• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
BARQAROR IQTISODIY O‘SISH: TAHDIDLAR VA IMKONIYATLAR
6029 | 19 Mar. 2025 y.

Jamshid Sharipov “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i
Ramzidin Nuridinov “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi
 

2025 yil yanvar oyida Jahon iqtisodiy forumi turli mamlakatlardan akademik doiralar, biznes, hukumat, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillarining 900 dan ortiq ekspertlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalarini o‘z ichiga olgan navbatdagi Global xavflar hisobotini (Global Risks Report 2025) e’lon qildi. Hisobotda “global xavf” - jahon iqtisodiyotiga, demografik vaziyatga yoki tabiiy resurslarga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hodisa yoki omil sifatida belgilangan.

Tadqiqotda “global xavflar” beshta toifaga ajratilgan: iqtisodiy (inflyatsiya, qarz inqirozi, ishsizlik, resurslar taqchilligi), ekologik (global isish, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari), texnologik (kiberhujumlar, texnologik nosozliklar, ma’lumotlar maxfiyligining yo‘qolishi), ijtimoiy (daromadlar tengsizligi, demografik o‘zgarishlar, migratsiya inqirozlari), geosiyosiy (savdo urushlari, harbiy mojarolar, siyosiy beqarorlik).

Global Risks Report 2025 ma’lumotlariga ko‘ra, qisqa muddatli istiqbolda global xavflar dunyo miqyosida jiddiylik darajasiga ko‘ra quyidagi tartibda joylashgan: yolg‘on axborot, ekstremal ob-havo hodisalari, qurolli to‘qnashuvlar, ijtimoiy tabaqalanish va kiberjosuslik.

Jahon iqtisodiy forum ekspertlarining fikriga ko‘ra, mazkur xavf-xatarlar kuzatilayotgan bir paytda O‘zbekiston agrar sohasi va tabiiy resurslar eksportiga bog‘liq mamlakat sifatida, iqtisodiy o‘sish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi va o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashishi lozim. Mazkur tahliliy materialda joriy holat, asosiy muammolar hamda Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarining fikriga ko‘ra, mamlakatdagi mavjud to‘siqlarni yengib o‘tish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar keltiriladi.

 

Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash muammolari va chaqiriqlari

Ko‘plab mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston uchun global noaniqlik sharoitida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Keng ko‘lamli islohotlar, infratuzilmani modernizatsiya qilish va investitsiyalarni jalb qilish orqali 2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti ijobiy dinamikani namoyon etishda davom etdi. Xususan, kambag‘allik darajasi 8,9 foizga va inflyatsiya 9,8 foizga kamaydi, yalpi ichki mahsulotning hajmi 6,5 foizga, va eksportning 8,3 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Bunday yutuqlarga erishilganligiga qaramay, Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarining fikricha, O‘zbekiston beshta asosiy xavf-xatarga duch kelishi mumkin. Global Risks Report 2025 hisobotida mamlakatning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan asosiy tahdidlar qatorida suv va energiya resurslari taqchilligi, havo, suv va tuproqning ifloslanishi, davlat qarzining o‘sishi, shuningdek, ishchi kuchi va mutaxassislarning yetishmasligi qayd etilgan.

Global Risk Report 2025 hisobotida 122 mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston bo‘yicha asosiy xavflar Executive Opinion Survey so‘rovnomasi natijalari asosida aniqlangan[1].

 
 Qisqa muddatli istiqbolda jiddiylik darajasi bo‘yicha saralangan 5 ta global xavf

Dunyoda

O‘zbekistonda

1. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya)

1. Suv yetishmasligi

2. Ekstremal ob-havo hodisalari

2. Energiya ta’minoti taqchilligi

3. Qurolli mojaro

3. Ifloslanish (havo, suv, tuproq)

4. Ijtimoiy tabaqalanish

4. Davlat qarzi

5. Kiberjosuslik va harbiy harakatlar

5. Ishchi kuchi va mutaxassislarning yetishmasligi

Quyida Jahon iqtisodiy forumi tadqiqotlari bo‘yicha aniqlangan va O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har bir xavfning tahlili keltirilgan.   

Suv va energiya resurslari taqchilligi (1-2-xavf). O‘zbekiston quruq iqlimga ega bo‘lgan mamlakat bo‘lib, suv resurslari yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu nafaqat tabiiy sharoitlar bilan, balki qishloq xo‘jaligida suvdan samarasiz foydalanish bilan ham bog‘liq, chunki qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi suv resurslarining taxminan 90 foizini iste’mol qiladi. Masalan, 1 gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kub metr suv kerak bo‘lsa, iqlimi va tuprog‘i o‘xshash mamlakatlarda 2-3 barobar kam suv talab qilinadi. Shuningdek, mamlakat irrigatsiya infratuzilmasi eskirganligi sababli suvning 36 foizini yo‘qotadi[1]. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi muammoni yanada kuchaytirishi mumkin: ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga borib, mintaqaning suv ta’minoti 20-25 foizga qisqarishi mumkin.

