• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON DELEGATSIYASI XII XALQARO OSIYO KONGRESSIDA ISHTIROK ETDI

2025-yilning 21–22-may kunlari Polshaning Torun shahrida boʻlib oʻtgan XII Xalqaro Osiyo kongressida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro tadbir Polsha Tashqi ishlar vazirligi, “Marshalek-Xolding” kompaniyasi, Nikolay Kopernik nomidagi Torun universiteti, Varshava universiteti huzuridagi Siyosatshunoslik instituti, “Polsha–Sharq hamkorligi jamiyati”, Polsha integratsiya va hamkorlik jamiyati, Kuyavsko-Pomor voyevodaligi va Torun shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Kongressdan koʻzlangan asosiy maqsad – Yevropa va Osiyo mamlakatlari oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish, dolzarb masalalar yuzasidan fikr va tajriba almashish, hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan aniq takliflarni ishlab chiqishga xizmat qiluvchi ekspertlik maydonini yaratishdan iborat.

Xalqaro tadbirda Yevropa va Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, Polsha universitetlari rektorlari, tahlil markazlarining tadqiqotchi-ekspertlari, ommaviy axborot vositalari hamda biznes hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

XII Xalqaro Osiyo kongressining plenar yigʻilishida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov va Oʻzbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi Elchisi A.Agzamxodjayevlar oʻz taqdimotlari bilan qatnashishdi.

Jumladan, E.Tulyakov “Oʻzbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati” mavzusida taqdimot qilib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, mamlakatdagi yangi imkoniyatlar va polshalik hamkorlar uchun istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari haqida atroflicha soʻz yuritdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning iqtisodiyotni liberallashtirish orqali shaffoflik, samaradorlik va strategik boshqaruv tamoyillariga asoslangan keng koʻlamli islohotlar yoʻlidan borayotgani alohida eʼtirof etildi.

Taʼkidlandiki, hozirda xizmat koʻrsatish va sanoat tarmoqlari YIMning 70 foizdan ziyodini tashkil etmoqda, bu esa iqtisodiyotning diversifikatsiyalashuvini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston tashqi savdo munosabatlarini kengaytirib, Yevropa Ittifoqidan GSP+ maqomi olinganidan soʻng, Yevropa mamlakatlariga eksport hajmi 3,6 barobarga oshib, 2024-yilda 1,7 milliard dollarga yetdi. Mazkur maqomning 2027-yilgacha uzaytirilishi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 1000 dan ortiq yevropa kompaniyalari, jumladan, 610 ta toʻliq Yevropa kapitaliga ega korxonalar faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda Yevropa Ittifoqidan jalb etilgan investitsiya va kreditlar 4,1 milliard dollarni tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan 77 foizga oshdi. Jami investitsiyaviy portfel 30 milliard yevrodan oshdi.

Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ham jadal surʼatlar bilan rivojlanib bormoqda. 2024-yilda oʻzaro savdo hajmi uch barobarga oshib, 382 million dollarga yetdi.

Madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakatni tobora bir-birga yaqinlashtirmoqda. Xususan, “Polshada taʼlim” dasturi doirasida 2100 nafar oʻzbekistonlik talaba Polsha oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Polshaga aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilganidan soʻng ushbu mamlakatdan sayyohlarning Oʻzbekistonga tashrifi 7 barobarga oshdi.

XII Xalqaro Osiyo kongressi doirasida, shuningdek, “Oʻzbekiston kuni” tashkil etildi. Unda mamlakatimizning milliy va madaniy boyliklari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati