma'muriy sudlar tashkil etildi. Barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlarining aholi oldida muntazam hisobot berish tizimi joriy etildi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishida valyuta bozori liberallashtirilmoqda, bojxona to‘lovlari stavkalari ikki baravarga kamaytirildi. Yangi soliq konsepsiyasi amaliyotga joriy etildi va izchil soliq islohotlari amalga oshirildi. Soliq turlari 13 tadan 9 tagacha qisqartirildi va jismoniy shaxslarning daromadlariga olinadigan soliq stavkasi 12 foiz etib belgilandi.


Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatning turistik salohiyati sezilarli darajada oshgani alohida ta'kidlandi. Qayd etilishicha, 2019-yilda 6,7 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va bu 2016-yilga nisbatan 4,7 mlnga ko‘p. Talim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha ta'lim qamrovi 52 foizga yetgan. 2019-yilda 4 ta Prezident maktabi va 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. OTMga qabul jami 146 ming 500 nafarga yetdi.

Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishida O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘z pozitsiyasini bildirish imkoniyati kengaydi. 2018-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining maxsus “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiya nafaqat BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani, balki Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit'alarning 50 dan ziyod mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilindi.

Xalqaro forum ochiq muloqot ruhida o‘tkazilib, har bir ma'ruzadan so‘ng qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Anjuman davomida xorijiy va mahalliy ekspertlar o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashishdi.


BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska:

Anjumanda ishtirok etayotganimni juda mamnunman. O‘zbekiston va Markaz uchun yuqori ahamiyatga ega bo‘lgan bayram bilan tabriklayman. Eng avvalo, mazkur baxs-munozara maydoni yaratilganini, biz eshitmoqchi bo‘lgan ochiqlik, tavsiyalar olish va xalqaro standartlarga amal qilish jarayonini qadrlashimni aytmoqchiman. Prezident ta'kidlaganidek, Harakatlar strategiyasi muhimligining asosiy sabablaridan biri nafaqat iqtisodiy islohotlarga alohida e'tiborni qaratish, balki hukumat, sud-huquq va adolat, korrupsiyaga qarshi kurash kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish orqali iqtisodiy barqarorlikka erishish bo‘lgan.

Forum yakunida «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 3 yillik monitoring, tahlil va Davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha keng jamoatchilikni xabardor etish bo‘yicha faoliyati haqida tayyorlangan rolik namoyish etildi. Unda qayd etilishicha, Markaz dunyodagi ko‘p yillik tajribaga ega va o‘z safida kuchli mutaxassislarni jamlagan aql markazlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirmoqda. 3 yil ichida imzolangan memorandumlar soni esa 58 tani tashkil etdi, shundan 18 tasi, aynan 2019-yilga to‘g‘ri kelmoqda.

Anjuman so‘ngida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga doir yakuniy hulosalar bildirilib, asosiy e'tibor xalqaro va mahalliy ekspertlarning o'zaro fikr almashishiga qaratildi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati


3
Похожие новости