Bundan tashqari, aholi va sanoatning o‘sishi energetika tizimiga yuklamani oshiradi, bu esa elektr energiyasi tanqisligiga olib keladi. 2023 yilda elektr energiyasi taqchilligi 5 foizni tashkil etib, bir qator hududlarda vaqti-vaqti bilan uzilishlarga sabab bo‘ldi[2].

Havo, suv va tuproqning ifloslanishi (3-xavf). Jahon iqtisodiy forumining tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yirik shaharlarda havoning ifloslanishi, tuproq degradatsiyasi va suv resurslarining ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Bu sanoatning jadal rivojlanishi, eskirgan texnologiyalardan foydalanish va ekologik standartlarga rioya qilinmasligi bilan bog‘liq.

Ushbu xulosalar IQAir portali ma’lumotlari bilan ham tasdiqlanadi, unga ko‘ra Toshkentda PM2.5 konsentratsiyasi JSST tavsiya etgan me’yordan 13,4 baravar yuqori. PM2,5 havo ifloslanishining asosiy manbalari bu isitish sektori (28%), transport (16%) va sanoat (13%) hisoblanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, bu holat aholi salomatligiga ham, iqtisodiy xarajatlarning oshishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin[3].

Jahon banki ekspertlarining fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib, 8 mln.ga yaqin aholi ekologik muammolardan aziyat chekishi va xavf yuqori bo‘lgan hududlarda yashashi mumkin, agar uzoq muddatda hech qanday chora ko‘rilmasa, mamlakat yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishining 10 birlikini yo‘qotishi mumkin[4].

Davlat qarzi (4-xavf). O‘zbekistonda davlat qarzining o‘sishi Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarida xavotir uyg‘otmoqda. Garchi mamlakat infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun tashqi qarzlarni faol jalb qilayotgan bo‘lsa ham global iqtisodiy beqarorlik sharoitida qarz yuki oshishini keltirib chiqarishi mumkin.   

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatiga davlat qarzi 34,9 mlrd. dollarni yoki YAIMning 34,4 foizini tashkil etdi, bu esa Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘rta daromadli mamlakatlar uchun belgilangan 55 foizlik chegaraviy qiymatga yaqin[5]. Shu bilan birga, Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarining fikriga ko‘ra, qarzning asosiy qismi tashqi qarzlarga to‘g‘ri kelishi, mamlakatni xalqaro bozorlarda valyuta kurslarining va foiz stavkalarining o‘zgarishi oldida zaiflashtiradi.

Ishchi kuchi va yuqori malakali mutaxassislarning yetishmasligi (5-xavf). O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston IT, muhandislik va yashil energetika kabi yuqori texnologiyali sohalarda malakali kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda. Bu ta’lim tizimining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi bilan izohlanadi: ya’ni o‘quv dasturlari ish beruvchilarning ehtiyojlariga yo‘naltirilmaganligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda OTMni tamomlagan yosh mutaxassislarning 59 foizi (yoki 126 ming nafari) o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xaligacha ishga joylasha olmagan[6]. Bu ma’lumotlar vazirning faoliyati yakunlarini eshitish chog‘ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida e’lon qilindi. Bunga sabab, Jahon bankining “O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash” hisobotida ta’kidlanganidek, ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarning 69 foizi tajriba va zarur ko‘nikmalarga ega emasligi sababli ishga tayyor emasligidir[7].

Keltirilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, muvofiqlashtirilgan va strategik jihatdan puxta o‘ylangan harakatlar iqtisodiyotni sezilarli darajada yaxshilash va aholi turmush sifatini oshirishga qodir.

Jahon iqtisodiy forumi tadqiqotlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan muammolarni hal qilish uchun kompleks yondashuv, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va o‘xshash muammolar va xavf-xatarlarni yengib o‘tish uchun muvaffaqiyatli xorijiy tajribalarni moslashtirish zarur, xususan:

  1. Suv va energiya resurslari taqchilligi muammosining yechimi.

Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarining fikriga ko‘ra, suv inqirozi va elektr energiyasi taqchilligidan chiqish yo‘li "yashil taraqqiyot" hisoblanadi.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ekspertlari eng ilg‘or xorijiy tajribalarga tayangan holda suv va energiya resurslari taqchilligini yumshatish bo‘yicha quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalishda chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

  1. Qishloq xo‘jaligida tomchilab va diskret sug‘orish, oqova suvlardan qayta foydalanish kabi zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish. Bu borada Isroil tajribasini o‘rganish zarur.

