• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
OʻZBEKISTONNING INVESTITSION SALOHIYATI: CHAQIRIQLAR VA OʻSISH ISTIQBOLLARI
42 | Bugun.

Jamshid SHARIPOV,
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi boʻlim boshligʻi

 

Investitsiyalarni jalb qilish barqaror iqtisodiy oʻsish, iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy omillaridan biridir. “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida nafaqat investitsiyalar hajmini, balki ularning sifatini oshirish, shuningdek, xususiy sektorning unumdorligini, bandlik va aholi daromadlari oʻsishiga qoʻshadigan hissasini kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi.

2017-yildan buyon Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, biznes muhitini yaxshilash va investitsiya faoliyatini faollashtirishga qaratilgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar dasturi amalga oshirilmoqda. Koʻrilgan chora-tadbirlar makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga, ham ichki, ham xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga imkon berdi.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi 2017-yildagi 72,2 milliard AQSH dollaridan 2024-yilda 121,4 milliard AQSH dollariga yetkazilib, oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 6-7 foiz darajasida taʼminlandi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2 228 AQSH dollaridan 3 265 AQSH dollarigacha oʻsdi, inflyatsiya darajasi 14,4 foizdan 9,8 foizgacha pasaydi, Davlat byudjeti daromadlari 49,7 trln soʻmdan 274,4 trln soʻmgacha, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi esa 72,2 trln soʻmdan 493,7 trln soʻmgacha oshdi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) “Roadmap for Sustainable Investment Policy Reforms in Uzbekistan” (“Oʻzbekistonda barqaror investitsiya siyosatini isloh qilish boʻyicha yoʻl xaritasi”) nomli navbatdagi hisobotida taʼkidlanishicha, hozirgi bosqichda investitsiyalar sifati va ularning samaradorligi, shuningdek, iqtisodiyotning investitsiya oqimlarini tadbirkorlik va xususiy sektorni barqaror rivojlantirishga transformatsiya qilish qobiliyati masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, IHTT hisoboti joriy investitsion vaziyatni baholash, tizimli cheklovlarni aniqlash va Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash boʻyicha siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirishga qaratilgan.

1. Investitsiyalar dinamikasi tahlili

IHTT hisobotida qayd etilishicha, 2017-yilda keng koʻlamli islohotlar boshlanganidan soʻng Oʻzbekistonda investitsiya muhiti sharoitlari sezilarli darajada yaxshilandi, jumladan, valyuta rejimi liberallashtirildi va huquqiy baza yangilandi. Ushbu chora-tadbirlar investorlarning qiziqishini oshirishga va iqtisodiy rivojlanish uchun yanada qulay muhit yaratishga yordam berdi.

Hajmi 2017-yildagi 3,3 milliard AQSH dollaridan 2024-yilda 35 milliard AQSH dollarigacha oshgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TXI) dinamikasi tahlili iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishda TXIning roli ortib borayotganini tasdiqlaydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning barqaror oʻsishiga qaramay, ularning tarkibi yuqori darajada konsentratsiyalashgan boʻlib qolmoqda, investitsiyalarning katta qismi birlamchi tarmoqlarda toʻplangan boʻlib, bu energetika va resurs talab qiladigan tarmoqlarga xosdir.

IHTTning taʼkidlashicha, Oʻzbekistondagi xorijiy kompaniyalar, odatda, mahalliy firmalarga nisbatan yuqori mehnat unumdorligi va ish haqi darajasi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, texnologiyalar, boshqaruv amaliyotlari va kasbiy koʻnikmalarni milliy iqtisodiyotga tarqatishning taʼsiri cheklanganligicha qolmoqda. Tadbirkorlik sektori, ayniqsa, kichik va oʻrta korxonalar qoʻshilgan qiymat zanjirlariga hali ham zaif integratsiyalashgan va investitsiya jarayonlariga yetarli darajada jalb qilinmagan.

2. Investitsion faollikni cheklovchi omillar

Ochiqroq va investitsiyaga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni shakllantirishda erishilgan yutuqlarga qaramay, IHTT hisobotida taʼkidlanishicha, hozirgi bosqichda Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash bir qator tizimli omillar bilan cheklanmoqda. Ushbu muammolar asosan institutsional va tarkibiy xususiyatga ega boʻlib, iqtisodiyotning investitsiya oqimlarini tadbirkorlik, unumdorlik va aholi daromadlarining barqaror oʻsishiga aylantirish qobiliyatini cheklaydi.

2.1. Tartibga solishning tarqoqligi va oldindan baholash imkoniyatlarining cheklanganligi

IHTTning taʼkidlashicha, islohotlarning jadal surʼatlari ortiqcha norma ijodkorligiga, qonunchilikning tez-tez oʻzgarishiga va qonunosti hujjatlarga tayanish amaliyotining kengayishiga olib keldi. Bu tartibga solish muhitida noaniqlikni yuzaga keltiradi, investorlar va tadbirkorlar, ayniqsa kichik va oʻrta korxonalar hamda xorijiy kompaniyalar uchun tranzaksiya xarajatlari ortishiga sabab boʻladi.

Idoralar oʻrtasidagi muvofiqlikning yetarli emasligi va davlat organlarining bir-biriga mos kelmaydigan vakolatlari investitsiya siyosatini amalga oshirishni qiyinlashtiradi va uning samaradorligini pasaytiradi.