Isroil tomchilatib sug‘orish, dengiz suvini chuchuklashtirish va oqova suvlarni qayta ishlashning ilg‘or texnologiyalari tufayli suv tanqisligi muammosini sezilarli darajada yumshata oldi. Natijada, Isroilda oqova suvlarning qariyb 90 foizi qayta ishlanadi va qishloq xo‘jaligida foydalaniladi, bu esa o‘rtacha 40 foiz suvni tejash imkonini beradi[8].

  1. Irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni qattiq nazoratga olish. Ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlash uchun shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarini joriy etish zarur.
  2. Muqobil energetikani, shu jumladan quyosh va shamol elektr stansiyalarini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish (Xitoy va Germaniya misolida). Xitoy va Germaniya qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTЕM) rivojlanishini strategik davlat boshqaruvi, keng ko‘lamli investitsiyalar va texnologik innovatsiyalar tufayli erishdi.

Xitoyda "Made in China 2025" rejasi mahalliy quyosh panellari va shamol generatorlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishni rag‘batlantiradi. 2023 yilda Xitoyda quyosh energiyasi quvvati 609,49 GVt ga, shamol energiyasi esa 441,34 GVt ga yetdi[9]. 2023 yilda Xitoyning qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiyalari 546 mlrd. dollarni tashkil etdi [10].

Germaniya 2000 yillardan boshlab ko‘mir va atom energiyasidan voz kechishga qaratilgan Energiewende (energetik burilish) siyosatini olib bormoqda. Germaniyaning Energiewende strategiyasi QTЕM ishlab chiqarishning sezilarli o‘sishiga olib keldi. 2023 yilda quyosh va shamol elektr stansiyalari Germaniyada ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 56 foizini tashkil etdi. Mamlakat 2050 yilga kelib issiqxona gazlari chiqindilarini 1990 yilga nisbatan 80-95 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda. 21 asr o‘rtalariga kelib, u shamol va quyosh energiyasi kabi qayta tiklanadigan manbalardan 60 foiz energiya olishni ham rejalashtirmoqda[11].

Shuningdek, Germaniyada "Qayta tiklanadigan energiya manbalari to‘g‘risida"gi qonuni (EEG) joriy etilgan bo‘lib, unda markazlashmagan energiya ishlab chiqaradigan va uni umumiy tarmoqqa yetkazib beradigan ishlab chiqaruvchilar uchun tarif tarkibidan qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatish amaliyoti ko‘zda tutildi. EEG ning asosiy maqsadi ishlab chiqaruvchilar uchun iqtisodiy jihatdan jozibador bo‘lgan "yashil" energiyaga sarmoya kiritishni rag‘batlantirishdir[12].  

  1.  Elektr energiyasini taqsimlashda yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish uchun "aqlli tarmoqlar" (Smart Grid) ni joriy etish. Aqlli tarmoqlar - bu elektr energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilishni optimallashtirish uchun raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va avtomatlashtirishdan foydalanadigan zamonaviy elektr tarmoqlaridir. Ular qayta tiklanadigan energiya manbalarini (quyosh, shamol va boshqalar) birlashtirish, real vaqt rejimida elektr energiyasiga bo‘lgan talabni boshqarish, shuningdek, uzatish va taqsimlashda energiya yo‘qotishlarini kamaytirish imkonini beradi.

Xitoy qayta tiklanuvchi energiya manbalarini birlashtirish hamda quyosh va shamol ko‘p bo‘lgan g‘arbiy mintaqalardan sharqiy sanoat markazlariga energiyani uzatish uchun “Smart Grid”larni faol barpo etmoqda[13].

  1. Atrof muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish  

Shvetsiyaning muvaffaqiyatli tajribasiga asoslanib, O‘zbekistonda ekologiyani ifloslantiruvchi yirik korxonalar uchun CO₂ emissiyasiga soliq joriy etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish.  

Shvetsiyada karbonat angidrid emissiyasi uchun "yashil soliq" joriy etilishi korxonalarni ekologik toza texnologiyalarga o‘tishiga turtki bo‘ldi. Buning natijasida Shvetsiya 1990 yilga nisbatan issiqxona gazlari chiqindilarini 27 foizga kamaytirishga erishdi[14].

Bunday soliqning joriy etilishi atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va “yashil” texnologiyalarni ilgari surish orqali barqaror rivojlanishga erishishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

  1. Davlat qarzini boshqarish

1. Davlat qarzining yuqori darajasi YAIMning 70 foizidan oshish xavfiga uchragan Kanada tajribasidan kelib chiqib, samarali budjet choralarini joriy etish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, maqsadsiz xarajatlarni qisqartirish.   