2.2. Cheklangan raqobat va iqtisodiyotda davlat rolining ustuvorligi

Iqtisodiyotning bir qator muhim tarmoqlarida davlat korxonalarining ustunligini IHTT muhim muammo deb ataydi. Moliya, yer va investitsiyaviy ragʻbatlardan foydalanishda imtiyozlarning mavjudligi raqobat muhitini buzadi va xususiy sektorning investitsiyaviy faollikni kengaytirishga boʻlgan ragʻbatini pasaytiradi. Noteng raqobat sharoitlari saqlanib qolgan sharoitda, tadbirkorlik va xususiy investitsiyalar salohiyati toʻliq ishga solinmay qolmoqda.

2.3. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar sifati va diversifikatsiyasining cheklanganligi

Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshgan boʻlsa-da, IHTT ularning kapital talab qiladigan tarmoqlarda, birinchi navbatda, energetikada yuqori konsentratsiyasini qayd etadi. Investitsiyalarning iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, eksportni rivojlantirish va umumiy ishlab chiqarish omillarini oshirishga qoʻshadigan hissasi cheklanganligicha qolmoqda.

Texnologiyalar va boshqaruv amaliyotlarining milliy kompaniyalarga tarqalishi taʼsiri kichik va oʻrta biznes korxonalarining qoʻshilgan qiymat zanjirlariga zaif integratsiyasi va ularning kompetensiyalari yetarli darajada emasligi bilan cheklanmoqda.

2.4. Investitsiyaviy ragʻbatlarning barqaror rivojlanish ustuvorliklari bilan muvofiqlashtirilmaganligi

IHTTning baholashicha, Oʻzbekistonda investitsion va soliq ragʻbatlantirish tizimi yuqori diskretsionlik, daromad imtiyozlarining ustunligi va yetarlicha shaffof emasligi bilan ajralib turadi. Ragʻbatlar samaradorligini muntazam baholamaslik ularning tadbirkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, iqtisodiyotni yashil va raqamli oʻzgartirish maqsadlariga erishishga qoʻshadigan hissasini cheklaydi.

3. Investitsion jozibadorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari

Aniqlangan muammolarni hisobga olgan holda, IHTT investitsiyalar sifatini oshirish va ularning tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirishga qoʻshadigan hissasini kuchaytirish imkonini beradigan bir qator ustuvor siyosat yoʻnalishlarini shakllantirmoqda.

3.1. Tartibga solish va institutsional muvofiqlik sifatini oshirish

IHTT asosiy eʼtiborni qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlar sonidan ularni amalga oshirish sifati va tartibga solish barqarorligiga qaratishni tavsiya etadi.

IHTT maʼlumotlariga koʻra, asosiy chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:

  • investitsiya qonunchiligining barqarorligini taʼminlash;
  • investitsiyalarning asosiy masalalari boʻyicha ikkilamchi tartibga solishdan foydalanishni cheklash;
  • tartibga solish taʼsirini baholash amaliyotini kuchaytirish;
  • idoralararo muvofiqlashtirish va institutsional barqarorlikni mustahkamlash.

3.2. Teng raqobat sharoitlarini shakllantirish va davlat sektorini isloh qilish

Xususiy investitsiyalar salohiyatini ochib berish uchun quyidagilar zarurligi taʼkidlanadi:

  • strategik ahamiyatga ega boʻlmagan davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish;
  • davlat korxonalari uchun imtiyozlarni bekor qilish;
  • monopoliyaga qarshi organning mustaqilligi va vakolatlarini mustahkamlash;
  • davlat sektorida korporativ boshqaruvning shaffofligi va sifatini oshirish.

3.3. “Sifatli” investitsiyalarni jalb qilish strategiyasiga oʻtish

IHTT toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmidan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va eksportni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli investitsiyalarni jalb qilish strategiyasiga oʻtishni tavsiya qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, quyidagilar ustuvor vazifalar hisoblanadi:

  • investorlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirish (aftercare);
  • kichik va oʻrta biznes subyektlarining qoʻshilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini qoʻllab-quvvatlash;
  • investitsiya siyosatini koʻnikmalar va mehnat bozorini rivojlantirish vazifalari bilan bogʻlash.

3.4. Investitsiyaviy ragʻbatlantirishni isloh qilish va barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiqlashtirish

Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash samaradorligini oshirish maqsadida IHTT quyidagilarni tavsiya etadi:

  • daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlardan texnologiya, innovatsiya va inson kapitaliga yoʻnaltirilgan investitsion xarajatlarni ragʻbatlantirishga bosqichma-bosqich oʻtish;
  • ragʻbatlantirish tizimining shaffofligini oshirish va soliq xarajatlarini muntazam baholashni joriy etish;
  • investitsiya siyosatini “yashil” va raqamli rivojlanish kun tartibi bilan muvofiqlashtirish.

IHTT xulosalariga koʻra, Oʻzbekistonning investitsiya muhiti sezilarli oʻsish istiqbollariga ega. Biroq, ularni amalga oshirish ekstensiv investitsion oʻsishdan raqobat, tadbirkorlikni rivojlantirish va samarali institutlarga asoslangan sifatli investitsion modelga izchil oʻtishni talab qiladi.


0
Похожие новости