Kanada hukumati davlat qarzining yuqori darajasi muammosini hal qilish uchun ortiqcha davlat xarajatlarini kamaytirish va daromadlarni oshirishga qaratilgan keng qamrovli budjet islohotlarini amalga oshirdi. Islohotlarning asosiy elementlaridan biri tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, bu iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim rol o‘ynadi[15].

2. Janubiy Koreya amaliyotiga o‘xshash fiskal qoidalar tizimini joriy etish, ya’ni davlat qarzlari hajmini samarali cheklash. Bunday tizim moliyaviy intizom va barqarorlikni saqlashga yordam beradi, davlat qarzi darajasi ustidan nazoratni ta’minlaydi va uning haddan tashqari o‘sishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Janubiy Koreya fiskal qoidalar tizimini joriy etish natijasida davlat qarzini yalpi ichki mahsulotning qariyb 40 foiz darajasida saqlab qolishga erishdi [16].

Janubiy Koreya amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday fiskal qoidalarni qo‘llash milliy iqtisodiyotning barqarorligiga, makroiqtisodiy barqarorlikni yaxshilashga va investorlarning ishonchini mustahkamlashga yordam beradi.  

  1. Malakali mutaxassislar yetishmasligi muammosining yechimi

1. Germaniyaning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib "Dual ta’lim" dasturini joriy etish.

Germaniyada ushbu dastur doirasida talabalar bir vaqtning o‘zida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish bilan birga, OTMlar bilan hamkorlik shartnomalari tuzgan korxonalarda amaliyot o‘taydilar, ya’ni talabalar o‘qishning birinchi kunidan boshlab nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiradilar.

Ushbu yondashuv nafaqat nazariy bilimlarni o‘zlashtirishga yordam beradi, balki haqiqiy biznes muhitida muhim amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishga, shuningdek, bakalavr yoki magistr darajasini to‘liq kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish orqali olish imkonini beradi[17].

2. O‘zbekistonda Singapurning SkillsFuture modeliga o‘xshash qo‘shimcha ta’lim va xodimlarni qayta tayyorlashni moliyalashtirish dasturini joriy etish.

Singapurning SkillsFuture tashabbusi xodimlarning malakasini oshirish va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini yaxshilashga qaratilgan. Bunday yondashuv tufayli Singapurda bitiruvchilarning 70 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan so‘ng darhol ishga joylashadi[18].

3. Fuqarolarning tajriba almashishi va malakasini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar tuzish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish, bunda xorijdagi yetakchi zavodlar va yirik kompaniyalarda stajirovka o‘tash, keyinchalik olingan bilim va ko‘nikmalarni qo‘llash uchun vatanga qaytish nazarda tutiladi.

Hindiston 2017 yilda Yaponiya bilan ko‘nikmalarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan.

Rivojlanayotgan mamlakatlarni ish joyida o‘qitish orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha (On-the-Job Training) Yaponiyada ishga tushirilgan Texnik stajirovka dasturi (TITP) doirasida Hindiston fuqarolari Yaponiyada uch yildan besh yilgacha stajirovka o‘tab, Hindistonga qaytib olgan bilim va ko‘nikmalarini qo‘llashadi[19].

 

[8] https://blogs.timesofisrael.com/water-technology-and-agriculture-sustaining-israels-development/

[9] https://www.enerdata.net/publications/daily-energy-news/chinas-solar-power-capacity-soared-55-2023-and-wind-capacity-21.html#:~:text=China’s%20National%20Energy%20Administration%20(NEA),1.8%25%20to%20above%20421%20GW

[10] https://about.bnef.com/blog/global-low-carbon-energy-technology-investment-surges-past-1-trillion-for-the-first-time/

[11] https://www.wartsila.com/insights/article/energiewende-germanys-quest-to-achieve-a-100-percent-renewable-energy-future#:~:text=Germany’s%20Energiewende%20(the%20energy%20transition),and%20solar%20power%20by%20mid-century

[12] https://www.wind-energie.de/english/policy/rea/

[13] https://energycentral.com/news/smart-grids-boost-digitalization-efforts-stable-energy-supply

[14] https://taxfoundation.org/research/all/eu/sweden-carbon-tax-revenue-greenhouse-gas-emissions/

[15] https://globalfinancialdata.com/paying-off-government-debt#:~:text=Unlike%20Australia%2C%20Canada%20kept%20its,to%20over%206%25%20of%20GDP

[16] https://english.moef.go.kr/pc/selectTbPressCenterDtl.do?boardCd=N0001&seq=4993

[17] https://www.mygermanuniversity.com/articles/dual-study-programs-in-germany

[18] https://www.moe.gov.sg/news/parliamentary-replies/20201005-measuring-skillsfuture-and-employment-outcomes

[19] https://nsdcindia.org/home-titp

 


3
Похожие новости